» » Tanqid va taklif: “Ko‘k kit”ga nima bilan qarshi turamiz?

Tanqid va taklif: “Ko‘k kit”ga nima bilan qarshi turamiz?


O‘zbekistonda “Ko‘k kit” va shu kabi boshqa xavfli o‘yinlar oqibatida jabrlanish holati qayd etilgani yo‘q. Biroq ayrim yoshlarimiz ushbu o‘yin domiga tushib qolayotgani bor gap. “Qashqadaryo” gazetasida chop etilgan maqolada shu haqda so‘z boradi. 

Maqolada quyidagi tanqidiy fikrlar bildirilgan va takliflar ilgari surilgan: 

“Ma’naviyat targ‘ibotchilari va yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar odatda ma’ruzadan yoki yigirma-o‘ttiz yoshni yig‘ib majlis, tadbir o‘tkazishdan nariga o‘tmaydi. Bu boradagi ishlar hech qanday samara bermaydi. Chunki bugungi yoshlarni pand-nasihat bilan, ma’ruza o‘qish orqali tarbiyalab bo‘lmaydi. Bunday uslublarning davri o‘tdi. Bunday uslublardan odamlar charchadi.

Hech kimga sir emas, yoshlarni internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan ajratib bo‘lmaydi. Chunki davrning taqozosi shu. Demak, masalaga shu nuqtai nazardan kelib chiqib yondashishimiz zarur emasmi? Nimaga yoshlar yuqoridagi kabi manfur o‘yinlarga oshufta bo‘lyapti? Chunki uning o‘rniga biz taklif qiladigan ijobiy, foydali, samarali o‘yinlar yo‘q. 

‘Ko‘k kit’ yoki ‘Pokemon’ singari o‘yinlarni mohir dasturchilar yaratmoqda. Xo‘sh, nima uchun farzandlarimizning shirin hayotiga qasd qilishga urinayotgan ‘Ko‘k kit’ kabi o‘yinlarga qarshi dasturlarni yarata olmaymiz? Nima, dasturchilarimiz yo‘qmi? Mablag‘ yetishmaydimi? Hammasi bor. Endi ularni ishga solishning vaqti kelmadimi? Yoshlar bilan ishlaydigan o‘nlab tashkilot bor, ular faoliyati samaradorligi uchun milliardlab mablag‘ sarflanyapti. Nima uchun ular virtual xavfga qarshi tayinli ish qilmayapti? 

Deylik, yurtimizning eng kuchli axborot texnologiyalari mutaxassislari ishtirokida bir o‘yin tuzib chiqsak-da, uni ‘Kamolot’ga yo‘l’ deb nomlasak. ‘Har yomonning bir yaxshisi bo‘ladi’, deganlaridek, mayli, o‘sha salbiy o‘yinlar uslublaridan ham foydalanaylik. Ko‘rayapmiz, yoshlarimizni bu uslublar, ular qo‘llayotgan vositalar ohanraboday o‘ziga jalb qilyapti.

Biz ham psixologlarni jalb qilaylik. O‘smir uchun foydali vaqtni tanlaylik. O‘yin shartlari shunday bo‘lsin: matematika, adabiyot, tarix, qo‘yingki, barcha fanlar va foydali bilim beradigan sohalar bo‘yicha savollar berilsin. Bir savolning javobi kutubxonada, keyingisiniki muzeyda, yana biriniki teatrda, xullas, o‘smir ham o‘yin o‘ynab, shu asnoda ta’lim, madaniyat muassasalarini birma-bir kezib chiqsin. Bilimi boyisin, tasavvuri kengaysin. Shu yo‘lda kitob o‘qisin, lug‘at yodlasin. Bosqichma-bosqich tarzda bilimini sinovdan o‘tkazib, mukofotgacha yetib borsin.

Oxirgi manzil, ya’ni o‘yinning kulminatsion nuqtasi ‘Kamolot’da tugasin va bu yerda g‘olibni avtomobil kutib tursin. Mukofotga bundan qimmatroq, qiymatliroq yutuq qo‘ysak ham hech narsa yutqazmaymiz, aksincha yutamiz. Mayli, kompyuter jamlanmasi bo‘lsin, mayli, chet elga sayohat, oliy o‘quv yurtiga kirish yo‘llanmasi, kontrakt pulini to‘lab berish, stipendiya va hokazo…

Ana shunday o‘yinlarni yarata olsak, yoshlarimiz hech qachon boshqa o‘yinlarga chalg‘imaydi. Yot g‘oyalar bilan fikri buzilmaydi. Xullas, bu yo‘lda mablag‘ sarflashdan qo‘rqmasligimiz kerak. Gap bolalarimiz kelajagi, ertangi taqdiri haqida ketmoqda”.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

Опубликовано: admin (5-04-2017, 10:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 78) ( 0) ( 77) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют