Hisoblagichlar bo‘yicha onlayn ariza yuborish xizmati ishga tushmagani ma’lum qilindi
Joriy yilning 1-noyabridan boshlab, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun ariza yuborish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi belgilangan edi.
Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hukumat qarori bilan Energetika vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga tegishli tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanish vazifasi yuklatilgan.
Biroq ayrim texnik sabablarga ko‘ra, ushbu tashkilotlar davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bazasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulashga ulgurmagan.
Mazkur davlat idoralari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalar amalga oshirilgandan so‘ng Davlat xizmatlari markazlari orqali ushbu davlat xizmatlarini olish mumkin bo‘ladi.
Ushbu masala Davlat xizmatlari agentligi tomonidan nazoratga olingani aytilgan.
Manba: Daryo.uz