» » Qamashida qariyb 7 ming aholi koriga yarayotgan ko‘prik qulash arafasida. Qishloq ahli “qamal”da qolganidan shikoyat qilmoqda

Qamashida qariyb 7 ming aholi koriga yarayotgan ko‘prik qulash arafasida. Qishloq ahli “qamal”da qolganidan shikoyat qilmoqda


Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Qo‘shkapa qishlog‘ida joylashgan ko‘priklardan biri qulash arafasiga kelgani bois ko‘prikdan o‘tib-qaytuvchi avtomobillar harakati to‘xtagani, qishloq aholisi esa bir oydan beri “qamal”da qolgani haqida xabar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining qo‘shimcha qilishicha, aholiga yordam berishga oshiqayotgan tez yordam avtomobillari ham ko‘prikdan o‘tolmay qiynalayotgan ekan.

“Daryo” muxbiri voqea joyida bo‘lib, holatni o‘rgandi.

— Ko‘prik siljib, o‘tib-qaytuvchi aholi uchun xavfli holatga kelganiga 20 kun bo‘ldi, — deydi Qo‘shkapa qishlog‘ida yashovchi Ilhom Do‘stqobilov. — O‘tgan vaqt davomida bir nechta rahbar kelib vaziyatni o‘rganib ketdi. Ammo amaliy natija yo‘q.

Bahriddin Salomatovning ma’lum qilishicha, mazkur ko‘prikdan har kuni minglab aholi qatori maktab o‘quvchilari ham qatnaydi.

— Shu ko‘prikdan o‘tgan joyda — Qo‘shkapa mahallasida yashayman, —  deydi Nizomiddin Isayev. — Har kuni shu ko‘prikdan o‘tib ishga qatnayman. O‘zim-ku, mayli. Ammo har kuni qulash arafasiga kelgan ko‘prikdan o‘tib qaytayotgan farzandimdan qo‘rqaman. “Nima bo‘ldi ekan, tinchmikin?” degan o‘y-xayol xavotirga soladi.

Aniqlanishicha, mazkur ko‘prik Yuqori Chim qishlog‘ida joylashgan Qo‘shkapa qishlog‘i va mahallasini ajratib turadi. Birgina Qo‘shkapa mahallasida 6950 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 285 nafar o‘quvchini bag‘riga olgan 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabi joylashgan bo‘lib, ko‘prikning bu tomoni — Qo‘shkapa qishlog‘idan maktabga qatnovchi o‘quvchilar jami o‘quvchilar sonining 60 foizini tashkil etadi.

Qamashi tuman hokimi o‘rinbosari Qurbon Haydarovning ma’lumot berishicha, mazkur ko‘prik ostidagi zovurga Paxtaobod kanalidan suv tushadi va Qashqadaryo daryosiga borib qo‘shiladi.

Mahalliy aholining aytishicha, ko‘prikning siljishiga zovur suvining o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi sabab bo‘lgan.

— Joriy yil bahorda zovurdan 35-40 kub suv keldi, suv sig‘imi, hatto 50 kubgacha yetdi, — deydi mahalliy aholi “Daryo” muxbiri bilan suhbati davomida. — Oqim yo‘nalishini o‘zgartirgani xususida mas’ullarga xabar berdik. Ammo hech kim quloq solmadi. Mana oqibati.

Qishloq ahlining qo‘shimcha qilishicha, zovur suvi o‘z oqimini o‘zgartirganiga bir necha yil bo‘lgan. Aholi o‘sha payt tumanga rahbarlik qilgan Rashid Muhammadiyevga bu haqda ko‘p murojaat qilgan. Bundan bir muddat ilgari zovur suvi yo‘nalishini to‘g‘irlash uchun qurilish tashkilotlaridan biri ta’mirlash ishlarini olib borgan. Ammo sifatsiz bajarilgan ish tez o‘tmay “o‘z so‘zini aytgan”.

— Tuman markaziga borish uchun yoki biror bir yumush bilan ko‘chaga chiqish uchun 4-5 kilometr masofa yayov yurishga to‘g‘ri kelyapti, ayniqsa, bolalarni ko‘tarib chiqqan paytimiz rosa qiynalyapmiz, — deydi Barno Hasanova. — Tezroq mas’ullar e’tibor qaratib, muammoni hal etishsa yaxshi bo‘lardi.

Hudud aholisining ma’lum qilishicha, mazkur ko‘prikdan qatnov cheklanishi oqibatida qishloqqa kirish uchun aylanma yo‘ldan yurishga to‘g‘ri kelmoqda. Aylanma yo‘l esa 10 kilometr ortiqcha masofa degani.

— Eng yomoni, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatuvchi tez tibbiy yordam avtomobillari ham qishloqqa kirishga qiynalmoqda, — deydi aholi vakillari. — Aylanma yo‘ldan 10 kilometr ortiqcha masofa bosish chaqiruvga kelish muddatini uzaytirmoqda.

Ushbu muammoni o‘rganish uchun 16-sentabr kuni voqea joyiga borganimizda hududda viloyat hokimi o‘rinbosari Sirojiddin Azizov, tuman hokimi Sherali Sanayev hamda o‘rinbosarlari muammoni o‘rganayotgan ekan.

Mas’ullarining ma’lumot berishicha, ko‘prik ta’miri uchun qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Qurbon Haydarov ko‘prik ta’miri uchun qurilish tashkiloti jalb qilinganligini, 17-sentabr kuni loyihachilar, undan so‘ng esa quruvchi tashkilot vakillari kelib ish boshlashini ma’lum qilmoqda.

Ko‘prik siljib, aholi uchun xavfli holatga kelib qolganiga 20 kun bo‘lgan bo‘lsa-da, muammoga endigina e’tibor qaratgan mas’ullarning erta-indin ish boshlanishi haqidagi gapiga unchalik ham ishonmadik, to‘g‘risi. Ammo buni vaqt ko‘rsatadi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-09-2019, 09:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 99) ( 0) ( 97) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют