» » Surxondaryodagi maktabda sinf xonalari yetishmasligi sabab darslar 4 smenada o‘tilmoqda

Surxondaryodagi maktabda sinf xonalari yetishmasligi sabab darslar 4 smenada o‘tilmoqda


Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi 19-umumta’lim maktabida sinf xonalari yetishmasligi sababli darslar 4-smena o‘tilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Nargiza Rahmatullayeva ma’lum qildi.

1994-yilda hashar yo‘li bilan qurilgan ushbu ta’lim dargohi 320 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda maktabda 592 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktab o‘qituvchilari bilan suhbatda, o‘quv xonalarning yetishmovchiligi sababli ayrim darslar (texnologiya, mehnat, “Atrofimizdagi olam”) fan kabinetlarida emas, balki maktab hovlisida o‘tilishiga aniqlik kiritildi.

—Sinf xonalari yetishmasligi sababli darslarni 4 smenada o‘tishga majburmiz, — deydi biz bilan suhbatda maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G‘ulom Xursandov. — 1-navbat soat 08:00 da boshlanadi, unda 1-8-9-10-11-sinflarga dars beriladi. 1-navbatning shu oralig‘ida birinchi sinflarning darsi soat 11:20 da tugatilishi bilan 2-sinflarga dars boshlanadi. Yuqoridagi oraliqdagi darslarni hisobga olganda tushdan so‘nggi smenani 3-navbat deb hisoblasa, soat 13:05 da 5-6-7-sinflarga darslar o‘tiladi. 4-navbatda, soat 14:45 da esa 4-sinflarga qo‘ng‘iroq chalinadi. Dars soatlarini qoldirmaslik uchun dars jadvalini shu tartibda taqsimlashga to‘g‘ri keldi.

— Ushbu maktabda ko‘p yillar rahbarlik qilib kelganman,— deydi Xalq ta’limi a’lochisi, mehnat faxriysi Nurali Rajabov. — Nafaqaga chiqqan bo‘lsam-da, kunora bu yerga kelaman, o‘qituvchilar bilan gaplashaman. Bu yerda kuzatuv kengashi raisiman. Maktabimiz 1994-yilda hashar yo‘li bilan qurilib, foydalanishga topshirilgan. 2007-yilga kelib joriy ta’mirdan chiqarildi. Qurilish ishlariga 30 million so‘m ajratilgan. Mablag‘ning kam ajratilganligi sabab ta’mirlash ishlari nomigagina bajarilgandi. 2019-yilga kelib esa maktab kapital rekonstruksiyadan chiqarildi. Ta’mirlash ishlari nihoyatda sifatli bajarildi. Bu ishlar uchun quruvchilarga katta rahmat aytsang arziydi. Ammo bu bilan muammomiz bartaraf etildi, deya olmayman. Sinf xonalari yetishmasli, sport zali yo‘qligi o‘quvchilarning bilim olishlari bilan birga o‘zlari xohlagan sport turi bilan shug‘ulanishlarida to‘siq bo‘lib kelmoqda. Agar ahvol shu darajada davom etsa, nabiralarimizga aniq fanlar ham ko‘chada o‘tiladi. Bu bo‘yicha mahalla oqsoqollari bilan bilan kelishib ko‘p tashkilotlariga, tuman hokimiga murojaat qildik. Ammo natijani ko‘rib turibsizlar.

Maktabda sportzalning yo‘qligi bir talay muammolarni yuzaga keltirib chiqarmoqda. Mavjud ahvol bilan yaqindan tanishganimizda yana bir holatga duch keldik. Qarangki, bir vaqtning o‘zida jismoniy tarbiya darsi bitta o‘qituvchi tomonidan ikkita sinfga o‘tilayotgan ekan.

—Sharoit yo‘qligidan bir vaqtning o‘zida 2-D va 2-Ye sinflariga jismoniy tarbiya darsini o‘tyapman,—deydi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Xolmamat To‘xtayev. — Sport zali bo‘lmagani uchun hatto o‘quvchilar formasini almashtirish uchun xonalar yo‘q. Shuning uchun o‘quvchilar darsda formasiz ishtirok etmoqda.

Xuddi shunday holatga 5-sinflarning jismoniy tarbiya darsida guvohi bo‘ldik. 5-A va 5-D sinf o‘quvchilari biz bilan suhbatda jismoniy tarbiya darsi ikkala sinfga qo‘shib o‘tilayotganligini aytishdi. Shuningdek, o‘quvchilar mehnat darslari maktab hovlisida o‘tilishi hamda sport zal yo‘qligi tufayli yomg‘irli kunlarda jismoniy tarbiya darsi o‘tilmasligini aytishdi.

19-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi ushbu muammo yuzasidan Angor tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nomoz Mamadiyarov bilan gaplashdik.

— Haqiqatdan ham 19-umumta’lim maktabida o‘quvchilar soni ko‘p, sinf xonalari yetishmaydi. Tumanimizda 21, 33-umumta’lim maktablarida ham qo‘shimcha o‘quv binosiga ehtiyoj sezilmoqda. Mazkur maktablarni Investitsiya dasturiga kiritish uchun yuqori tashkilotlarga taklif berganmiz. Taklifimiz ko‘rib chiqilib, 2020-yilga kelib qo‘shimcha bino masalasi hal etilishiga umid qilganmiz.

19-umumta’lim maktabida yuzaga kelgan muammodan o‘qituvchi va o‘quvchilar birdek qiynalmoqda. Hademay yomg‘irli kunlar boshlanadi, maktab hovlisida o‘tiladigan darslar sinf xonalarga ko‘chirilsa, galdagi navbatdagi dars soatlari qay tartibda o‘tiladi? 4-navbatda o‘qiydigan 4-sinf o‘quvchilari qishning qirovli kunlarida qosh qorayguncha uylariga yetib oladimi? Yoki dars soatlari qisqartiriladimi?

Bu savollarga mutasadilardan javob kutib qolamiz.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-10-2019, 09:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 90) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют