» » “Davlat idoralari hadeb tekshiraverishi yoqmaydi”. Etikdo‘z hikoyasi

“Davlat idoralari hadeb tekshiraverishi yoqmaydi”. Etikdo‘z hikoyasi


“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni 20 yildan buyon etikdo‘zlik qilib kelayotgan kishi.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Aziz. Vohadanman. Yoshim 37 da. Etikdo‘zlik bilan shug‘ullanayotganimga 20 yildan oshdi.

Bolaligimda oyoq kiyimlarim ko‘p yirtilgan. Yangi olib kiyishga yoki borib ta’mirlatishga mablag‘imiz yo‘q edi. Shuning uchun o‘sha paytlardanoq ularni o‘zim tikib kiyishga majbur bo‘lganman. Balki bu kosiblikni tanlashimga sabab bo‘lgandir, bilmayman.

Maktabda o‘qib yurgan paytlarimdanoq kosiblik qilishni boshlaganman. Dam olish kunlari tuman dehqon bozoriga borib ishlardim. Topgan pulimga esa uyga xarajat qilib kelardim.

Yoshligimda men ham boshqalar kabi universitetda o‘qishni, oliy ma’lumotli bo‘lishni xohlaganman. Afsuski, maktabni bitirganimdan so‘ng o‘qishga sharoitim bo‘lmadi. O‘qimaganimga yarasha biror kasbni etagidan tutay deb etikdo‘zga shogirdlikka tushdim. Bilmaganlarimni o‘rganib, bir muddat ishladim. Keyinroq ishimni poytaxtda davom ettirdim.

Toshkentga kelishimda bir do‘stimning hissasi katta bo‘lgan. U shu yerda kosiblik qilardi. Unga ergashib men ham Toshkentga keldim. Ancha payt “Qo‘yliq”, “Yunusobod”, “Bek baraka” bozorlari atrofidagi ko‘chalarda kosiblik qildim.

Keyin topganlarimni ottirib, Yunusobodda o‘z ustaxonamni ochdim.

Havo salqin bo‘lsa, yaxshi daromad qilaman

Bir kunda mana buncha topaman deb aniq aytolmayman. Ba’zan 70 ming so‘m, ba’zida esa 80–100 ming so‘m ishlashim mumkin. Bu ham ob-havoga bog‘liq. Masalan, yog‘ingarchilikda ish yaxshi bo‘ladi. Chunki ko‘pchilikning oyoq kiyimi teshiladi, suv o‘tadi. Quruqchilik kunlari esa kamroq. Bo‘lmadi deganda kuniga 50–60 ming so‘m topaman.

Yaxshi kosib bo‘lishning birinchi siri nimada?

Kelgan mijozlarning ishini ko‘ngildagidek qilsam, ular pulini rozi bo‘lib bersa, shundan xursand bo‘laman.

Yaxshi kosib bo‘lishning birinchi siri — sifatli mahsulotlardan foydalanib, ishini yaxshi qilib bersangiz, keyingi safar yana sizga keladi. Yoki yaxshi usta bormi deb so‘rasa, kimgadir sizni tavsiya qiladi. Men shunday qilib “kliyent”larimni ko‘paytirganman.

Inson qancha topishidan qat’iy nazar halol ishlashi kerak. Shundagina ishida, topgan pulida, oilasida baraka bo‘ladi.

Ishimga aytarli muammolar bo‘lmaydi

Faqat ba’zi birovlar ishni qildirib, pulini berishga kelganda u yog‘ini bunaqa qilmabsiz, unaqa qilmabsiz, deb ko‘ngilni xira qiladi. Mayli deb, iloji boricha istaganiday to‘g‘rilab berishga harakat qilaman.

Boshida mijoz bilan ish narxini kelishib olaman. Chunki ishni tugatib mana buncha bo‘ldi desangiz, u narxga rozi bo‘lmasligi yoki puli yetmasligi mumkin.

Ba’zida pulini beraman deb aldab ketadiganlaram bo‘ladi. Balki esidan chiqib qolgandir deb yaxshi gumonda bo‘laman. Mayli, vaqti bo‘lganda yoki ishi tushganda tashlab ketar deyman. Aksariyat hollarda aytganimdek, oradan ancha vaqt o‘tsa-da, usta, o‘tgan safar sizdan buncha qarzim qolgandi, deb berib ketishadi.

Yana mast odamlar kelib, ustaxonamga kirib olib, ortiqcha gapirishi yoqmaydi. Qayerdagi gaplarni aytib o‘tirishadi. Mast bilan kelishib bo‘lmaydi, shundan sal dilxiralik bo‘lishi mumkin. Doim ham emas, albatta.

Faoliyatimda ayrim davlat idoralardan hadeb kelib tekshirishi yoqmaydi. Ishim qonuniy. Joyimga soliq to‘layman, elektrni ham vaqtida to‘lab boraman. Lekin ayb topgilari kelaveradi.

Xudo bergan rizqimizni terib yuribmiz

Bu yerda ijarada yashayman. Qo‘shimcha daromadim yo‘q. Faqatgina kosibchilik qilib ro‘zg‘or tebrataman. To‘g‘ri, boshqalar kabi yangi kiyim kiymaymiz, ko‘chalarda ovqatlanmaymiz. Tejab yashaymiz.

“Dom”imizning pastida ishlayman, Yo‘lkira qilmayman, ko‘chada ovqatlanmayman. Xarajatni qilib qo‘ysam, uyda oilam bilan ovqatlanaman. Xudoga shukr, qora qozon qaynab turibdi.

Ikkita o‘g‘lim va bitta qizim bor. Katta o‘g‘lim 9-sinf, ikkinchisi 6-sinf, qizim esa 3-sinfda o‘qiydi. Ayolim uy bekasi. Bolalarimning osh-ovqatiga qarab, dars qildirib o‘tiradi. O‘zim ham bo‘sh paytimda farzandlarimga tarbiyaviy soat o‘taman. Onadan ko‘ra otaning gapi tezroq ta’sir qiladi-da. Bolalar shahar joyda katta bo‘lyapti. Yaxshi o‘qi, darsdan chiqib uyga to‘g‘ri kel, deb aytaman. Xudoga shukr, hech biri gapimni ikki qilmaydi.

Farzandlarim kasbimni egallashini xohlamayman

Faqat o‘zi uchun o‘rgansin mayli, lekin kosib bo‘lishini xohlamayman. To‘g‘ri, bu bilan kasbim yomon demoqchimasman, lekin bolalarim menga o‘xshab sovuqlarda qora moyga botib qiynalmasdan, davlat idoralarida ishlashini istayman. Bor orzu-havasim bolalarimdan.

Ularni o‘qitishni xohlayman

Bolalarimga men qiynalib ishlab sizlarni boqyapman, sizlar ham shunga munosib bo‘linglar, mehnatlarimni oqlanglar, harakat qilinglar, orzu-havaslarimni ro‘yobga chiqaringlar, deb ko‘p aytaman. Allohga shukr, bolalarim maktabda a’lo baholarga o‘qiydi.

Odamzod borki, bu kasb hech qachon yo‘q bo‘lmaydi 

Puli borlar yangi olib kiyaveradi, puli yo‘q odamlar kosibga tiktirib kiyadi. O‘zbekistonda ko‘pchilik oylikka yashaydi. Oyoq kiyimi yirtilsa, keyingi maoshigacha boshqa ololmaydi. To‘g‘rilatib kiyishga majbur. Dunyoda boy-kambag‘al tafovuti bor ekan, etikdo‘zlik hunari yo‘qolmaydi.

Niyatlarim juda ko‘p

Eng katta orzuyim farzandlarimni uyli-joyli qilib, ularning orzu-havasini, rohatini ko‘rish. Do‘konlar ochgim keladi, shogirdlar olib, hunarimni o‘rgatsam deyman... Lekin menda hozir yetarli mablag‘ yo‘q.

Bu yerdan uy olish niyatim bor. Faqat bolalarim o‘qib, ishlab olsagina yoki qandaydir muvaffaqiyatlari uchun berilsagina uyli bo‘lishim mumkin.

Bu yerda pul topish ham, ishlatish ham oson. Avaylab ishlatmasangiz, 100 ming ham birpasda tugaydi. Viloyatlarda esa topish qiyin, lekin ko‘p ketmaydi. Uyda dehqonchilik qilasiz, hamma narsa o‘z yeringizdan chiqadi. Bu yerda hamma narsani sotvolasiz. Toshkentda yeb-ichishizga 1 million ketsa, vohada 500 ming bemalol yetadi.

Hayotingizdan mamnunmisiz?

O‘ziga ming shukr, mamnunman. Ota-onam, bola-chaqam, o‘zim sog‘-salomatman. Qo‘limda hunarim bor. Shuning ortidan oilamni ta’minlayapman. Orttirib, ota-onamga ham beraman.

Orzularm ko‘p, ularga erishsam, yanada mamnun bo‘laman, biroq menga vaqt kerak. Ko‘proq mehnat qilishim, ishlashim, pulimni ko‘paytirishim kerak. Bu yil bo‘lmasa, keyingi yil bo‘ladi inshaalloh. Ko‘zim ko‘rib, oyog‘im ishlab tursa, Xudo xohlasa, hammasiga erishaman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

“Aravakashlik qilib, qizimni ToshMIda o‘qitdim”. Aravakash amaki hikoyasi

“Tushimda marhum erim tinmay olovda yonardi”. Gulchi ayol hikoyasi

“Musorga tashlab yuborilgan 34 million so‘mni topib berganman”. Chiqindi yig‘uvchi amaki hikoyasi

Modellar boylarga jazman bo‘ladimi? Model qiz hikoyasi

“Tarozidan urib, odamlarga qurtlagan jigar va go‘sht sotgani uchun qassoblar uzoq yashamaydi”. Qassob yigit hikoyasi

“Tilanchilar taksida, o‘qituvchilar avtobusda yuradigan zamonda yashayapmiz”. Kirakash yigit hikoyasi

“Pul topish uchun hammasiga roziman, faqat fohishalikka emas!” Ofitsiantlik qilayotgan O‘zbekiston chempionining hikoyasi

“Boy o‘lsa o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin”. Go‘rkov Yursunali ota Umaraliyev hikoyasi

“Menga hech narsa kerakmas, shunchaki baxtli bo‘lishni xohlayman”. Mardikorlik qilayotgan qiz hikoyasi

“O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotilmaydi!” Morg xodimining hikoyasi

“Ofitsiantlar qo‘pol mijozlarning ovqatiga tupurib berishini eshitganman”. Ofitsiant yigit hikoyasi

“Novvoy bo‘lib ko‘z nurimni yo‘qotyapman”. Novvoy yigit hikoyasi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-11-2019, 09:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 82) ( 0) ( 81) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют