» » Turkiyada Jumhuriyat kuni. Uch qit’ani birlashtirgan Usmonli saltanati qanday quladi?

Turkiyada Jumhuriyat kuni. Uch qit’ani birlashtirgan Usmonli saltanati qanday quladi?


29-oktabr Turkiyada Jumhuriyat kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana Usmonli saltanatining tugashi va Turkiya Respublikasining tashkil topishi bilan bog‘liq. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh ushbu sana munosabati bilan tarixdagi eng buyuk imperiyalardan biri bo‘lmish Usmonli saltanati hamda Turkiya Respublikasining tashkil topishi haqida fikr yuritadi.

Usmonlilar saltanati tarix zarvaraqlarida Yevrosiyo va Afrikaning shimoliy qismida qariyb yetti asr muvaffaqiyat bilan hukm surgan va ana shu hududlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan buyuk imperiya edi. Bu imperiyaning biz uchun muhim jihati shuki, uni o‘zbeklarga qardosh bo‘lgan turklar tuzgan. Qolaversa, bu saltanat hukmdorlari ham, asosiy aholisi bo‘lgan turklar ham bundan olti asr avval sulton Boyazid va Movarounnahr hukmdori Temur o‘rtasida kelib chiqqan urushni aytmasa, ikki daryo oralig‘idagi xalqlarga ijobiy munosabatda bo‘lgan. Bu holat bugungacha davom etyapti: aksariyat turkiyaliklar o‘zbeklar deganda qardoshini tushunadi va “O‘zbekiston ota yurtim” deydi.

Tarixdan bilamiz, ko‘p saltanatlar, imperiyalar ma’lum vaqt rivojlanish, kengayish bosqichiga chiqib, so‘ng qandaydir sabablar bilan parchalanib, yo‘q bo‘lib ketgan. Shu jumladan, Usmonlilar imperiyasining paydo bo‘lishi, hududining misli ko‘rilmagan darajada kengayishi va so‘ngra zaiflashishi bosqichlari bor. Bu davlat o‘z davrida Yevropa hukmdorlari yuragiga g‘ulg‘ula va qo‘rquv sola olgan edi. Eng kengaygan paytida imperiya hududi sharqda Kaspiy dengizidan g‘arbda Atlantika okeanigacha, janubda Hind okeanidan shimolda Germaniya, Polsha, Ukraina va Rossiya hududlari bilan chegaradosh bo‘lgan.

Turklar saltanati yiqitilgan va mamlakatda respublika boshqaruvi e’lon qilingan bo‘lsa ham, ular o‘z davlatchiligini boshqacha nom bilan saqlab qoldi. To‘g‘ri, davlat ko‘plab hududlaridan ajraldi. Uning qo‘l ostida bo‘lgan hududlar o‘z mustaqil davlatlarini tuzdi. Ammo, eng muhimi, turklar matonat bilan mustaqilligini saqlab qoldi. Hanuzgacha Turkiya dunyoda obro‘-e’tiborga ega davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Tarixchilar Usmonli saltanati tarixini to‘rt davrga bo‘ladi:

- qurilish davri (1299–1453);

- yuksalish davri (1453–1683);

- orqaga ketish davri (1683–1792);

- yiqilish davri (1792–1920).

Turkiy elatlar Kichik Osiyo hududiga XI asrdan ko‘chib kela boshlagan. Ilk davlatni o‘g‘uz-turkman qabilalari yo‘lboshchilari – aka-uka To‘g‘rulbek va Chag‘ribek tuzgan. Ular saljuqiylar sulolasiga asos solgan. Bu qabilalar Sirdayo bo‘ylarida yashayotgan paytlarida islom dinini qabul qilgan.

Saljuqiylar sultoni Alp Arslon 1071-yilda Malazgirt jangida Vizantiya imperatori Roman Diogen armiyasini mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng saltanat yanada kengaydi. Sulton Malikshoh (1072–1092) davrida esa saltanat gullab-yashnadi. Sulton Malikshohning o‘limidan keyin saljuqiylar saltanati parchalanib, bo‘linib ketdi. Suriya, Iroq, Xuroson, Kirmon va Onado‘lu kabi kichik-kichik mustaqil bekliklar paydo bo‘ldi. XIII asr boshlarida mo‘g‘ullarning oyog‘i Kichik Osiyoga ham yetdi; ular tarqoq saljuq bekliklarini yengib, bu yerda ham o‘z hukmronliklarini o‘rnatdi. XIII asr oxirlariga kelib mo‘g‘ullar birmuncha zaiflashdi va bir qancha mustaqil turk beyliklari (bekliklari) tashkil topdi. XIV asr boshlarida Usmon boshchiligidagi beylik boshqa tarqoq beyliklarni birlashtirib, markazlashgan kuchli davlat — Usmonli saltanatini barpo etdi. Shundan so‘ng bu davlat Usmonli saltanati nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Hukmronligini Usmonli beyligidan boshlab, uning katta bir saltanatga aylanishiga sabab bo‘lgan Usmonbey o‘g‘uz turklaridan, bo‘zo‘q shoxobchasidan, qayi urug‘idan edi.

Usmonli saltanati tashkil topib, kuchayar ekan, Vizantiya imperiyasi chalajon holida zo‘rg‘a yashayotgan edi, ammo turklar hali uning poytaxti Konstantinopolni qo‘lga kirita olmagandi. Shunday bo‘lsa ham, turklar Osiyoni Yevropadan ajratib turuvchi Marmar bo‘g‘ozidan Yevropa qit’asiga o‘tdi va birin-ketin Yevropa janubida, Bolqon yarim orolidagi katta hududlarni o‘zlariga bo‘ysundirdi. Vizantiya imperiyasi amalda faqat Konstantinopolda saqlanib qoldi.

Anqara jangida Boyazid Temurga yutqazishi turklarning Konstantinapolni zabt etishini va Yevropaning ichkarirog‘iga kirib borishini biroz ortga surdi. Oradan biroz o‘tib, 1453-yil 29-mayida Usmonli turklar Sulton Mehmed II Fotih boshchiligida Konstantinopolni (hozirgi Istanbulni) zabt etdi va Vizantiya imperiyasini tarix qa’riga uloqtirib yubordi.

XVII asr o‘rtalarigacha Usmonlilar saltanati faqat kengayib bordi. Mamlakat hududi sharqdan Kaspiy dengizidan, g‘arbda Atlantika okeanigacha yetib bordi. Afrikaning shimoliy qismi to‘lig‘icha, Yevropaning sharqiy qismidagi katta hududlar turklar qo‘l ostida edi. Qora dengiz Usmonlilarning ichki dengizi bo‘lib qoldi. O‘rta yer dengizi, Yevropa davlatlari bo‘lmish Italiya, Fransiya va Ispaniya sohillarini aytmaganda, to‘laligicha turklar nazoratiga o‘tdi.

Biroq XVII asrning oxirgi choragidan boshlab Usmonlilarning harbiy va iqtisodiy qudrati zaiflasha boshladi.

1683-yilda Vena shahri yaqinidagi jangda turklar qo‘shini Polsha, Avstriya va Germaniya birlashgan qo‘shinlaridan yengildi. 1684-yilda esa Avstriya, Polsha, Venetsiya (1686-yildan Rossiya) Usmonlilarga qarshi “Muqaddas ittifoq” tuzdi va o‘rtada urush boshlab, turklardan ancha hududlarni tortib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Albatta, Usmonlilar ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Jumladan, turklar 1711-yilda Prut jangida Pyotr I boshchiligidagi rus qo‘shinini tor-mor keltirdi. Qurshovdagi Pyotr I va’dalar evaziga qutulishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo baribir turklar yevropaliklardan har jabhada ortda qolib, janglarda birin-ketin yutqaza boshladi. XVIII asr yo‘qotishlarga yanada boyroq bo‘ldi.

Mamlakatni 1789–1807-yillarda boshqargan sulton Salim III saltanatda islohotlar o‘tkazishga urindi. “Yangi nizom” (“Nizomi jadid”) deb nomlangan bu islohotlar natijasida davlat boshqaruvi, moliya masalalari, savdo sohasi, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va boshqa sohalarda yangiliklar joriy etishga urinildi. Ammo bu islohot yanicharlar – gvardiya qarshiligiga uchradi. Yanicharlar isyon ko‘tardi va 1807-yil 15-mayda Salim III ni taxtdan ag‘darib tashladi.

Salim III dan keyin ko‘plab hukmdorlar o‘tdi, lekin ularning birortasi imperiyaning oldingi mavqeini tiklay olmadi. Aksincha, o‘z hududlarini yo‘qotib boraverdi. Saltanat XIX asr o‘rtalariga kelib nihoyatda holdan toydi.

Tinchlik davrida Usmonlilar saltanatida Yevropa madaniyatiga, iqtisodiyotiga qiziqish kuchaydi. Saltanatda ilk banklar ochildi. Yevropadan sanoat kirib kela boshladi. Kitob, gazeta va jurnallar chop etila boshlandi. Sulton Abdulaziz davrida (1861–1876) ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash va Yevropa davlatlaridan andoza olib konstitutsiyaviy tuzum o‘rnatish tarafdori bo‘lgan Yosh turklar harakati rivojlana boshladi.

1876–1908-yillarda mamlakatni boshqargan sulton Abdulhamid II taxtga chiqqan yili, 1876-yil 23-dekabrda konstitutsiyaga o‘xshab ketadigan Asosiy qonunni e’lon qildi. Bu qonun Turkiayning ilk konstitutsiyasi hisoblanadi.

Ammo saltanatda muammolar yetarli edi, konstitutsiya qabul qilinishi ham muammolarni hal qila olmadi.

1877–1878-yillarda yana bir Rossiya – Turkiya urushi bo‘lib o‘tdi va u Turkiyaning yengilishi bilan yakun topdi. Shu mag‘lubiyatdan so‘ng Usmonlilar Bolqon yarim orolidagi hududlaridan batamom ayrildi. Buning ustiga, turklarning Shimoliy Afrikadagi hududlarini yevropaliklar bosib ola boshladi: 1881-yilda Fransiya Tunisni, 1882-yilda Buyuk Britaniya Misrni bosib oldi. Marokash va Jazoir ham qo‘ldan ketdi.

Birinchi jahon urushida Usmonlilar 1914-yil 30-oktabrda Germaniya tarafida turib urushga qo‘shildi. Urushda Germaniya yengilganidan so‘ng, 1917–1918-yillarda Ittifoqchilar Usmonlilar imperiyasining Yaqin Sharqdagi hududlarini birin-ketin bosib oldi. Suriya va Livanni Fransiya, Falastin va Iordaniyani Buyuk Britaniya egalladi.

Batamom holdan toygan Usmonlilar saltanati 1918-yil 30-oktabrda Birinchi Jahon urushida g‘olib chiqqan Antanta davlatlariga taslim bo‘ldi.

Buyuk Britaniya va Fransiyadan iborat Ittifoqchilar Turkiyani ishg‘ol qildi. Turk xalqi milliy ozodlik harakatini boshladi. Turkiyada Ozodlik urushi (Kurtulu? sava??) deb nomlangan harakatga Otaturk nomini olgan sarkarda Mustafo Kamol poshsho boshchilik qildi. Turklar mamlakat ozodligi uchun oyoqqa qalqdi. 1920–1921-yillarda bo‘lib o‘tgan janglarda turklar Gretsiya qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozondi.

1918-yil 30-oktabrda Mudros kelishuvi imzolandi. Oradan ikki yil o‘tib, 1920-yilda Gretsiya bilan Sevr tinchlik bitimi tuzildi. Bu bitimga ko‘ra, yunonlar tomonidan 1919-yil 15-mayda bosib olingan Izmir shahri Gretsiyaga o‘tishi kerak edi. Yuqoridagi ikki bitimni Gretsiya ratifikatsiya qildi, ammo milliy ozodlik harakati ishtirokchilari bosimi bilan Usmonlilar saltanati ratifikatsiya qilmadi va bitimlar kuchga kirmadi.

Umuman olganda, 1918–1922-yillar Turkiya uchun nihoyatda og‘ir kechdi. Qo‘l ostidagi hududlarni boy bergani yetmaganday, Usmonlilar endi Turkiyaning o‘zini ham zo‘rg‘a himoya qilishdi.

Ana shu holatda o‘rtaga Mustafo Kamol Otaturk chiqdi va 1922-yil 9-sentabrda bo‘lib o‘tgan og‘ir janglarda g‘alaba qozonib, mamlakatdan yunonlarni quvishga muvaffaq bo‘ldi. Buyuk Millat Majlisi qabul qilgan qonunga ko‘ra, 1920-yil 16-martidan boshlab saltanat bekor qilindi va hukmdorlik bilan xalifalik bir-biridan ajratildi. Shundan so‘ng xalifalik hokimiyatga aralasha olmaydigan alohida maqom bo‘lib qoldi. Sulton Abdulaziz o‘g‘li Abdulmajid afandi Buyuk Millat Majlisi tomonidan xalifalikka saylandi va 1924-yil 3-martgacha shu maqomda qoldi. 1924-yil 3-mart kuni Mustafo Kamol Otaturk tomonidan xalifalik bekor qilindi.

1922-yil 1-noyabrda Mustafo Kamol Otaturk boshchiligidagi Buyuk Millat Majlisi Turkiyada sultonlikni bekor qilish va xalifalikni davlatdan ajratish to‘g‘risida qonun qabul qildi. 1923-yil 24-iyul kuni imzolangan Lozanna sulh shartnomasiga ko‘ra Turkiyaning chegaralari belgilandi, Buyuk Britaniya va Fransiya boshlichiligidagi Yevropa davlatlari tomonidan Turkiyaning siyosiy, iqtisodiy mustaqilligi tan olindi. O‘sha yili kuzga borib, 29-oktabr kuni Buyuk Millat Majlisi tomonidan Turkiya respublika deb e’lon qilindi. Poytaxt Istanbuldan Anqaraga ko‘chirildi.

* * *

Usmonlilar saltanati 1299-yili Onado‘luda, Marmara vohasida bir beklik bo‘lib boshlanib, buyuk imperiya holida XX asr boshida, 1920-yilda yiqitildi.

Uzoq asrlar yashagan ko‘plab imperiyalar qatori Usmonlilar qariyb 700 yillik faoliyati mobaynida Yevrosiyo va Afrika qit’asiga ta’sir ko‘rsatdi hamda bu hududlar rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Usmonlilar imperiyasi kengayishi ortidan turklar oyog‘i qayerga yetgan bo‘lsa, o‘sha hududda shaharlar tiklandi, masjid, madrasalar qurildi, ariq va kanallar qazilib, suv chiqarildi. Bugungi kunda Shimoliy Afrika va Yevrosiyoning turli mamlakatlarida turk hukmronligi davridan saqlanib qolgan qadimiy binolar, osori atiqalar bor. Turklarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi nihoyatda kattadir. Eng muhimi, Turkiya Jumhuriyati bugun ham dunyoda katta obro‘-e’tiborga va ta’sir doirasiga ega davlat hisoblanadi. Jumladan, bu davlat Katta yigirmatalik davlatlari – G20 ga a’zo hisoblanadi. Bugun ham dunyodagi muhim masalalarni hal qilishda Turkiya prezidenti va bosh vazirining roli katta. Shu jihatdan bugun bu mamlakat rahbariyati jahon afkor ommasining e’tiborida turadi.

O‘rta asrlarda Yevrosiyoda eng qudratli imperiyalardan biri bo‘lgan Usmonlilar nega XVIII asrdan tanazzulga yuz tuta boshlagani, harbiy va iqtisodiy jihatdan qoloqlashgani va oxir-oqibat parchalanib ketgani haqida turli fikrlar bildiriladi. Buning sabablari ko‘p. Menimcha, bunga eng asosiy sabab turklarda ilm-fan va sanoat rivojlanishi ortda qolganidir. Turklarning juda katta hududlarini egallashi, O‘rta Yer dengizining sharqiy va janubiy sohillariga yevropalik savdogarlarini yaqinlashtirmay qo‘ygani sababli Uzoq Sharqda joylashgan Xitoy, ziravorlar yurti Hindiston bilan savdo-sotiq qila olmay qolgan yevropaliklar Hindiston va Xitoyga boshqa dengizlar orqali yo‘l qidirishga majbur bo‘ldi. Buning natijasida Xristofor Kolumb Amerika qit’asini kashf etdi, Vasko da Gama Hindistonga dengiz yo‘lini topdi va shu tariqa Yevropa savdogarlari turklarga tegishli hududlar orqali savdo qilmay qo‘ydi. Oqibatda imperiyaga tushadigan boj salmog‘i kamayib ketdi. Yevropa esa, aksincha, kashf etilgan Yangi dunyo ortidan nihoyatda boyib ketdi; XVIII asrda Yevropada sanoat inqilobi yuz berdi. Holat shu darajaga yetdi-ki, bir paytlar Yevropadan boj olib yurgan Usmonlilar iqtisodiy taraqqiyotda Yevropadan sezilarli ortda qola boshladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-10-2019, 19:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 88) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют