» » “Biz keyingi o‘n yilda ham dunyodagi o‘rtacha daromad miqdoriga yeta olmaymiz”. Behzod Hoshimov O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi haqida

“Biz keyingi o‘n yilda ham dunyodagi o‘rtacha daromad miqdoriga yeta olmaymiz”. Behzod Hoshimov O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi haqida


O‘zbekistonlik yosh iqtisodiyotchi va bloger Behzod Hoshimov o‘zining Telegram kanalida muhokamaga qo‘yilgan O‘zbekistonning 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Quyida uning fikrlari to‘lig‘icha keltirilgan.

O‘zbekistonning 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini muhokamaga qo‘yishibdi. Hozircha shunday muhim loyiha, afsuski, faqat rus tilida yozilgan. O‘zbekcha tarjimasi hali qo‘yilmadi.

Albatta, kamida 10 yillik rivojlanish rejasi qiziq ko‘rinishi mumkin, lekin men bir narsani tushunmayapman, bu ham bo‘lsa eng muhim hisob-kitoblarni. Yomon gumon, deb atayin shunday raqamlar qo‘yishgan demayman, yaxshi gumon qilaman, ya’ni menimcha xato xolos.

Qarang, rejaga ko‘ra, “real YIMning 2,1 baravarga va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIMning 2030-yilga borib 3 baravarga yoki 2018-yildagi 1533 dollardan 4538 dollargacha oshirish maqsad sifatida qabul qilinmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha yillik sur’atini kamida 6,4 foiz darajasida ushlab turish kerak.

Konvert orqasida hisob: agar YIM 2,1 barobar o‘sdi deylik, ya’ni bugungi kunda 50,5 milliard dollardan 2030-yilda 106 milliard dollarga o‘sdi, deylik.

Shunda yildan yilga qancha o‘sish bo‘lgan?

Oddiy logarifmik tenglama: 50,5*(1+x)^10= 106,06. Shunda x=0,077, ya’ni har yili kamida 7,7 foiz o‘sish kerak, qisqa qilib aytsa 6,4 foiz emas.

Endi agar 6,4 foiz o‘sish bo‘lsa-chi? YIM qancha bo‘ladi?

YIM: 50,5*(1+0,064)^10=93 milliard. Bu degani biz 2,1 barobar emas, 1,8 barobar o‘samiz.

Lekin 1991-yildan umumiy YIMni hisoblasak, taxminan 4,7 foizga o‘sib keldik. Bu o‘sishning katta qismi aholi soni o‘sishi deb ham bo‘lgan, ya’ni shu 27 yilda aholi taxminan 50 foizga o‘sgan.

Shuning uchun yildan yilga kishi boshiga qancha o‘sdi desak, hisob-kitob quyidagicha:

652*(1+x)^27=1532, shunda x=0.032.

Qisqasi, aholi boshiga biz mustaqillikdan beri o‘rtacha 3,2 foizga o‘sib keldik (bu yerda bitta soddalashtirish qilyapman, lekin ma’no o‘zgarmaydi). Endi shu nuqtayi nazardan 7,7 foiz ham 6,4 foizga o‘sishni juda qiyin deb o‘ylayman. Balki ehtimoli nolga yaqin.

Oxirgi yilni olaylik, 2018-yilda, kishi boshiga o‘sish 3,3 foiz (manba: Jahon Banki) bo‘lgan, bu hamma katta qurilishlar bilan birgalikda, turistlar va savdo ko‘payishi bilan birgalikda kishi boshiga YIM atigi 3,3 foizga o‘sgan. Oddiy so‘z bilan aytsak, 2018-yil misli ko‘rinmagan fiskal stimullar yili edi, shunda ham 3,3 foizga o‘sish bo‘ldi. Bu yil ham umumiy YIM 5 foiz kamga o‘sadi, kishi boshiga hisoblash uchun aholi o‘sish sur’atini ayirish kerak. Xullas, raqamlar tushunarsiz.

Lekin bu raqamlardan eng g‘alatisi quyidagicha: rejaga ko‘ra umumiy YIM 2,1 barobarga, kishi boshiga YIM esa 3 barobarga o‘sishi kerak ekan. Bu narsaning matematik iloji yo‘q. Qarang, kishi boshga YIM degani umumiy YIMni aholi soniga bo‘lish kerak degani:

kishi boshiga YIM=YIM/aholi soni

Endi surati 2,1 barobarga oshsa, mahraj o‘zgarmasa ham kishi boshiga YIM atigi 2,1 barobarga o‘sadi. Ya’ni bizda aholi 2030-yilgacha o‘sib keladi deb olsak, unda aholi boshiga YIM 2,1 barobardan, albatta, kam bo‘ladi degani. Bu arifmetik xato.

O‘zi matematikaga qiziqmasangiz ham mantiqan fikrlab ko‘ring, agar umumxalq daromadi 2,1 barobar oshsa, qanday qilib har birimizni daromadimiz 3 barobarga oshadi? Mantiqsiz-ku? Yoki aholi soni jiddiy ravishda kamayib ketadi deyishmoqchimi?

Ya’ni o‘sha hujjatdagi eng optimistik ssenariy bilan 2030-yilgacha, yiliga haqiqatan tariximizda misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish sur’atlarida o‘sib kelsak ham 3 barobarga aholi boshiga YIM o‘sa olmaydi. Bundan tashqari, kelasi o‘n yilda har yili deyarli 8 foizga o‘sishimiz ehtimoli ham nihoyatda past, chunki bunday sur’atda biz hech qachon 3 yil ham o‘smaganmiz.

Yana bir yanglish gap “2030-yilga kelib aholi jon boshiga YIMning erishilgan qiymati O‘zbekistonni daromadi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishga imkon beradi”. Bu ham, albatta, xato.

Birinchidan, aytganimdek hatto ularning hisobi bo‘yicha ham uch barobarga aholi jon boshiga YIM o‘smaydi. Lekin mo‘jiza bo‘lib, shunday bo‘lib qolsa ham unda kishi boshiga YIM ular aytganidek, 4538 dollarni tashkil etadi.

Dunyoning aholi jon boshiga o‘rtacha YIMi 11 928 dollar. Ya’ni eng norealistik ssenariyda ham o‘n yilda uch barobarga kishi boshiga o‘sish bo‘lsa, shunda biz o‘rtacha dunyo YIMidan 2,5 barobar kambag‘alroq bo‘lamiz. Buning ustiga dunyo iqtisodi ham joyida turmaydi, ya’ni 10 yilda dunyoning o‘rtacha YIMi ham ancha o‘sib qoladi. O‘rtacha daromaddan yuqori davlatlar uyoqda tursin, o‘rtachaga ham chiqishimizga hali ancha bor.

Biz rejalar yozganda yolg‘ondan tiyilishimiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi. To‘g‘ri, bizda sharoit zo‘r emas, lekin uni yolg‘on orqali bo‘rttirib yozish umuman hech kimga yordam bermaydi. Biz keyingi o‘n yilda ham, hatto yigirma yilda ham o‘rtacha daromadga yetishimizning imkoni yo‘q. Bu normal narsa, buni tan olib ish yuritishimiz kerak.

Xullas, iqtisodiyot vazirligidan tushuntirish sharhini kutib qolamiz.

Behzod Hoshimov, iqtisodchi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-10-2019, 10:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 58) ( 0) ( 57) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют