» » Sog‘liqni saqlash vazirligi korall kalsiyning onkologik kasalliklarni ham davolashi haqidagi ma’lumotlarni inkor etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi korall kalsiyning onkologik kasalliklarni ham davolashi haqidagi ma’lumotlarni inkor etdi


So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatga chetdan olib kelinayotgan korall kalsiy biologik faol qo‘shimchasi haqida har xil shov-shuvli ma’lumotlar tarqatilmoqda. Jumladan, korall kalsiy juda ko‘p dardlarga shifo bo‘lishi, hatto, onkologik kasalliklarda ham yaxshi samara berishi haqida asossiz xabarlar ko‘payib boryapti. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur ma’lumotlarni atroflicha o‘rgandi hamda o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Darhaqiqat, kalsiy moddasi inson hayoti va salomatligi uchun muhim mikroelementlardan biri. Zero kalsiy inson suyak tizimlarini mustahkamlash, organizmda modda almashinuvini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli tarkibida kalsiy bo‘lgan biologik faol qo‘shimchalar doim xaridorgir bo‘lib kelgan.

Korall kalsiysi haqida so‘z yuritiladigan bo‘lsa, bu modda kalsiy karbonatining bir ko‘rinishi bo‘lib, kalsiyning dunyoda eng ko‘p tarqalgan turi hisoblanadi. Korall kalsiysi toshlangan koralldan olinadi va uning minerallar tarkibi oddiy kalsiyga qaraganda biroz boyroq bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda poytaxtdagi “BEVERLee Business” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijdan olib kelingan ana shunday mahsulotni aholiga taqdim etmoqda. Ushbu MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va u taqdim etayotgan mahsulotlar tegishli muvofiqlik va sifat sertifikatiga ega. Biroq chetdan keltirilayotgan korall kalsiy biologik faol qo‘shimchasi narxi dorixonalarda sotilayotgan kalsiy preparatidan juda ham qimmat, samaradorlik borasida esa amaldagi tibbiy preparatlardan u qadar farq qilmaydi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot ham isbotladi.

“Bu ikkala kalsiyning asosini tekshirish uchun “Beverli” kompaniyasining tarmoqli marketing orqali sotilayotgan kalsiy tabletkasi va undan ancha arzon bo‘lgan dorixonalarimizda sotilayotgan kalsiy tabletkasini solishtirish maqsadida maxsus tadqiqot o‘tkazdik. Poroshok ko‘rinishida bir xil miqdorda ikkita namuna tayyorlandi. Tadqiqotda ikkala namunaning asosi bir xil ekanligi aniqlandi. Faqatgina ‘Beverli’ kompaniyasiga tegishli kalsiy namunasida minerallar tarkibi biroz ko‘proq ekan”, — deydi mazkur institut ilmiy xodimi Rustam Ashurov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Shoislomov korall kalsiy haqida shunday deydi:

“Bu biologik faol qo‘shimchani har dardga davo deb talqin etish mutlaqo noto‘g‘ri. Bundan tashqari, inson biror dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimcha iste’mol qilishdan oldin, albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tishi lozim. Qolaversa, dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchalarni oylab, yillab uzluksiz iste’mol qilish aslo mumkin emas.

Jumladan, tarkibida kalsiy saqlovchi har qanday dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchani ham o‘z bilganicha ichish nafaqat foyda keltirmasligi, balki turli xil salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xususan, biz yurak–qon tomir tizimi kasalliklariga moyilligi bo‘lgan shaxslarda yurak ritmining turli buzilishlariga va hatto o‘limga ham olib kelganligi haqidagi ayanchli ma’lumotlarga egamiz. Shuningdek, siydik-tosh kasalligi bor bemorlarda dardni zo‘raytirib yuborganlik holatlari ham ko‘p kuzatilgan”.

Shunday ekan, kasalliklarni davolashda sifat va miqdor jihatdan tekshiruvlardan o‘tkazilgan, shu bilan birga, xususiyatlari ham to‘liq o‘rganilgan kalsiy saqlovchi dori vositalaridan shifokor tavsiyasiga asosan foydalanish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda mamlakatda kalsiy saqlovchi juda ko‘p samarali dori vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan va dorixonalarda yetarli miqdorda mavjud, narxi ham hamyonbop, deyiladi xabarda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-12-2019, 12:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 89) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют