» » Toshkentdagi plastik jarrohlik klinikasida 5 kun ichida ikki bemor ayol vafot etdi

Toshkentdagi plastik jarrohlik klinikasida 5 kun ichida ikki bemor ayol vafot etdi


24-avgust kuni Toshkentning Mont Blanc xususiy plastik jarrohlik klinikasida operatsiya qilingan 20 yashar samarqandlik homilador Gulshan Sharifova vafot etdi. Gulshan Mont Blanc shifokorlari xatosi bilan besh kun ichida nobud bo‘lgan ikkinchi mijozdir, deb xabar beradi Fergana News “Ozodlik” radiosi ma’lumotlariga asoslanib.

Ushbu klinika faoliyatidan xabardor mutaxassislar Mont Blanc klinikasidagi o‘limlar yuzasidan hech kim javobgarlikka tortilmagan, ish yopti-yopti qilib yuborilgan demoqda. Klinika o‘limlar ortidan o‘z nomini o‘zgartirgan.

Gulshan Sharifovani operatsiya qilgan vrach Faxriddin Obloqulov aybni anesteziologga to‘nkagan va “yuzlab qilinayotgan tibbiy jarrohlik amaliyotlari davomida organizmi kuchsiz bo‘lgan 1—2 bunday mijozlar o‘limi odatiy holatdir” dedi.

2019-yilning 24-avgustida Toshkentning Bunyodkor shoh ko‘chasida joylashgan Mont Blanc xususiy plastik shifoxonasiga samarqandlik 20 yashar Gulshan Sharifova murojaat qiladi: Gulshanning burnida chiqqan mayda o‘simta uning nafas olishiga xalaqit berib kelgan.

Gulshan Sharifovaning otasi Umid Abdushukurovning “Ozodlik”ka aytishicha, ko‘rinishidan oddiy bo‘lgan va boshqa klinikalarda 500 ming so‘m turadigan bu jarrohlik amaliyotiga u 8 million so‘m pul bergan:

“Do‘xtir 14-avgustda ko‘rib, ‘Bo‘ldi, 20 minutlik operatsiya. Shundoq operatsiya qilamiz — uyingizga olib ketaverasiz!’, dedi. 24-avgust kuni operatsiyaga olib kirishdan oldin do‘xtiriga ham, anesteziologiga ham aytdim — ‘Faqat tekshirib olinglar — allergiyasi bor!’, desam ‘Biz ishimizni bilamiz, xavotir olmang, pulini to‘lang’, deyishdi. 20 minut o‘tmasdan ‘Qizingiz komaga tushib qoldi!’, deb aytishdi”.

Gulshan Sharifovani komadan chiqarishga 2 soat uringan vrachlar, uni Akfa MedLine shifoxonasiga jo‘natadi. Ammo u yerda ham shifokorlar ayolni o‘ziga keltira olmadi.

Umid Abdushukurovning aytishicha, qizi o‘limidan bir necha kun oldin bu klinikada xuddi shu shifokorlar qo‘lida yana bir ayol nobud bo‘lgan:

“Uch kun komada yotgan qizim o‘sha yerda tamom bo‘ldi. Biz tekshirib ko‘rsak, 19-avgust kuni xuddi shunaqa operatsiya paytida 42 yashar ayolni o‘ldirishgan ekan. Prokuratura keldi, jinoyat ishi ochamiz, dedi, faqat ‘Ish ochilsa o‘lik shu yerda qoladi, uni yorib tekshiramiz!’, deyishgandan keyin Samarqandga olib borib ko‘mdik”, — deydi marhumaning otasi.

Jasadning ekpertizaga qoldirilishiga ko‘nmagan yaqinlari shifokorlarga e’tirozi yo‘qligi to‘g‘risida hujjatlarga qo‘l qo‘yib bergan va o‘lim munosabati boshlangan tergovgacha surishtiruv ishi to‘xtatilgan.

Samarqandlik Gulshan va qozog‘istonlik Liliyani jarrohlik amaliyotidan o‘tkazgan jarroh Faxriddin Obloqulov nashr savollariga quyidagicha javob bergan:

“Ha, Sharifova mening mijozim bo‘lgan, faqat operatsiya bo‘lmasdan, narkoz berish paytida nimadir bo‘ldi-yu, operatsiya qilinmasdan, Akfa Medline’ga olib bordik. ‘Tez yordam’ mashinasida. Taxminlarimizga ko‘ra, yo doridan reaksiya berib ‘anafilaktik shok’ yoki yurak tizimidagi fibrillyatsiya, ya’ni qaltirab qolishi oqibatida nobud bo‘ldi. Bu savollarning hammasini anesteziologga berib ko‘rish kerak”.

Shifokor Liliyani ham operatsiya qilganini, u ham o‘lganini tan oldi.

Faxriddin Obloqulovning aytishicha, “yuzlab qilinayotgan tibbiy jarrohlik amaliyotlari davomida organizmi kuchsiz bo‘lgan 1—2 bunday mijozlar o‘limi odatiy holatdir”.

Shifokor Gulshanning otasidan olingan pullar qaytarib berilgani, ammo boshqa hech qanday kompensatsiya berilmaganini ma’lum qildi.

Nashr muxbiri marhumalar Gulshan Sharifova va Liliya Apostolovani anesteziyasi bilan shug‘ullangan vrach-anesteziolog O‘lmas Xolbekovga ham ayni savollar bilan murojaat qilib, undan javob ololmadi.

Mont Blanc xususiy plastik xirurgiyasi klinikasi rasmiy saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlari orqali ulanishning iloji bo‘lmadi.

Shifokor Faxriddin Obloqulovning ma’lum qilishicha, bu hodisa ortidan unga va vrach-anesteziolog O‘lmas Xolbekovga xayfsan e’lon qilinib, ular klinikadan ishdan bo‘shatib yuborilgan.

Xabarda qayd etilishicha, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Gulbahor Nuriddinova Mont Blanc klinikasida bir muddat ishlab, klinika talabga javob bermasligi uchun ishdan bo‘shab ketgan va o‘shandan beri mazkur muassasa faoliyatini taqiqlashni talab qilib keladi.

Gulbahor Nuriddinovaning iddao qilishicha, hozirda “Mukammallik” (ilgari Mont Blanc) nomi bilan tanilgan plastik jarrohlik klinikasi rahbariyati zaruriy tibbiy ma’lumoti yo‘q shifokorlarsiz va zaruriy tibbiyot uskunalarisiz mijozlar hayotini xavf ostida qoldirib operatsiyalar o‘tkazmoqda, shuning uchun ham bir oyning ichida ikki bemor halok bo‘ldi.

Gulbahor Nuriddinovaning fikricha, Gulshan Sharifova va Liliya Apostolovani klinika shifokorlari oldindan reaksiyaga tekshirtirmasdan, normal tibbiy muolaja bermasdan narkoz holatiga kiritishga uringan.

U bu holatlarning oldini olish mumkinligi, ayollar shifokorlar xatosidan vafot etganini ta’kidlagan:

“Negadir prokuratura ikkala o‘lim yuzasidan tekshiruv o‘tkazmadi, hech kim javobgarlikka tortilmadi. Sharifova burniga ukol qilinganidan keyin komaga tushgan, Apostolovaning ham doriga bo‘lgan reaksiyasini hisobga olmasdan komaga tushirib qo‘yishgan. Ikkala holatda ham bitta jarroh va bitta anesteziolog bo‘lgan. Klinika rahbarlari xatti-harakatlari tufayli men avgust oyining o‘zida uch kishi o‘lgan deyapman — keyinroq Gulshan Sharifova homilador ekani aniqlangan. Buni ota-onasi ham bilmagan”.

Gulbahor Nuriddinova plastik jarrohlik amaliyoti vaqtida o‘lgan ikkala ayolning jasadi O‘zbekiston qonun-qoidalariga xilof ravishda sud-tibbiy ekspertizasiz yaqinlariga dafn etishga berib yuborilganidan afsuslandi, deyiladi xabarda.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan plastik jarrohliklar soni uch baravarga oshgan. Toshkentda o‘nga yaqin ixtisoslashtirilgan plastik jarrohlik klinikalari bor, shuningdek, bunday tibbiy markazlar Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyati shaharlarida ham faoliyat yuritadi. Mijozlar ichida talab yuqori bo‘lgan plastik jarrohlik turlari — ko‘z qovoqlari, burun shaklini o‘zgartirish hamda ko‘krakni kattalashtirish hisoblanadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-10-2019, 20:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 67) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют