» » Fotofakt: Dunyodagi eng vayronkor beshta qurol

Fotofakt: Dunyodagi eng vayronkor beshta qurol


Insoniyat doimiy ravishda qurollar yaratib, ularni takomillashtirib kelgan. XX asrda yaratilgan yadroviy, kimyoviy va biologik qurollar vayronkorlikning cho‘qqisini zabt etdi. Forbes nashri dunyoning turli armiyalariga tegishli bo‘lgan eng vayronkor qurollar jamlanmasini taqdim etdi.

O‘ta yuqori quvvatli yadro zaryadini eltuvchi “Status-6” suvosti kemasi birinchi marta 2015-yilda ommaga ma’lum bo‘lgan. Kema Rossiya armiyasiga tegishli.

Suvosti kemasi haqida ma’lumotlar kam. Taxmin qilinishicha, u 10 ming kilometr masofadan zarba bera oladi va 100 km/soat tezlikda harakatlana oladi. 1000 metr chuqurlikkacha tushishi mumkin.

Eng og‘ir va eng kuchli qit’alararo ballistik raketa suyuq yoqilg‘ili “Voevoda” Р-36М2 raketasi hisoblanadi. Raketa 8800 kg o‘g‘irlikdagi yukni 11000 km uzoqlikdagi qit’alararo masofaga yetkaza oladi. Kamaytirilgan og‘irlikni 16000 kilometrgacha olib bora oladi. Ballistik raketa trotila ekvivalenti bo‘yicha 800 kilotonna kuchga ega 10 ta snaryad yoki 25 megatonna kuchga ega bitta “supersnaryad”ni belgilangan nishonga yetkaza oladi. Raketa o‘ta yuqori darajada himoyalangan ishga tushirish qurilmasida joylashgan bo‘lib, uni hatto yadro quroli bilan yo‘q qilish juda qiyin hisoblanadi.

Agar 800 kilotonnali snaryad Vashington markaziga tushadigan bo‘lsa, shaharni 6,53 km radiusda butunlay yo‘q qiladi, natijada yuz beradigan uchinchi darajali yong‘in 11,1 km radiusli hududni qamrab oladi. Umumiy hisobda, bir vaqtning o‘zida qariyb 500000 kishi halok bo‘ladi, taxminan, 800000 kishi jarohatlanadi. Agar shunday kuchdagi bomba Moskvada portlaydigan bo‘lsa, qurbonlar soni bir millionga teng bo‘lib, jarohatlanganlar soni uch milliondan oshadi. 25 megatonnali snaryad esa 6,7 million kishining umriga zomin bo‘lib, 3,5 million kishiga turli darajada shikast yetkazadi.

Rossiya armiyasi, taxminan, 46 ta shunday raketaga ega. Raketalar 1988—1992-yillarda ishlab chiqarilgan bo‘lsa ham, ular asosiy yadro vositalari sifatida qolmoqda. Hozirgi vaqtda “Voevod”ning mukammallashtirilgan PC-28 “Sarmat” talqini yaratilmoqda. Yangi raketa 2020-yillarning boshida qurolli kuchlarga topshiriladi.

Suvosti kemalarining Trident II ballistik raketalari bilan Ohio tipidagi AQSh strategik suvosti yadro kemalari qurollangan. Raketalarning har biri trotila ekvivalentidagi 100 kilotonnali 14 ta yengil yadro snaryadini 7800 kilometrgacha yoki kamroq snaryadlarni 12000 kilometrgacha olib bora oladi. Raketa bu turdagi qurollar orasida yuqori darajadagi aniqligi bilan ajralib turadi. Nishonga eng uzog‘i bilan 90—120 metr masofada tegadi. Ohio suvosti kemalarining har biri 24 tagacha Trident II raketasini tashiy oladi va shu jihatdan Amerikaning asosiy strategik yadro kuchlari hisoblanadi.

“Sovuq urush” yakuniga kelib Rossiya va AQSh mos ravishda 40000 tonna va 31000 tonna kimyoviy qurol zaxirasiga ega bo‘lgan. Asosan, kimyoviy qurollar V-gazlar, zarin, zoman, iprit, lyuizit va fosgen asosidagi aviabombalar ko‘rinishida bo‘lgan. 1997-yilda kimyoviy qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilingan. Shundan so‘ng mamlakatlar yig‘ilib qolgan zaharlovchi moddalarni yo‘q qilishni boshladi. Hozirgi vaqtga kelib AQSh va Rossiya kimyoviy qurollarning kamida 80 foizini yo‘q qildi. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, kimyoviy qurolga ega davlatlarning birortasi ham o‘z qurolidan butunlay voz kechmagan.

Yuqoridagi zaharlovchi moddalarning ta’siri turlicha. Biroq ularning juda kam miqdori ham odamni o‘ldirish uchun yetarli. VX gazi na rang, na hidga ega. Gazning juda kam miqdori inson nerv tizimini falajlaydi. Gaz odamni zaharlaganidan boshlab 15 daqiqa ichida o‘ldirishi mumkin. VX gazining 0,007 grammi 70 kilogrammli odamni o‘ldiruvchi doza hisoblanadi. Kimyoviy qurolni yaratish yadro qurolini yaratishdan anchagina osonligi uning qanchalik darajada xavfli ekanligini ko‘rsatadi.

Biologik qurollar turli viruslar, kasalliklar ko‘rinishida bo‘lib, kasalliklarni davolash va oldini olish davlatlarga juda katta iqtisodiy talafot keltiradi.

2003-yilda GBU-43/B Massive Ordnance Air Blast (MOAB) Amerika aviabombasi Iroqqa jo‘natilgan, biroq qabul qilinmagan. Bomba nomining qisqartmasi Mother of all bombs (Barcha bombalarning onasi) tarzida talqin qilingan. 2003-yil 11-martda Floridadagi harbiy bazada sinovdan o‘tkazilgan aviabombaning vazni 10 tonnadan oshgan. Yetkaziladigan zarar maydonining radiusi 150 metr, urilish kuchi esa 1500 metrgacha shikast yetkazadi.

2007-yil 11-sentabrda Rossiyaning yuqori kuchli aviabombasi sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, bombaning rasmiy nomi noma’lum. Bombaning portlash kuchi MOAB’dan ikki baravar yuqori bo‘lib, portlovchi moddaning vazni bir tonnaga kam bo‘lgan. Bu keng hajmli portlash hisobiga erishilgan — avval qaynoq aerozol sepiladi va bir lahzada detonator uni “yoqib yuboradi”. Bu aholi yashaydigan inshootda gazning portlashiga o‘xshaydi. OAVlar bomba uchun “Barcha bombalarning otasi” degan nom o‘ylab topgan.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

Опубликовано: admin (3-04-2017, 09:28)
+1 (голосов: 1)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 76) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют