» » Shayxontohur tumanidagi sayyor qabulda fuqaroning o‘z uyi yonida avtomobillar turargohini tashkil etish taklifi qanoatlantirildi

Shayxontohur tumanidagi sayyor qabulda fuqaroning o‘z uyi yonida avtomobillar turargohini tashkil etish taklifi qanoatlantirildi


Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 27-mart kuni tashkil etilgan sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga tuman aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari, Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov, Shayxontohur tumani hokimi, shahar prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, sud idoralari rahbarlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

— Fuqarolarning murojaatlari tahlili asosida qaysi sohalarda yechimini kutayotgan muammolar borligi ayon bo‘lmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi rahbari Mirzohid Obidov. — Har hafta yakuni bo‘yicha Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda bu muammolar chuqur tahlil etilib, ularni hal etish masalasiga e’tibor kuchaytirilmoqda. Prezidentning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga shu kunga qadar aholidan 2 ming 300 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Biz ularni qonun asosida hal etish bilan birga, bu muammolarni yuzaga keltirayotgan sabablari ham o‘rganyapmiz. Aholining huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini ham olib boryapmiz. Bugungi ochiq muloqotda turli sohalar mutaxassislari tomonidan odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb mavzular yuzasidan aholiga tushuntirishlar ham berib o‘tilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

— Prezidentimizning xalq bilan mana shunday ochiq va oshkora muloqot tizimini yo‘lga qo‘ygani yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi, — deydi So‘najon Mavlonova. — Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Toshkent shahar prokurori bilan ukamning boshiga tushgan muammo yuzasidan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim. Firibgarlar qo‘ygan tuzoq tufayli u boridan ajralib, o‘zi nogiron bo‘lib qolgan. Bu masalani qonun asosida hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishadigan bo‘lishdi. Bundan minnatdorman.

Shayxontohur tumani Zulfiyaxonim ko‘chasi 10-uyda yashovchi Fotima Ahmedova o‘z uyi atrofini obodonlashtirish, avtomobillar turargohini tashkil etish masalasida kelgan ekan. Uning asosli taklifi tuman obodonlashtirish xizmati xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. F.Ahmedova bir necha yildan buyon hal bo‘lmasdan kelayotgan bu ish shu yerning o‘zida qanoatlantirilganidan mamnun.

Tumanning Gulobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nargiza Qodirova bolalikdan nogiron. O‘zi yurishga qiynalsa-da, qo‘lida hunari bo‘lgan bu ayol uyda bekor o‘tirishni istamay, o‘ziga ma’qul ish qidirayotgan ekan. Uning murojaatini eshitgan Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimlari, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari unga munosib ish topib beradigan bo‘ldi.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Malika Rahimova o‘z biznesini kengaytirish maqsadida muloqotga kelgan ekan. Uning dala-do‘kon ochishga oid taklifi tuman rahbarlari tomonidan qo‘llab-quuvatlanib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.

Опубликовано: admin (29-03-2017, 09:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 96) ( 0) ( 95) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют