» » Toshkentning bosh rejasi 2020-yilda taqdim etilishi kutilmoqda. Hokimlik uning konsepsiyasini 2019-yil aprelidayoq taqdim etishga va’da bergandi

Toshkentning bosh rejasi 2020-yilda taqdim etilishi kutilmoqda. Hokimlik uning konsepsiyasini 2019-yil aprelidayoq taqdim etishga va’da bergandi


Toshkent shahrining bosh rejasi 2020-yilda jamoatchilikka taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov Senatning 23-yalpi majlisida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Senator Zayniddin Nizomxo‘jayev qonunchilikka muvofiq, O‘zbekistonda shaharlarning bosh rejalari har besh yilda tasdiqlanishi lozimligini eslatib, Toshkent shahrida bunday reja hali ham yo‘qligi, oqibatda aholi qayerda uy-joylar buzilishi va daraxtlar kesilishidan bexabar qolayotgani, bu esa jamoatchilikning noroziliklariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Senatorning savoliga javob berarkan, Davron Hidoyatov haqiqatan ham 2013-yilda Toshkent shahrining bosh rejasi ishlab chiqilgani, biroq tasdiqlanmaganini tan oldi. Ayni vaqtda, Turkiya kompaniyasi tomonidan bosh reja loyihasi tayyorlanayotgani va uni 2020-yilda taqdim etish kutilayotganini ma’lum qildi.

Toshkent shahrining bosh rejasi 2013-yilda ishlab chiqilgan, lekin u vaqtda, haqiqatan ham, tasdiqlanmagan. O‘tgan yili uni ko‘rib chiqqanimizda, bu bosh reja hozirgi kun talablariga to‘g‘ri kelmasligi oydinlashdi. Shu sababdan biz 2019-yilning o‘zida Turkiya kompaniyasini jalb qilgan holda shahar bosh rejasi konsepsiyasini ishlab chiqdik, tasdiqladik va rahbarga ko‘rsatdik.

Hozirgi kunda bosh reja bo‘yicha ish olib borilyapti va, o‘zingizga ma’lumki, bosh rejani tayyorlash bir kunda bajariladigan ish emas. Ba’zi shaharlar, masalan, Rossiyadagi Qozon, Moskva shaharlari vakillari bilan muloqotimizda bosh rejani tayyorlash besh yildan sakkiz yilgacha ham vaqt olgani aytildi. Bunda nafaqat ekologiya, balki barcha masalalarni ko‘rib chiqish kerak.

Hozir bosh reja bo‘yicha ish olib borilyapti. Kelayotgan 2020-yilda, reja bo‘yicha, bosh rejani qabul qilib olamiz. O‘ylaymanki, biz keyingi yillarda bosh rejani jamoatchilikka va rahbarimizga taqdim etamiz.

Davron Hidoyatov, Toshkent shahar hokimi birinchi o‘rinbosari

Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil avgustidagi farmoni bilan poytaxt hokimligiga 2019-yil 1-yanvarga qadar Toshkentning bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasini taqdim etish, shuningdek, 2019-yil 1-dekabrgacha tasdiqlangan bosh reja konsepsiyasi asosida poytaxtning yangi bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi to‘g‘risida topshiriq bergan edi.

Fevralda bosh reja konsepsiyasi aprel oyi oxirigacha tayyor bo‘lishi, loyiha ustida Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya kompaniyalari ish olib borayotgani aytildi (aslida konsepsiyani tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi 2019-yil 1-yanvargacha Prezidentga kiritilishi lozim edi). Buning uchun Toshkent 3D-kameralar o‘rnatilgan vertolyotlar vositasida, bosh vazir Abdulla Aripov va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida “skanerdan o‘tkazilishi” aytildi. Aprel oyiga kelib bosh reja konsepsiyasi taqdimoti 20-maygacha kechiktirilgani ma’lum bo‘ldi.

Iyun oyida esa qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov jurnalistlarning Toshkent shahar bosh rejasi konsepsiyasi nima uchun kechikayotgani haqidagi savolga javob bera turib, bu shahar hokimligining muammosi ekanini aytgan, shunga qaramay: “Konsepsiya yaqin bir yarim—ikki oy ichida tayyor bo‘ladi”, deb ta’kidlagan edi. Bu orada Britaniyaning Benoy arxitektura kompaniyasi Chirchiqning narigi sohilida quriladigan Yangi Toshkentning master-plani loyihasini taqdim etgan edi (keyinroq hokimlik bu hali tasdiqlanmagan loyiha ekanligini bildirgan edi).

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev may oyida bloger Kirill Altman’ga bergan intervyusida bosh reja masalasida shoshilmaslik kerakligini aytgan edi. Iyun oyi oxirida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanlarining birida esa hokim strategiyani belgilashda har doim ham bosh reja lozim, deb o‘ylamasligini ta’kidlagan edi. “Hozir, ko‘pchilik, bosh reja bo‘lsa, hayotimiz osonlashib qoladi, degan tushunchada yuribdi. Ammo, bosh reja iqtisodiy-siyosiy yoxud boshqa sohalarda rivojlanishlarni belgilab beradi, degani emas”, — degandi hokim Ortiqxo‘jayev.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-10-2019, 16:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 75) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют