» » Qashqadaryolik tadbirkor nam paxtani urug‘likka qabul qilmagani uchun mansabdorlar bosim o‘tkazayotganini aytmoqda

Qashqadaryolik tadbirkor nam paxtani urug‘likka qabul qilmagani uchun mansabdorlar bosim o‘tkazayotganini aytmoqda


Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Muhiddin Esonov Qashqadaryoda mingga yaqin ish o‘rni yaratgan tadbirkorga u aytgan paxtani urug‘likka qabul qilishi lozimligini, aytganini bajarmasa qamatishini aytib qo‘rqitayotgani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan tadbirkor Nurbek Ergashev esa mansabdor aytayotgan paxta nam havoda qolganini, shudring tushib urug‘likka yaroqsiz holga kelganini ta’kidlamoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor Nurbek Ergashev rahbarligidagi “Sulton tex group” xususiy korxonasi viloyatning Qarshi tumanida 15 ming gektar ekin maydonida paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etgan bo‘lib, 398 ta fermer xo‘jaligi bilan paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Qisqa qilib aytganda paxta klasteri tashkil etgan.

Aytilishicha, inspeksiya boshlig‘i tadbirkorga shudring tushib, namgarchilikda qolgan paxtani urug‘lik sifatida qabul qilishni talab qilgan. Aks holda qamatib yuborishini bildirgan.

— Bosh vazir maslahatchisi A.Vahobov tomonidan 2019-yil 29-iyulda “Urug‘lik paxta xomashyosini terish” tartibi tasdiqlangan bo‘lib, mazkur tartibga ko‘ra, shudring va namgarchilikdan keyin urug‘lik paxta terilmasligi lozimligi belgilangan, — deydi tadbirkor Nurbek Ergashev. — Ammo bu ishga mas’ul mansabdor esa talabni buzishimni so‘rayapti. Bajarmasam, qamatishini aytdi. Hozir rahbarning qosh-qovog‘iga qarab, talabga javob bermaydigan paxtani urug‘lik sifatida qabul qilsam, ertaga bu yomon oqibatlarga olib keladi-ku. Men tayyorlagan urug‘ni qaysidir fermer dalasiga ekadi. Unda nima bo‘ladi? Men o‘shanda davlatga, Prezidentning ishonchiga xiyonat qilgan bo‘lmaymanmi?

Tadbirkorning “Daryo” muxbiriga aytishicha, muammoning boshlanishi “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DK hududiy boshqarmasi boshlig‘i Shomurod Sultonovga tegishli fermer xo‘jaligining namgarchilik va shudringda qolgan urug‘lik paxtasini qabul qilmaganidan boshlangan.

— 7–8-noyabr kunlari Shomurod Sultonovning xotini Matluba Shukurova rahbarligidagi “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligining 5 tirkama paxtasini urug‘likka qabul qilmadik va boshimizga g‘avg‘o sotib oldik, — deydi Nurbek Ergashev. — O‘shandan beri goh Shomurod Sultonov, goh inspeksiyaning Qashqadaryodagi rahbari Akrom Aripov qo‘ng‘iroq qilib, paxtani urug‘likka qabul qilishim lozimligini aytishadi. 10-noyabr kuni Muhiddin Esonov ham ularning safiga qo‘shildi va endilikda 3 kishi bo‘lib bosim o‘tkazishmoqda. Mutasaddilar o‘zlari aytgan tartibga o‘zlari qarshi chiqishyapti. Aslida barcha rahbarlar viloyatimizda oktabr oyining yakuni va noyabr oyining boshi yomg‘irli va sovuq kunlarga to‘g‘ri kelganini yaxshi bilishadi-yu.

Laboratoriya tahlili natijasiga ko‘ra, “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligi tomonidan 7-noyabr kuni paxta punktiga keltirilgan 3 tirkama paxtaning namligi 11,1 foizni, iflosligi esa 1,5 foizni tashkil etgan. 8-noyabr kuni olib kelingan 2 tirkama paxtaning namligi esa 9,7, iflosligi 2,8 foiz bo‘lgan. Shunga qaramay urug‘lik paxta sifatida qabul qilish talab qilingan. Tabiiyki, paxta klasteri mutaxassislari buni rad etgan.

Agroinspeksiyaning Qashqadaryodagi xodimlaridan biri “Daryo” muxbiri bilan muloqotda 7-noyabrda olib kelingan paxta haqiqatan ham namlik darajasi yuqori bo‘lgani bois talabga javob bermasligini tan oldi.

— Paxta quritilib, 3–4 kundan keyin olib kelingan, ammo baribir qabul qilishmagan-da, — deydi inspeksiya xodimi.

“Daryo” muxbiri bilan muloqot qilgan yana bir mutaxassis — agroinspeksiyaning respublikadagi vakili Ne’mat Ismoilov urug‘lik paxta haqiqatan ham nam bo‘lgan bo‘lsa, talabga javob bermasligini, ammo quritilgach urug‘lik sifatida qabul qilish mumkinligini bildirmoqda.

— Agar urug‘lik paxta haqiqatan ham urug‘lik paxta yetishtirish uchun tanlov komissiyasidan o‘tgan fermer xo‘jaligi tomonidan keltirilgan bo‘lsa va paxtani terish qoidalariga rioya qilingan bo‘lsa, nam paxta quritilgandan so‘ng ham urug‘lik paxta vazifasini bajaradi, — deydi Ne’mat Ismoilov. – Boisi urug‘lik sifatida chigit olinadi. Nam esa chigitga ta’sir qilmaydi.

— Paxta o‘ziga tegishli bo‘lgani uchunmi namgarchilik va shudringda qolgan bo‘lsa ham “urug‘lik sifatida qabul qilasan” deya oyoq tirab olgan, — deydi tadbirkor. – Holbuki, 2019-yil 21-oktabr kuni o‘zi Qashqadaryo “Mintaqaviy paxta terminali” MChJ direktori S.Karolovga yozgan xati talablariga qarshi chiqyapti. Sodda qilib aytganda, rahbar sifatidagi talabini, fuqarolik manfaati ustun kelib, o‘zi buzyapti.

“Daryo” muxbiriga tadbirkor tomonidan taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DK hududiy boshqarmasi boshlig‘i Shomurod Sultonov 2019-yil 21-oktabr kuni Qashqadaryo “Mintaqaviy paxta terminali” MChJ direktori S.Karolovga xat yozib, unda urug‘lik paxta xomashyosini o‘z vaqtida jamg‘arish hatto 2-terimdagi paxtani ham urug‘likka qabul qilmaslik haqida topshiriq berilgan.

Shomurod Sultonov 21-oktabr kungi xatning mazkur masalaga aloqasi yo‘qligini bildirmoqda. Uning aytishicha, mazkur fermer xo‘jaligining paxtasi birinchi terim paxta hisoblanadi.

— Klaster qilaman deb hamma joyni rasvo qildi bu tadbirkor, — deydi Shomurod Sultonov. – Dalaga ahmoq agronomni qo‘yib qo‘ygan, hech narsani bilmaydi. O‘zi esa konditsionerli xonada o‘tirvolib, butun tumanni boshqaryapti. Fermerlarni qon qaqshatdi. Na pul beradi, na yonilg‘i. Qarshi tumani uchun hech narsa qilgani yo‘q bu tadbirkor, ammo tuman “oq oltini”ga ega bo‘lib o‘tiribdi.

Tadbirkor Nurbek Ergashevning aytishicha, unga nafaqat respublikadan kelgan rahbar, hatto Shomurod Sultonov va Akrom Aripovlar ham tazyiq o‘tkazishmoqda.

Shomurod Sultonov hamda Akrom Aripovlar respublika amaldorining quyushqondan chiqqanini rad etyapti.

— Tuman va viloyat hokimligi mas’ullari, eng yomoni tuman hokimi va prokurori ham telefon qilib, tartibni buzishimni so‘rashmoqda, — deydi Nurbek Ergashev. – Bu qanaqasi?

Tadbirkorning ma’lumot berishicha, respublikadan kelgan rahbar Muhiddin Esonov tadbirkorning orqasida kim turgan bo‘lsa ham ahamiyatsiz ekanligini aytib, do‘q qilishda davom etgan.

— Muhiddin Esonov 10-noyabr kuni menga Akrom Aripovning telefonidan qo‘ng‘iroq qilib, “qayerdasan yetib kel”, dedi. Men hozirda Toshkent shahrida ekanimni, ertalab Germaniyada bo‘lib o‘tadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari bo‘yicha ko‘rgazmaga ketishimni aytdim. Shunda u menga “go‘rda bo‘lsang ham yetib kelasan va shu paxtani (7–8-noyabr kunlari keltirilgan, nam va shudringda qolgan 5 tirkama paxta nazarda tutilmoqda) urug‘lik sifatida qabul qilasan, aks holda seni qamataman. Orqangda kiming bo‘lsa ham, ishonganing kim bo‘lsa ham seni ustingdan jinoiy ish qo‘zg‘ataman, meni huquqim bor”, deb aytdi, — deydi tadbirkor.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Gulbahor Ganjayeva ham “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning so‘roviga javoban rahbari tadbirkor bilan suhbatlashganda uni haqorat qilmaganini aytmoqda.

— Haqiqatan ham rahbarimiz Qashqadaryoda bo‘lgan, siz aytgan tadbirkor bilan telefon orqali muloqot qilgan, ammo tadbirkorni haqorat qilmagan, — deydi Gulbahor Ganjayeva. – Buni rahbarimizning o‘zlari rad etmoqda.

Nurbek Ergashevning qo‘shimcha qilishicha, do‘q-po‘pisa shu kuni korxona ishchilariga ham aytilgan.

— Muhiddin Esonov menga qo‘ng‘iroq qilgan kuni “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligi dalasiga borib, ishchilarimga ham mazkur fermer xo‘jaligi paxtasini urug‘lik sifatida qabul qilishga majbur ekanligimizni, yo‘qsa korxonaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishini aytgan.

Tadbirkor Nurbek Ergashev mansabdorlar munosabatidan norozi bo‘lib, 10-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga shikoyat ariza yo‘llagan. Va unda mansabdorlarning bundayin do‘q-po‘pisasi tadbirkorning ishiga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirishini, eng muhimi, urug‘likka yaramaydigan paxtani qabul qilib, kelgusi yil qaysidir fermerning aziyat chekib qolishidan qo‘rqayotganini bildirgan.

Qayd etilishicha, tumanda 84 ta fermer xo‘jaligi urug‘lik paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha tanlovdan o‘tgan. “Sulton tex group” xususiy korxonasi bilan shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklaridan dastlab 3496 tonna, so‘ngra zaxira uchun yana 497 tonna — jami 3993 tonna urug‘lik chigit olish rejalashtirilgan. 2019-yil 1-noyabrga qadar 3811 tonna urug‘lik olingan.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-11-2019, 16:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 76) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют