Tesla kompaniyasi kapitalizatsiya bo‘yicha Ford Motor’dan o‘zib ketdi
Tesla Motors kompaniyasi kapitalizatsiyasi 3-aprel, dushanba kuni Ford Motor qiymatidan oshib ketdi, deb yozadi “Interfaks”.
Shu tariqa, Amerikaning elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha AQShdagi ikkinchi eng yirik avtomobil kompaniyasiga aylandi. Ilon Mask tomonidan 2003-yilda yaratilgan Tesla aksiyalari 3-aprel kuni 7 foizdan ko‘proqqa o‘sdi, uning kapitalizatsiyasi 48,7 milliard dollarga yetdi.
Kompaniya birinchi choraklikda dunyoda elektromobillar savdosini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 69 foizga ko‘paytirdi. Yanvar—martda kompaniya qariyb 25 mingta avtomobilni yetkazib berdi. Shu bilan bir vaqtda kompaniya faoliyati umuman olganda zarar keltiradigan bo‘lib qolmoqda, u o‘tgan yili 76 mingta mashina ishlab chiqargan.
Yiliga 6,5 milliondan ziyod avtomashina ishlab chiqaruvchi 110 yillik tarixga ega Ford kompaniyasining qiymati 45,5 milliard dollarga teng. Ford’ning savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga kamaydi.