» » Davlat test markazi Farg‘onadagi maktabda 1-sinf o‘quvchilarining polda dars o‘tayotgani bo‘yicha munosabatini bildirdi

Davlat test markazi Farg‘onadagi maktabda 1-sinf o‘quvchilarining polda dars o‘tayotgani bo‘yicha munosabatini bildirdi


Davlat test markazi “Daryo”da e’lon qilingan “Farg‘onadagi maktabda 1-sinf o‘quvchilariga polda dars o‘tilmoqda. Partalarni DTM olib ketgan” nomli maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.

Markaz tomonidan berilgan raddiyaga ko‘ra, maqolada “Farg‘ona shahridagi 24-sonli umumta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchilari partalari yo‘q sinfda, polda o‘tirib dars o‘tilayotgani”, “Davlat test markazi partalarni olib ketgani sabab bolalar shu ahvolda ta’lim olishga majbur bo‘lmoqda” yoki “partalar Davlat test markaziniki bo‘lganligi sabab maktabdagilar hech nima qila olishmaydi” kabi jamoatchilik fikrini buzishga, o‘zgartirishga qaratilgan iboralarni o‘qish mumkin. Bu amaldagi normativ-huquqiy hujjatlardan umuman bexabar (yoki xabardoru, atayin shunday yo‘l tutgan), bir tomonlama noxolis yoritilgan, haqiqatga zid xulosa qilish uslub va shakllarni yoqtiruvchi jurnalist tomonidan e’lon qilinganligi ko‘rinib turibdi. Agar o‘zini hurmat qilgan jurnalist tahririyatga kelgan xabarni e’lon qilishdan oldin uning haqiqatligiga ishonch hosil qilish uchun jurnalistlik burchini bajarganida yoki Davlat test markazida partalar umuman yo‘qligi, bo‘lmaganligini bilganida yoxud hech bo‘lmasa, Davlat test markaziga bog‘lanib so‘raganida, bunday tuhmat xabar dunyo yuzini ko‘rmasdi.

Haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosarining 2019-yil 26-sentabrdagi yozma ko‘rsatmasiga muvofiq, joriy yilning 3—4-oktabr kunlari Qo‘qon universitetiga kirish test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan.

Shuningdek, ko‘rsatmada Farg‘ona viloyati hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Axborot texnologiyalar va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligiga “Test sinovlari o‘tkaziladigan binolarni yetarli miqdorda bir o‘rinlik stol va stullar, zarur texnika vositalari bilan jihozlash, ota-onalar kutish joylarini tayyorlash, maishiy va tibbiy shart-sharoitlar yaratish hamda nazorat xizmati postlarini tashkil etish ta’minlansin”, kabi vazifalar yuklatilgan, Davlat test markaziga emas. Amaldagi tartib ham shunday.

Davlat test markazi joylarda mahalliy tashkilotlar tomonidan tayyorlangan binolarda test sinovi o‘tkazadi, binolarni parta bilan ta’minlash vazifasi bilan shug‘ullanmaydi. Buni hamma bilish shart, ayniqsa jurnalistlar.

Tahririyatdan: “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga ega.

“Farg‘onadagi maktabda 1-sinf o‘quvchilariga polda dars o‘tilmoqda. Partalarni DTM olib ketgan” nomli xabar fuqaro tomonidan yuborilgan (murojaatchi taqdim etgan elektron ma’lumotlar tahririyatda mavjud) informatsiya asosida tayyorlangan bo‘lib, material tahririyat nuqtai nazari emas.

Davlat test markazi joylarda mahalliy tashkilotlar tomonidan tayyorlangan binolarda test sinovi o‘tkazadi, binolarni parta bilan ta’minlash vazifasi bilan shug‘ullanmasligini muxbir bilib oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun eng katta xavf kadrlarning saviyasi, bilimi, ilmi va fidoyiligida ko‘rishini ma’lum qilgan bir paytda o‘quvchilarning o‘ta og‘ir holatda dars o‘tayotgani “Daryo” muxbirini taajjublantirgan va tez fursatda vaziyatni o‘nglash uchun ishga kirishgan. Uning niyati Davlat test markazi yoki boshqa mutasaddilarni ayblash emas, aksincha, ertamiz egalari bo‘lgan o‘quvchilar sharoitini ta’minlashni maqsad qilgan.

Bunda tahririyatning asosiy vazifasi murojaatchi uchun maydon yaratib berish va muammoning o‘z vaqtida hal qilinishiga ko‘maklashishdir. Pirovardida ko‘tarilgan masalaga mutasaddilar tomonidan zudlik bilan e’tibor qaratilgani uchun xabar saytdan o‘chirib yuborildi.

Murojaatchining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bugunning o‘zida maktabga partalar olib kelingan.

“Daryo” fuqarolar uchun ham, mutasaddidar uchun ham so‘z erkinligini ta’minlash maqsadida hamisha ochiq maydon va o‘z faoliyatini O‘zbekistonning amaldagi qonun hujjatlari asosida ish yuritadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-10-2019, 17:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 50) ( 0) ( 49) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют