» » 1-yanvar – Serera kashf qilingan sana. U inson birinchi marta kuzatgan asteroid hisoblanardi, lekin mitti sayyora bo‘lib chiqdi

1-yanvar – Serera kashf qilingan sana. U inson birinchi marta kuzatgan asteroid hisoblanardi, lekin mitti sayyora bo‘lib chiqdi


“Yugurganniki emas, buyurganniki” degan ibora ba’zan ilm-fanda ham o‘zini namoyon qilib turadi. Ma’lumki, sayyoralarning Quyoshdan uzoqlashish masofasi muayyan qonuniyatga bo‘ysunadi. Ya’ni biror sayyoraning har ikki tomondagi qo‘shnisi bilan oraliq masofasi teng emas, balki muayyan sayyoraning o‘zidan keyingisi bilan oraliq masofasi o‘zidan avvalgisi bilan masofadan 1,5–2 karra katta bo‘ladi. Fanda, shuningdek, Titsius-Bode qonuniyati degan tushuncha mavjud bo‘lib, u sayyoralarning Quyoshdan olislashish masofasini empirik keltirib chiqarilgan formulaga asosan aniqlashga harakat qiladi. Ushbu formula va yuqoridagi kabi oraliq masofaning 1,5–2 karra ortishi qonuniyatlari Quyosh sistemasining deyarli barcha katta sayyoralari uchun mos keladi (Neptundan tashqari).

Titsius-Bode qonuniyatini 1766–1772-yillarda olmon olimlari Iogann Titsius va Iogann Bode tomonidan taklif etilgan. U payt hali Uran sayyorasi kashf qilinmagan, astronomiyada Quyoshdan eng olis sayyora Saturn hisoblanar edi. Ya’ni odamlar faqat oltita sayyorani bilgan xolos (hozir sayyoralar soni sakkizta, yana beshta mitti sayyora va minglab mayda sayyora ma’lum). Ushbu qonun taklif etilgach, ko‘plab astronomlar Mars va Yupiter sayyoralari oraliq masofasi unga mos kelmayotganini, ya’ni Mars va Yupiterning orasi Yer va Mars orasidan ikki barobar emas, balki 3,5 barobargacha katta ekaniga ahamiyat berdi. Shunda olimlar Mars va Yupiter oralig‘ida hali bizga noma’lum sayyora mavjud bo‘lsa kerak degan to‘xtamga kelgan edi. 1781-yilda Uilyam Gershel tomonidan Uran sayyorasi ham kashf etilgach, uning ham joylashuvi Titsius-Bode qonuniyatiga mos kelishi aniqlandi va bu astronomlarni yanada ruhlantirib yubordi. Endi hamma Quyoshdan 2,8 astronomik birlik masofasida yana bitta sayyora borligi aniq degan fikrga ishonib qoldi.

Ko‘plab sohada bo‘lgani kabi, fanda ham mashhurlik ketidan quvish va nomini tarixda qoldirishga urinish tendensiyasi mavjud. Boyagi fikrdan keyin o‘sha Mars va Yupiter oralig‘idagi noma’lum sayyorani topishni va bu orqali nomini tarixda qoldirib, ilm-fanda katta obro‘ qozonishni maqsad qilgan bir gala professional va havaskor astronomlar o‘sha sayyorani qidirishga kirishib ketdi. Chunonchi, Frans Ksavyer ismli olim boshchiligida 24 professional astronom yig‘ilib, tinimsiz kuzatuvlar tashkil qildi. Shuningdek, yana bir astronom olim va professional vrach Genrix Olbers ham bu borada katta tashabbus ko‘rsatgan edi. U ham Bremenda maxsus kuzatuv guruhi tuzgan va guruhdagi odamlarga osmonni bo‘lib berib, o‘sha Mars va Yupiter orasidagi sayyorani qidirish ishlariga boshchilik qilgandi. Olbers noma’lum sayyorani topish shunchaki vaqt masalasi deb qarardi. Ertami, kechmi, omadi kelib, uning teleskopi qidirilayotgan sayyora jamolini unga albatta namoyon qiladi deb ishonardi. Shu tariqa u 1785-yillardan boshlab deyarli 15 yil sayyorani qidirdi.

Biroq, muqaddimada aytganimizdek, “yugurganniki emas, buyurganniki” degan ibora bu joyda Olbersga ham, Frans Ksavyerga ham qattiq tarsaki tushirdi. Kuzatuvlarni maxsus tashkil etib, vaqt va mablag‘ini ayamagan bu odamlar osmondan hech narsa topa olmayotgan bir paytda 1801-yilning 1-yanvar sanasida Italiyaning Palermo shahrida o‘zi qurdirgan rasadxonada kuzatuv olib borayotgan ruhoniy-astronom Juzeppe Piatssiga omad kulib boqdi.

U aslida o‘zi uchun yulduzlar katalogini tuzish ishlari bilan band bo‘lib, boshqa bir ruhoniy-astronom Nikolya Kayl tuzgan katalogdagi №87 raqam bilan qayd etilgan yulduzni qidirayotgan edi. Kayl katalogidagi №87 raqamli yulduz joylashgan bo‘lishi kerak bo‘lgan koordinatalarni kuzatayotib Piatssi tasodifan yorqin bir nuqtani ko‘rib qolgan. U germaniyalik astronomlar jon-jahdi bilan qidirayotgan o‘sha sayyora ekanini Piatssi bilmagan ham. Avvaliga Piatssi uni kometa deb o‘ylagan. Biroq keyingi kuzatishlardan keyin olim bu yorqin obyekt aynan sayyora ekanini fahmlab qoldi. Hisob-kitoblar orqali u Marsdan keyin va Yupiterdan oldin joylashganligini aniqladi. Piatssi bu haqda to‘laroq ma’lumot va hisob-kitob natijalarini batafsil bayon qilib, Berlinga, Iogann Bodega va Parijga, Jerom Lallandga xat yozdi. Uning hisob-kitoblarini matematiklar shohi deb e’tirof etilgan olim Karl Fridrix Gauss tekshirib chiqdi va kashf qilingan obyektning orbitasini hisoblab berdi. Shu tariqa, astronomlar bir necha yil qidirgan o‘sha sayyora kashf qilindi.

Yangi kashf etilgan sayyoraga nom berish huquqi odatda kashfiyotchining o‘ziga taqdim etiladi. Shunga ko‘ra, Piatssi avvaliga Sererea Ferdinandea nomini bergan. Bu ikki qismdan iborat nomning birinchisi – Sererea Piatssi yashagan hudud – Sitsiliya qirolligi xalqlari mifologiyasida hosildorlik ma’budining nomi bo‘lgan; ikkinchisi – Ferdinandea o‘sha paytda Sitsiliya qiroli bo‘lgan Ferdinand III ning sharafiga berilgan edi. Keyinchalik sayyora nomi shunchaki Serera tarzida qoldirilgan.

Albatta, o‘sha yillari Sereraning kashf etilishi ilm-fan uchun avvaliga juda katta hodisa deb qaralgan edi. Biroq shundan keyin boshqa astronomlar ham aynan unga yaqin joydan yana boshqa yirik obyektlarni kashf qila boshladi. Xususan, 1807-yilgacha Sereraga o‘xshash va unga yaqin joyda harakatlanayotgan jismlar soni to‘rttaga yetdi. Bular Pallada, Vesta va Yunona asteroidlari edi. 1845-yildan e’tiboran esa har yili eng kamida ikkita shunday obyekt kashf qilinmoqda.

Shunga ko‘ra, avvaliga bu kashfiyot katta furor ko‘targan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay astronomlarning hafsalasini pir qilgani ham rost. Chunki aslida Mars va Yupiter oralig‘ida bu singari obyektlar favqulodda ko‘p sonda ekani ma’lum bo‘ldi. Serera shunchaki ular ichida eng kattasi bo‘lgani uchun birinchi bo‘lib aniqlangan ekan. Ya’ni u minglab asteroidlarning eng kattasi edi xolos.

Serera 2005-yilgacha eng katta asteroid maqomida bo‘lib keldi. Biroq uning boshqa asteroidlardan farq qiladigan muhim jihati bor edi. Serera shaklan sfera ko‘rinishida bo‘lib, massasiga ko‘ra asteroidlar halqasidagi barcha obyektlar massasining 32 foizini tashkil etadi. Qolaversa, uning orbitasi yirik sayyora bo‘lmish Merkuriy orbitasidan va olis mitti sayyora – Pluton orbitasidan barqarorroq.

2005-yildan boshlab astronomlar Neptun orbitasidan narida, Koyper belbog‘i sohasida yana bir necha shu singari yirik osmon jismlarini kashf qildi. Ma’lumki, Pluton ham shu hududda joylashgan. Kattaligi va massasi asteroidlardan yirikroq, lekin katta sayyoralardan maydaroq bo‘lgan bu singari obyektlar soni 2005-yilning o‘zida beshtaga yetib qoldi. Bular Serera va Plutondan tashqari Makemake, Erida va Haumea nomli obyektlar edi. 2006-yilda Xalqaro astronomiya ittifoqi maxsus yig‘ilish o‘tkazib, bu kabi na sayyora va na asteroid bo‘lmagan “arosat” obyektlar uchun yangi tasnif – “mitti sayyora” tushunchasini kiritdi. Unga ko‘ra, shaklan sfera shakliga ega, massasiga ko‘ra yirik va orbitasini “tozalash”ga yetarli gravitatsiya kuchiga ega obyektlar “mitti sayyoralar” deb e’tirof etildi. Shundan buyon Serera o‘sha mitti sayyoralarning dastlabkisi va Quyoshga eng yaqini o‘laroq qayd etilmoqda.

P.S.: Serera kashf etilgan zamonlarda kimyo fanida ham bir qiziq tendensiya mavjud edi. Biror yangi kimyoviy element kashf etilgan vaqtda undan sal avvalroq biror osmon jismi ham kashf etilgan bo‘lsa, buni sharaflash uchun boyagi yangi kashf qilingan kimyoviy elementga ham o‘sha osmon jismining nomi berilishi urf bo‘lgan. Uran, plutoniy, neptuniy, palladiy singari element nomlari xuddi shu tendensiya mahsulidir. Maqolamiz qahramoni Serera mitti sayyorasi kashf etilishidan biroz o‘tib, 1803-yilda Shvetsiyada kimyogar Yens Yakob Berselius sherigi Vilgelm Xeyzinger bilan birgalikda siyrak yer elementlari turkumiga mansub yangi kimyoviy element kashf etgan edi. Unga Serera sayyorasi sharafiga seriy deb nom berildi.

Muzaffar Qosimov



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-01-2020, 20:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 52) ( 0) ( 52) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют