» » Mo‘ynoqda 13 jayronni o‘ldirganlar hayvonot dunyosiga 145 mln so‘m zarar yetkazdi

Mo‘ynoqda 13 jayronni o‘ldirganlar hayvonot dunyosiga 145 mln so‘m zarar yetkazdi


Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘inida 23-sentabr kuni O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan 13 ta jayronni otib o‘ldirib, olib ketayotgan fuqarolar ushlangani haqida xabar berilgan edi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, Taxtako‘pir tumanida yashovchi besh fuqaro qonun talablarining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblangan bu qilmishi bilan hayvonot dunyosiga 145 million so‘m zarar yetkazgan.

Qo‘shimcha qilishlaricha, holat yuzasidan 24-sentabr kuni Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “j” bandi (O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlarini nobud qilgan holda hayvonot dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxslar eng kam oylik ish haqining 400 baravari (89 200 000 so‘m)dan 600 baravari (133 800 000 so‘m)gacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qayd etish joiz, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni uch karra miqdorda, O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvonot hamda o‘simlik dunyosi turlariga nisbatan yetkazilgan zararning o‘rni esa besh karra miqdorda qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Bosh prokuraturadan qo‘shimcha qilishlaricha, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan Akpetkey ko‘llar tizimida o‘tkazilgan reyd vaqtida brakonyerlar ekoinspektorlar mashinasiga o‘q uzgan edi. Keyinroq noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan bu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning bari ushlangan edi.

Shuningdek, 3-avgustda Qoraqalpog‘istoning Taxtako‘pir tumanida uch bosh, 25-avgustga o‘tar kechasi Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida ikki bosh urg‘ochi jayronni ovlagan brakonyerlar qo‘lga olingan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-09-2019, 17:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 61) ( 0) ( 60) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют