» » Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev: “Arzon bo‘lgani uchun suvni ko‘p ishlatyapmiz va isrof qilyapmiz”

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev: “Arzon bo‘lgani uchun suvni ko‘p ishlatyapmiz va isrof qilyapmiz”


Qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti xizmatlari uchun 2022-yildan boshlab to‘lov tizimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda 14-sentabr, shanba kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan uchrashuvda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Mavzuga doir: Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev: Fermerlarga yer berish huquqi hokimlardan olib qo‘yiladi

Vazir Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, arzon bo‘lgani uchun suv keragidan ortiq ishlatilmoqda va hatto isrof qilinmoqda.

“Arzon bo‘lgani uchun suvni ko‘p ishlatyapmiz va isrof qilmoqdamiz. Shuning uchun strategiyada ijtimoiy jihatlarga, oziq-ovqat xavfsizligiga, shuningdek, ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning umumiy maydonini suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olishni 2018-yildagi 5 foizdan 2030-yilda 40 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda yaqin vaqt ichida 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish hamda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan”, — dedi vazir.

Strategiyaga muvofiq 2021-yilda sug‘orish va melioratsiya sohasida ilk davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Sug‘orish infratuzilmasi qisman klasterlar, kooperativlar va birlashgan ishlab chiqaruvchilarning boshqa shakllariga boshqaruvga beriladi.

Qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti xizmatlari uchun 2022-yildan boshlab to‘lov tizimi joriy etilishi mumkinligi yuzasidan Jamshid Xo‘jayev shunday dedi:

“Suvning yo‘qotilishini kamaytirishdan manfaatdor bo‘lish fermerlarni sug‘orish tizimining samaradorligi va mahsuldorligini oshirishga xizmat qiladigan infratuzilmani bunyod etishiga ta’sir qiladi hamda bu maqsadlar uchun davlat budjeti xarajatlarini qisqartiradi. Hozirda suv qadri juda tushib ketgan, bu esa ko‘pincha suv iste’moli masalalariga loqaydlarcha munosabatda bo‘lishga, suvning haddan tashqari ko‘p sarflanishiga olib kelmokda. Natijada sho‘rlanish, tuproq minerallashuvi, uning qisman yoki to‘liq buzilishi kabi ko‘plab muammolar kelib chiqmoqda. Boz ustiga, quruq iqlim va suv resurslari cheklangan bizning sharoitda bunday bema’ni yondashuvlar nimaga olib kelishi mumkinligi haqida oldindan o‘ylash muhim”, — dedi qishloq xo‘jaligi vaziri.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida yerosti suvlaridan foydalanuvchilarning yagona davlat statistika hisobotlarini yuritish zarurligi qayd etilgan bo‘lib, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar va xaridorlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. Tuproqning sho‘rlanish darajasini kuzatib borish uchun vertikal va yerosti meliorativ texnologiyalari va tizimlarini joriy etishning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Jahon resurslar institutining ma’lum qilishicha, 2040-yilga borib O‘zbekiston suv tanqisligi yuqori bo‘lgan 33 mamlakat qatoridan joy oladi. Shu bois mamlakatda mavjud irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yangilarini qurish zarurati tug‘ilmoqda. O‘zbekistondagi sug‘orish tarmoqlarining 70 foizi antifiltratsion qoplamaga ega emas va buning natijasida yetkazib berish bosqichida suvning bir qismi yo‘qolmoqda. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini sug‘orish suvi bilan ta’minlashdagi yo‘qotishlar 40 foizga baholanmoqda.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-09-2019, 21:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 100) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют