» » “Tug‘ruq payti yaqinlashgan ayolni ot yoki eshakda daryodan olib o‘tamiz”. Yakkabog‘dagi “Daryo” mahallasi ahli yo‘l muammosidan nolimoqda

“Tug‘ruq payti yaqinlashgan ayolni ot yoki eshakda daryodan olib o‘tamiz”. Yakkabog‘dagi “Daryo” mahallasi ahli yo‘l muammosidan nolimoqda


Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Daryo” MFY Guldara qishlog‘i aholisining bir qismi yo‘l muammosi ularni qiynab kelayotganini, daryoga sel kelgan payti bemorlarni zambilda olib o‘tishga, tug‘ruq vaqti yaqinlashgan ayollarni esa ot va eshakda daryoning narigi tomoniga o‘tkazishga majbur bo‘layotganini ta’kidlamoqda.

Voqea tafsilotlarini o‘rgangan “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning yozishicha, Guldara qishlog‘idagi daryoning narigi tomonida yashovchi 30 ga yaqin xonadon vakillarining aksariyati 1990-yildan keyin ko‘chib o‘tgan.

— 1990-yildan keyin davlat rejasi asosida daryoning narigi tomonidan uy-joy qurib, ko‘chib o‘tganmiz, — deydi Abduhalim Egamberdiyev. – Daryoning bu tomonida yashovchilar ko‘prik yonidagi yo‘lakchadan qishloq tomonga o‘tardik. Bundan 10 yil ilgari daryoga sel kelishi natijasida biz o‘tib-qaytayotgan yo‘l yuvila boshlandi. Joriy yil 29-may kuni kelgan sel yo‘lni batamom yuvib ketdi. Oqibatda biz yo‘lsiz qoldik.

Aholi vakillarining aytishicha, yo‘lni sel yuvib ketgach, daryodan o‘tish muammosi yuzaga kelgan.

—Yo‘limizni sel olib ketgach, biz daryodan ot va eshakda o‘tishga majbur bo‘lyapmiz, — deydi Abduhalim Egamberdiyev. – Farzandlarimiz esa maktabga borishga qiynalyapti. Imkonsizlikdan daryoga yaqin joylashgan qo‘shnilardan birining hovlisi orqali, tepaliklar osha daryodan o‘tyapmiz. Sog‘lom odam tepaliklar oshsa ham daryodan o‘tishga muvaffaq bo‘ladi, ammo bemorlarni olib o‘tishda, homilador ayollarni daryodan o‘tkazishda qiynalyapmiz.

Qishloq ahlining “Daryo” muxbiriga ma’lumot berishicha, sel kelgan payt bemorlar va homilador ayollar daryodan ot va eshak yordamida olib o‘tiladi.

— Boshqa ilojimiz yo‘q, sel oqib turgan payt kasal bo‘lgan bemorlarni yoki tug‘ruq payti yaqinlashgan ayolni ot yoki eshakda daryodan olib o‘tamiz, — deydi Gulasal Sattorova. – Bir kuni nevaram kasal bo‘lib qoldi. Sel juda dahshatli bo‘lib oqayotgandi. Shunda nevaramni zambilda daryodan amallab o‘tkazdik va mashinada qishloq o‘rtasidagi ko‘prikka qadar olib bordik. Mashina ko‘prikdan o‘tolmagach, yana eshak va ot yordamida nevaramni daryodan olib o‘tib, boshqa mashinada tuman markazidagi shifoxonaga olib ketdik.

Ma’lum bo‘lishicha, qishloq ahlining tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoji qishloqdan 14 kilometr narida joylashgan Qayrag‘och QVP xodimlari orqali qondiriladi.

— Shifoxonaga borib-kelish yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimni daryodan olib o‘tish muammo bo‘lgani bois, o‘zimiz ham shifokor bo‘lib qoldik, — deydi Malika Normurodova. – Uydagilarning birortasi kasal bo‘lsa, o‘zimiz ukol qilyapmiz. Hayot shunga majbur qilmoqda.

Aytilishicha, tuman markazidan Guldara qishlog‘igacha bo‘lgan masofa 38 kilometrni tashkil etadi. Qishloqdan tuman markaziga qadar Damas qatnaydi. “Damaschi”larning aytishicha, yo‘l kira haqi har bir kishi uchun 8–9 ming so‘mni tashkil etadi.

— Yo‘lning ahvoli ham juda yomon, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar oqibatida hech qancha vaqt o‘tmasdan mashinani yana ta’mirlashga to‘g‘ri keladi, — deydi Damas haydovchilaridan biri Sardor Jovliyev. – Tuman markazidan qishloqqa qadar bo‘lgan 38 kilometr yo‘lning 20 kilometri juda abgor holatda. Yurib bo‘lmaydi. Shu masofani bir yarim soatda bosib o‘tamiz.

Aholi tashvishiga qaraganda 1987-yilda qurilgan ko‘prik ham talab darajasida emas. Qishloqqa elektr toki keltirgan simyog‘ochlar ham chirib, qulash arafasiga kelgan.

— Simyog‘ochlar masalasida, ko‘prik masalasida, qolaversa, yo‘l muammosi haqida aytmagan joyimiz, murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi hisob, barchasi kelib rasmga tushirib ketishadi-yu, amaliy natija yo‘q, — deydi Abduhalim Egamberdiyev. – Qishloq yuqorisidagi simyog‘ochlar 1967-yil o‘rnatilgan bo‘lib, ayni kunga qadar birortasi yangilanmagan. Mazkur simyog‘ochlar ahvolidan tashvishga tushib, hatto Prezident portaliga ham murojaat qildik. Kelib o‘rganib ketganlar, “imkonimiz bo‘lsa almashtiramiz” deb ketishdi. Ungacha qulab tushmasaydi.

Ma’lumot uchun, 6-noyabrda “Daryo”da Chiroqchi tumanining “Suvliq” qishlog‘idagi simyog‘ochlar qulash arafasiga kelib qolgani haqida xabar chop etilgandi. Ikki kun ichida qishloqdagi simyog‘ochlar almashtirilgandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-11-2019, 16:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют