» » Sherzod Kudbiyevning ilk 200 kuni

Sherzod Kudbiyevning ilk 200 kuni


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan birinchi tayinlovlardan biri 2016-yil sentabrida 35 yoshli Sherzod Kudbiyevning O‘zbekiston poytaxtidagi eng yirik tumanlardan bo‘lmish Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi etib tasdiqlanishi bo‘ldi.

So‘ng mamlakat zamonaviy tarixida noyob fakt qayd etildi — dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2017—2019-yillarda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori chiqdi. Ta’kidlash joiz, rivojlantirish dasturi budjeti 1 trillion 683 milliard so‘mga teng. Dastur orqali sanoat, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida, ijtimoiy infratuzilmada 591 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

“Daryo” nashri sharhlovchisi Baxtiyor Nasimov Sherzod Davlatovichning tuman rahbari faoliyatidagi 200-kunida u bilan uchrashdi.

Suhbat uzluksiz ravishda qo‘ng‘iroqlar bilan bo‘linib turdi. Tuman hokimi hatto intervyu chog‘ida ham ishni to‘xtatmadi. Shu tufayli, avvaldan kelishilmagan holda berilgan birinchi savol tamoman tushunarli:

— Bunday ish rejimiga uydagilar qanday munosabatda?

— Boshida hayron qolishdi, ammo hozir bu odatiy holatga aylangan: rafiqam Nargiza ham, farzandlarim — Shirinabegim va Otabek ham dadasi erta ketib, kech kelishiga ko‘nikib qoldi.

— Sherzod Davlatovich, siz hech bo‘lmasa, kechki vaqtlarni uyda o‘tkazasizmi?

— O‘tkazaman, mana, masalan, masalan…— Kudbiyev o‘ylanib qoldi. — Bilasizmi, oxirgi marta qachon bunday bo‘lgani esimda yo‘q, ammo bo‘lib turadi. Biroq o‘zim hokimlik qiladigan tumanda yashayman — bu borada omadim kelgan. Shu sababli ba’zan tushlikni qilish uchun uyga ham borib turaman. Oilaviy tushlik vaqtlarida muloqot qilishga muvaffaq bo‘lamiz, nimalarnidir muhokama qilamiz.

— Ish kuningiz qachon va nima bilan boshlanadi?

— Ertalab yettidan. Taxminan bir yarim soat ichida tumanni aylanib chiqishdan boshlanadi. Bir kun avvalgi topshiriqlardan kelib chiqib, joylarni ko‘zdan kechiraman, nima qaysi bosqichda ekanligini ko‘raman. To‘qqizdan o‘z ishxonamda ish boshlayman. Chorshanba va juma kunlari o‘n birgacha fuqarolarni qabul qilaman, so‘ng yana maqsadli tarzda chiqib ketaman: muayyan obyektlarni, ma’lum bir mahallalarni borib ko‘raman.

— Bugun qayerlarga bordingiz?

— Avvaliga yangi asfalt yotqizilayotgan Shukur Burxonov ko‘chasiga bordim, asfalt sifatini, nima qanday bajarilayotgani, qanday muammolar borligini o‘rgandim. Ikkinchi bo‘lib, Avayxon ko‘chasini borib ko‘rdim, u yerda asfalt yotqizishga tayyorlanishmoqda. So‘ng Gyote ko‘chasiga bordim. Keyin esa mini-inqilobiy narsalar bo‘layotgan Musavvirlar ko‘chasini ko‘zdan kechirdim. U yerda shu paytgacha hech qachon bo‘lmagan trotuar qilinmoqda. Bolalar bog‘chasi, maktab va poliklinika yonida avtoturargohlar bunyod etyapmiz. Imkoni bo‘lgan joylarda trotuarlar qilyapmiz, yo‘llar ustidagi simlardan iborat “o‘rgimchak uyalari”ni olib tashlash, simyog‘ochlarni bir qatorga to‘g‘rilash, kabellarni yer ostiga yashirish orqali tartib o‘rnatyapmiz.

Sherzod Kudbiyev
Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi.

Iqtisod fanlari nomzodi.

Xo‘jalik ishchisimi yoki siyosatchi? Hokim sifatidagi faoliyatimning ushbu bosqichida, men ko‘proq — ehtimol 99 foiz — xo‘jalik ishchisiman. O‘z ishimning sifatini quyidagicha baholashim mumkin: xo‘jalik ishlari bilan qanchalik kam shug‘ullansam, demak tumanni shunchalik muvaffaqiyatliroq  boshqarayotgan bo‘laman. Agar kundalik ikir-chikirlar bilan ipidan-ignasigacha o‘zim shug‘ullansam, demak biz “qo‘l boshqaruvi”dan uzoq ketmagan bo‘lamiz. Menga ushbu lavozimni ishonib topshirishgan ekan, men unga butun kuchimni berishim, hech narsani ayamasligim kerak. Bu balandparvoz gaplar emas. Ishonchni oqlash kerak.

Vakolatlar yetarlimi? Tuman hokimliklari haqiqatda qanday huquq va vakolatlarga ega? Birinchidan, Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, hokim tumanning oliy mansabdori hisoblanadi. Ikkinchidan, hokim — Prezidentning tumandagi vakili. Tuman hududida qanday obyektlar — bu vazirlik yoki davlat ahamiyatidagi obyektlar bo‘ladimi, ijtimoiy obyektlar, infratuzilma obyektlari, kommunal xizmatlar va boshqalar bo‘ladimi — joylashganidan qat’i nazar, barchasi uchun hokim shaxsan javobgar bo‘ladi.

O‘z lavozimim va o‘z ishimga aynan shunday yondashaman, ya’ni Prezident vakili sifatida barcha vakolatlarga egaman. Tabiiyki, medalning ikkinchi tomoni ham bor — bu yerda sodir bo‘layotgan barcha hodisalar uchun javobgarman. Mening darajamda hal bo‘ladigan masalalar bor, Toshkent shahar hokimi darajasida hal bo‘ladigan masalalar bor, Hukumat darajasida hal bo‘ladigan masalalar bor. Barcha muammolarni bartaraf eta olamiz deb o‘ylayman.

Jamoa. Ishni tashkil etish asosi. Doimo tashkillashtirishga va o‘z atrofimga kuchli ijrochi va tashkilotchi odamlarni yig‘ishga intilaman. Biz o‘z jamoamizni to‘liq shakllantirib bo‘ldik, deya olmayman, hali yetishmovchiliklar juda ko‘p, biroq jamoa — bor. Bu yo‘nalishda bizda hokimlikda ham, bizga qarashli muassasalarda ham ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz o‘z vaqtida, ushbu tumanga rahbarligi chog‘ida o‘rnatgan tizim rolini alohida ta’kidlash kerak. Jamoa to‘g‘risida gapirganda, o‘z hamkasblarim: tuman prokurori, tuman ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘iga alohida rahmat aytishim kerak. Nima uchunligini tushuntiraman. Tuman metodologik jihatdan to‘rtta sektorga ajraladi, har bitta sektor esa men tilga olgan rahbarlar va mening shaxsiy mas’uliyatim zonasi. Ularga hokim funksiyasining bir qismi o‘tkazilgan, u asosan kommunal soha bilan bog‘liq. Bu kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida ayniqsa seziladi. Butun tuman uchun hokim javobgar ekanligi tushunarli. Ammo tahlil chog‘ida sektorlardan ham kommunal soha, foydalanish xarajatlari uchun yig‘imlar, tozalik, hududlarni tozalash, axlat chiqarib ketish, tomdan suv oqishi, yerto‘lalardagi suv uchun javobgarlik talab qilinadi.

Ijroiya hokimiyatidagi ayollar. Gender tengligi masalalariga biz katta e’tibor qaratamiz. Hokim bo‘laturib ayollar masalalariga diqqat qaratmaslik mumkin emas. Chunki onalik, oila, mahallalar bilan hamkorlik masalalari kabi ulkan vazifalar turibdi. Hokimlik jamoasida, albatta ayollar bor. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari. Umumiy bo‘lim boshlig‘i. Huquqshunos. Hokimlikda fuqarolarni qabul qilishni tashkillashtirishni biz ayol kishining nozik yelkasiga yuklaganmiz. Yuzma-yuz muloqot talab etiladigan joyda biz ularga kuchli ehtiyoj sezamiz. O‘rinbosarning javobgarlik sohasiga ajralishlar, oilalarni saqlab qolish, ayollar fikri bilan tanishish mavzulari ham kiradi.

Nima uchun ayol hokimlar yo‘q, deb so‘rayapsizmi? Aftidan, bizdagi dunyoqarash baribir maksimal ish unumini talab qiladi, ikkinchidan — normalanmagan ish rejimi. Bu odatda ayollar ehtiyot qilinadigan qiyin va og‘ir ish.

Lavozimdagi ilk oylarda olingan ba’zi saboqlar. Bu lavozimda yetti oydan buyon ishlamoqdaman. Mana ba’zi saboqlar:

Men o‘z ishimda eng xush ko‘rmaydigan narsa nima? Oldindan rejalashtirilmagan yig‘ilishlar kishini bir maromdan chiqarib yuboradi. Har kuni kechqurun, kunni yakunlar ekanman, ertangi kun uchun reja tuzib qo‘yaman, ammo ko‘pincha rejalar shoshilinch majlislar tufayli buziladi.

Mamlakat oliy rahbariyatining katta qismi istiqomat qiluvchi tumanni boshqarishning o‘ziga xos jihatlari. Bu savol qiziqarli. Ulkan mas’uliyat. Mamlakat rahbariyati, hukumat tomonidan qo‘yilayotgan vazifalar bajarilishini ular bevosita o‘z xonadoni derazasi orqali yoki avtomobili oynasi orqali ko‘rib turadi. Tabiiyki, rahbarlar har kuni biz ham obodonchilik, ham kommunal xo‘jalik, ham tibbiy ta’minot, ijtimoiy sohalarda, bolalar bog‘chalari va maktablarda amalga oshirayotgan ishning sifati va natijalarini ko‘radi.

Vazirlar Mahkamasining kompleks rivojlantirish bo‘yicha qarori. U bevosita bizning hokimligimiz va Toshkent shahar hokimligi ishtirokida, barcha manfaatdor vazirliklar va muassasalar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Budjetning qariyb 40 foizi yangi qurilishga ajratilgani hisobiga, hatto ko‘plab viloyatlarni kompleks rivojlantirish dasturlari ham bunchalik katta ko‘lamli emas.

Ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish sohasida biz shunday natijaga erishishimiz kerakki, hech bir maktabda va hech bir bolalar bog‘chasida tomdan suv o‘tmasin va yerto‘ladagi quvurdan suv oqmasin. Maqsad: kommunal sohadagi barcha muammolarni yaqin ikki, eng ko‘pi bilan uch yilda bartaraf etish: tomlar, yerto‘lalar, issiqlik ta’minoti, podyezdlar, lift uskunalari, bo‘g‘otlar va trotuarlar. Va to‘liq mahalliy budjet hisobidan ta’mirlanadigan dahalar ichidagi yo‘llar masalalarini hal etish. Biz shunday hisoblab chiqishimiz kerakki, mablag‘ hammasiga yetsin.

Sanoat ishlab chiqarish sohasida dastur sanoat ishlab chiqarish hajmining Toshkent bo‘yicha o‘rtachadan ko‘ra yuqoriroqqa o‘sishini ta’minlash imkonini beradi. Qaror asosidagi eng asosiy va muhim g‘oya — sanoat ishlab chiqarish har yili kamida 11,0 foizga, xalq iste’moli mahsulotlarini ishlab chiqarish 10,0 foizga, asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar 7,0 foizga, qurilish 12,0 foizga, chakana savdo 10,5 foizga, xizmatlar 10,0 foizga o‘sishiga erishish.

Biz katta maqsad qo‘ymoqdamiz, bu uch yildan so‘ng “Buyuk Ipak yo‘li” metro bekatidan Parkent bozorigacha boradigan superelita, superzamonaviy Muhammad Yusuf ko‘chasini qurish. Bu qurilish sohasidagi maksimum-vazifa. Bunga tumanning kuchi yetadi deb o‘ylayman: hozir ushbu loyiha bilan shug‘ullanadigan muayyan investorlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz.

Sog‘liqni saqlash. Sog‘liqni saqlash masalalari, ayniqsa Prezident raisligi ostida o‘tkazilgan ikkita video-selektor yig‘ilishlaridan keyin, barcha tumanlarga, shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumaniga ham tegishli. Bu sohada tuman maqtana oladigan narsalar yo‘q. Ma’lum ishlar boshlangan. Birinchisi: dori vositalari bilan ta’minlash. Toshkent hokimi qarori tufayli, bepul dori vositalari bilan ta’minlashni moliyalashtirish hajmi keskin ravishda, qariyb ikki karra oshirildi. Hozir ishonch bilan ayta olamanki, agar budjet kasalxonasiga joylashsangiz, davlat sizni hamma narsa bilan ta’minlaydi, hech narsa: na bint, na ukol va dorilarni olib kelishingiz kerak bo‘ladi.

Dorixonalar tarmog‘i — iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimining tegishli organini va Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentini jalb etgan holda har kuni monitoring olib bormoqdamiz. Ma’lum bir yutuqlar bor. Ba’zilardan litsenziyalarni olib qo‘yishga to‘g‘ri kelmoqda.

Kasalliklar oldini olish bo‘yicha ishlar olib bormoqdamiz. Nafaqat davolash, balki patronaj ham. Tumanda anketa so‘rovini o‘tkazish amaliyoti joriy qilingan. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilmoqdamiz.

Jamoatchilik fikri qanday o‘rganilmoqda? Prezident 2017-yilni Xalq bilan muloqot yili deb e’lon qilib, qanchalik haq bo‘lganiga amalda ishonch hosil qildim. Xalq bilan suhbatlashish kerak, ular o‘z muammolarini bayon qilishi, bizning nimada nohaq ekanligimizni, nima uchun u yoki bu ishni qilishimiz kerakligini tushuntirishi kerak. Agar kimdir sizni qadrlamasa, tushunmasa, bu hafsala pir bo‘lishi kerak, degani emas. Yana qaytib borish va tushuntirish, uqdirish kerak. Shunda odamlar sizni qo‘llab-quvvatlaydi. Odamlar qo‘llab-quvvatlasagina, natija bo‘ladi.

Shaxsiy qabullar. Dushanbadan tashqari har kuni — haftasiga ikki kun shaxsan o‘zim 10—12 kishidan qabul qilaman, uch nafar o‘rinbosarim ham shunday qabullarni uyushtiradi — shunda kuniga 50—80 kishi qabul qilinadi. Shunisi qiziqki, murojaatlarning yarmi joyida hal etiladi.

Yig‘ilishlar. Kamida haftada bir marta 400—500 kishini yig‘ib, dolzarb masalalarni muhokama qilishga intilaman. Bular uy-joy, kommunal, ijtimoiy ta’minot masalalari bilan kelgan odamlar, tadbirkorlar bo‘lishi mumkin. Biz odamlarni kelishga majbur qilmaymiz, ammo zalda odatda tangaday ham bo‘sh joy bo‘lmaydi. Chunki muammolarni hal etamiz.

Facebook. Facebook’da hokimlik sahifasini ochdik va aholi hokimlikka murojaat qilish uchun qo‘shimcha kanalga ega bo‘ldi. Facebook orqali kelib tushayotgan murojaatlarning birortasi ham e’tiborsiz qolmayapti. Biz ularni rasmiy arizaga tenglashtirganmiz. Maxsus shakl tayyorlaganmiz, har bitta murojaatni ro‘yxatga olamiz va nazorat qilamiz.

Veb-sayt. Muloqot yili doirasida biz Mirzo Ulug‘bek tumanining yangilangan saytini ishlab chiqib, ishga tushirmoqdamiz. Yangilik kiritmoqchimiz. Qanaqa yangilik? Birinchidan, biz onlayn faoliyat yuritmoqchimiz. Fuqarolarning barcha qabullarini onlayn rejimida translyatsiya qilib, so‘ng yozuvlarni saytga joylamoqchimiz. Savollar va murojaatlarning taxminan 70 foizi takrorlanadi, va fuqarolar javoblarni bevosita olishi mumkin. Ikkinchidan, hokimning uy-joy masalalari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kredit berish, yo‘llar, sog‘liqni saqlash, maktablar va bolalar bog‘chalari, savdo kabi aholini qiziqtiradigan masalalar bo‘yicha video-javoblari, vebinarlar seriyasini yozib olmoqchimiz. Hech bo‘lmasa, 15—20 daqiqalik, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan nutqlar — ma’ruzalar. Toki odamlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzu bo‘yicha videolarni tomosha qilishi yoki yuklab olishi mumkin bo‘lsin.

Tuman aholisi qanday yordam bera oladi? Muvaffaqiyatimizning asosiy garovi — aholining ko‘magi. Yaqin va unumli hamkorlik qiluvchi mahallalar bor, yana shunday hududlar borki, ular bilan hamkorlik qiyin kechadi. Shunga qaramay, aksariyat bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Men buni qayerdan bilaman? Bitta misol. Biz tumanda kam ta’minlanganlar uchun umumiy navbatni bekor qilgan yagona hokimlikmiz. Nima uchun? U yerda afg‘on urushi qatnashchilari, yolg‘iz onalar kabi 14 ta alohida guruh bo‘yicha navbat olib borilar edi. “Navbatda kim birinchi?” — deb so‘raganimda, bir yo‘la 14 kishi navbatda birinchi bo‘lib turgani ayon bo‘ldi. Bu yerda korrupsiya borligi tushunarli, va biz buni bekor qilib, ishlab chiqilgan muhtojlik koeffitsiyenti bo‘yicha navbat joriy etdik. To‘qqiz kishilik komissiya ko‘rib chiqadi, mezonlar, ballar izchilligi bor — barchasi shaffof va aniq-ravshan. Tumanda bugungi kunda 12 kishi kommunal jamg‘armadan bepul uy-joy bilan ta’minlanish huquqi ega ekanligi aniqlandi.

Prezidentning Sirg‘ali tumanida arzon uy-joylar qurish haqidagi qarori biz uchun katta ko‘mak. Prezidentning Toshkent hokimligi qoshida faqat ipoteka loyihalarini moliyalashtirish uchun alohida “Poytaxt bank” ipoteka bankini ochish haqidagi qarori ham o‘z vaqtida chiqdi. Bunga nemis modeli asos qilib olingan: xonadon narxining 50 foizini to‘playsiz va shundan so‘ng sizga xonadon beriladi. Qolgan summa besh yil davomida to‘lanadi.

Biz aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sifati uchun teng ravishda javobgar ekanligimizni albatta yetkazishimiz kerak, ya’ni tuman ma’muriyati ishlarni tashkillashtirish nuqtai nazaridan, aholi esa o‘z uyini tutish uchun javobgar. Aholi qanchalik mas’uliyatni, shu jumladan, o‘z uylari va hovlilarini sifatli obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari uchun qanday moliyaviy yuklamani o‘z zimmasiga olishga tayyorligi haqida so‘rov tashkil qilmoqchimiz. Tijorat banklari tomonidan Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ta’mir ishlarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Bizning eng katta falokatimiz — loqaydlik. Shu yo‘nalishda biroz ishlashimiz kerak.

Tuman o‘sadi va kengayadi. Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan bosh rejaga ko‘ra, tuman Qibray tumanining bir qismi hisobiga kengayadi. Mirzo Ulug‘bek tumani yaqin yillar ichida 730 gektarga o‘sadi.

TTZgacha metro. Reja bor, metropoliten qurilishi sxemasi tasdiqlangan. “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidan keyin uchta bekat quriladi, oxirgisi TTZda bo‘ladi. Olti kilometrli yo‘l kuniga 200 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Eski va avariyali uylar muammosi. Eskirgan uy-joylarni buzish bo‘yicha tasdiqlangan reja bor, bu u yerda istiqomat qiluvchi shaxslarga kompensatsiya sifatida teng qiymatli mol-mulk berish masalasi yechimi bilan parallel tarzda bormoqda. O‘ziga xos binolarni asrab qolishga harakat qilamiz. Bu yerdagi murakkabliklar shundaki, ba’zan bir uyda de-fakto (amalda) 3—5 kishi istiqomat qiladi, de-yure (rasman) esa 3—5 ta oila ro‘yxatda turadi. Investorlarimiz keyin xarajatlarni qoplay olmaydi va ish to‘xtab qoladi. Hali ko‘p ishlash kerak.

2017—2019-yillarda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanini kompleks rivojlantirish dasturi doirasida jami maydoni qariyb 400 ming kvadrat metrga teng 60 dan ortiq ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish ko‘zda tutilgan.

Me’morchilik transformatsiyalari odamning qulaylikda yashashiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Bu fikringizga qo‘shilaman, shahar, tuman aholi uchun qulay bo‘lishi kerak. Tumanda sershovqin attraksionlardan xoli va ortiqcha infratuzilmasiz bo‘lgan bog‘lar, yashil hududlar yaratilmoqda, u yerda faqat maysazor va o‘rindiqlar bo‘ladi. Tumanning 12 ta nuqtasida allaqachon joylar ajratilgan: “O‘zbekiston” va “Grand Mir” mehmonxonalari oralig‘ida, Temur Malik ko‘chasida 6000 kvadrat metrlik katta bog‘ bo‘ladi, Humoyun va Ahmad Yugnakiy massivlarida kichik xiyobonlar bo‘ladi. Har kuni investorlarni qidiryapmiz. Yangi bog‘larda sog‘lomlashtirish zonalari bo‘lishiga va ularning ko‘pchiligida qizil g‘ishtdan “salomatlik yo‘laklari”ni tashkillashtirishga harakat qilishga va’da beraman.

Tumanda hovlilarga 4500 dan ortiq o‘rindiqlar o‘rnatildi, ularning bir qismi Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hisobidan tashkil qilindi. Ammo bu yetarli emas. Hali davom ettiramiz.

Tumanda namunaviy mahalla loyihasi asosida zamonaviy mahalla guzarlarini barpo etishining aniq rejasi ishlab chiqilgan. Jumladan, 54 ta mahallalardan 36 tasining aniq mablag‘lari, ularning manbasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Tumanning muhandislik-kommunikatsiyaviy va ishlab chiqarish infratuzilmasining yetakchi mexanizmi bo‘lgan tumanning me’moriy qiyofasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida 771 milliard so‘mlik 337 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Hozirda rekonstruksiya qilinayotgan ko‘chalar trotuarlar nuqtai nazaridan jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar harakatlanishi uchun moslashtirilmoqda. Bu avtobus bekatlari va metro bekatlari uchun ham o‘rinli. Tan olish kerakki, bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish zarur.

Biz Salor daryosini tuman aholisi uchun dam olish joyiga aylantirish bo‘yicha tadrijiy ishlarni boshlab yubordik.

— Tasavvur qiling, hozir sizni Mirzo Ulug‘bek tumanining barcha aholisi o‘qimoqda. Ularga nima degan bo‘lardingiz?

— Ulardan menga ishonishni so‘ragan bo‘lardim. Tumanni rivojlantirish uchun kuchimni ham sog‘lig‘imni ham ayamayman. Qulay yashash uchun birdam bo‘lishimiz kerak. Sizning yordamingiz, roziligingiz va ko‘magingizsiz bunga erishib deyarli mumkin emas. Agar odamlar davlat hokimiyatining harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasa, hech bir ma’muriyat hech narsa qila olmaydi. Bu Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridagi tartibga nisbatan ham, trotuarga mashinani qo‘ymaslik, ko‘chaga axlat tashlamaslik kabi oddiy axloq qoidalariga rioya etish bo‘yicha ham o‘rinli. Bolalarga esa yaxshiroq o‘qish kerak, demoqchiman. Sizning bilimingiz o‘zingizga ham, butun mamlakatga ham kerak bo‘ladi.

— Tumanda sizni qanday eslab qolishlarini istardingiz?

— Meni Mirzo Ulug‘bek tumanini boshqargan davrda tumanda yashashni qulayroq qilgan kishi sifatida eslab qolishlarini xohlardim. Bu tushuncha keng, u biz kompleks sifatida tilga olgan narsalarning barchasini qamrab oladi, bular — ham bog‘lar, ham kommunal soha, ham savdoni tartibga solish, ham garajlar.

Men shu yerda, xuddi boshqalarnikiga o‘xshash uch xonali xonadonda istiqomat qilaman. boshqalarda bo‘lgani kabi, menda ham Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bilan bog‘liq muammolar bor. Va tizim ishlab ketishini, men va barcha aholi bu yerda qulaylikda yashashini istayman.

— Sizda bitta nomoddiy mo‘jizani amalga oshirish imkoniyati bo‘lganida, bu nima bo‘lardi?

— Men sayyoradagi aholining barchasida: kattalar va bolalarda ham, erkaklar va ayollarda ham mukammal ko‘rish qobiliyati bo‘lishini ta’minlagan bo‘lardim.

Baxtiyor Nasimov,
sharhlovchi.

Опубликовано: admin (7-04-2017, 14:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют