» » Shavkat Mirziyoyev aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Tizim tubdan isloh qilinadi

Shavkat Mirziyoyev aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Tizim tubdan isloh qilinadi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr, payshanba kuni aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat aholisini, ayniqsa 11 mingdan ziyod qishloqlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash o‘ta dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan ushbu tadbirda davlat rahbari ta’kidlaganidek, oxirgi 2 yilda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard so‘m ajratildi. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablag‘dan 2 baravar ko‘p demakdir.

Shunga qaramasdan, mamlakatda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 68 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich, jumladan, Qoraqalpog‘istonda 52 foiz, Buxoroda 53, Qashqadaryo va Surxondaryoda 54, Xorazmda 56 foizga yetgan, xolos.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Toshkent shahrida suv ta’minoti korxonalari rentabelligi 7 foiz, Andijon va Qashqadaryoda 6, Navoiyda 3 foizni tashkil etadi.

27 ming kilometr yoki 38 foiz suv tarmoqlari avariya holatida bo‘lsa, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. O‘zbekiston shaharlarining faqat 79 tasida (57 foiz) kanalizatsiya tizimi mavjud, uning ham 23 foizi ta’mirga muhtoj.

Yig‘ilishda, shuningdek, bugungi kunda ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlarining 85 foizida hisobga olish tizimi mavjud emasligi ham tanqid qilindi.

Jami 3 million 280 ming suv iste’molchisidan atigi 44 foiziga, ya’ni 1 million 425 ming xonadonga hisoblagich o‘rnatilgani sohada ishlar sustkashlik bilan amalga oshirilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, qishloqlarda ko‘plab egasiz suv inshootlari mavjud (birgina Bo‘ka tumanida, masalan, 60 dan ortiq shunday obyektlar bor).

Davlat rahbari bu va bunga o‘xshash muammolarni hal etish uchun sohada olib borilayotgan ishlarni keskin jadallashtirish lozimligini ta’kidladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga qadar suv ta’minotini shaharlarda 98, qishloqlarda 85 foizga, kanalizatsiya tizimini 31 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 4,5 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi.

Bunday ulkan maqsadlarga erishish uchun esa hozirdanoq muhim vazifalarni hal etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalo, tariflarni erkin bozor talablari asosida belgilash va sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish kerak. Qolaversa, toza ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlari hamda iste’molchilarni 2022-yil oxiriga qadar 100 foiz hisoblagichlar bilan ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Shu maqsadda Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga 2020-yil 1-yanvardan tariflarni xizmatlar tannarxini to‘liq qoplash va modernizatsiya xarajatlarini hisobga olgan holda belgilash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, olis va tog‘li hududlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy qilinishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, tajriba tariqasida suv va kanalizatsiya tizimini tadbirkorlarga davlat-xususiy sherikchilik asosida berish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan soha rahbarlari axborot berdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-09-2019, 20:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 64) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют