» » O‘zbek san’atkorlari qanday noqulay vaziyatlarga tushgan?

O‘zbek san’atkorlari qanday noqulay vaziyatlarga tushgan?


O‘zbek shou-biznesi vakillari “Darakchi.uz” nashriga o‘zlari tushgan noqulay holatlar haqida hikoya qilib berdi.

“Ustozimning oldida noqulay bo‘ldi”

Mirolim Qilichev, aktyor:

– Bir kuni ustozimni bozorda savdo qiladigan qarindoshimning yoniga olib borib tanishtirdim. “Bu kishi menga ustoz bo‘ladi”, deya. Balki qarindoshimning kayfiyati yo‘qmi yoki ishi bilan bog‘liq biror muammo bo‘lganmi, xullas menga qarata “Xo‘sh, nima qilay?” degan. Ustozim oldida uyatdan bo‘larim bo‘lgandi. Uzr so‘rab, “Yo‘l-yo‘lakay kirib o‘tgandik”, deganman.

“To‘yga borib…”

Aziz Rajabiy, xonanda:

– Ijodimni endi boshlagan kezlar, birrovga xizmatga chaqirishdi. Navbatim kelib kuylayotganimda bir mashhur hofizning ma’muri yonimga kelib, qulog‘imga asta shivirladi: “Qo‘shiqni tezroq tugating, bizga gal berishmoqchi”. Shu payt ikkinchi taronani boshlayotgandim. Xayolim buzilib, fonogramma ketayotganini ham bilmabman. Birinchi kupletning ikkinchi qatori boshlanganida o‘zimga keldim. Bundoq qarasam, hamma menga qarab turibdi. Ma’murimga qarab, “musiqani o‘chir” dedim-u, to‘yxonadan yerga qarab chiqib ketdim. Juda noqulay ahvolga tushgandim.

“Qimmatbaho idishni sindirdim…”

Madina Mumtoz, xonanda:

– Yangi kelinligimda qaynonamning yaxshi ko‘rgan idishini sindirib qo‘yganman. Ko‘rib qolmaslaridan tezgina yig‘ishtirib ola qolay deganimda, qaynonam kirib kelgan. “Oyijon, yaxshi ko‘rgan idishingizni sindirib qo‘ydim, atay qilmadim”, deganman yig‘lamsirab. Oyijonim bo‘lsa, “Xafa bo‘lmang, yaxshilikka bo‘lsin, joningiz sog‘ bo‘lsa bo‘ldi, qizim”, degan. Shu voqeani eslasam, o‘sha paytda rosa uyatga qolganim ko‘z oldiga keladi.

“O‘zimniki o‘zimga qaytdi…”

Farhod Abdullayev, bastakor:

– Mendan yordam so‘rab kelgan odamni qaytarganman “qo‘limdan kelmaydi”, deb. Aslida esa uddalaydigan ishim edi. Yolg‘on so‘zlaganimdan xijolat bo‘lib, ancha vaqt o‘zimni kechirolmay yurdim. Oradan vaqt o‘tib esa o‘zim ham xuddi shunday vaziyatga tushdim. Umid qilgan odamlarim ko‘mak berishmadi. Bir vaqtlar o‘zim qanday qilib, o‘sha odamni qaytargan bo‘lsam, menga ham shunday muomala qilishdi. Bildimki, har bir narsaning javobi bo‘larkan.

“Qayerdaligim esimdan chiqqan”

Aziza Nizomova, xonanda:

– Ijodiy safar payti qattiq charchaganimdanmi, qaysi viloyatda ekanligimiz yodimdan ko‘tarilgan. Samarqand shahridagi tadbirda sahnaga chiqqanman-da, “Buxoro yoshlari, salom!”, deganman. Keyin adashib ketganimni bilganimda rosa uyalgandim.

“Bolaligimga borganman…”

Nigina Anorboyeva, aktrisa:

– Kichikligimda nastarin gulini uzaman deb, qilgan ishim bir umrlik saboq bo‘lgan. Ko‘p qavatli uylardan birining atrofida gullab turgan nastarin daraxtiga ko‘zim tushgan-u, shartta bir bandini uzib olganman. Shu payt podyezddan onam va nastarin daraxtining egasi chiqib kelishdi. Onamni ko‘rib, “Siz yaxshi ko‘rasiz deb uzgandim, olib bormoqchi edim”, dedim. Ikkisi ham menga qarab kulishgan bo‘lishsa-da, onam “So‘ramay olmaydi”, deya koyigandi.

“Anglab-anglamay izza bo‘lgandim…”

Samandar Hamroqulov, xonanda:

– Talabalik paytlarimiz to‘y xizmatlariga chiqardik. Endi to‘ylarga chiqib yurgan paytlarim yotoqxonadagi do‘stlarim “Qaytayotganingda to‘y xonadagi ayollarga aytsang, paket qilib berishadi, dasturxondagi noz-ne’matlari bilan”, deyishdi. Tajribasizligim shu yerda pand bergan. Toshkent to‘ylarida shunday qilinarkan-da deb, o‘sha kuni to‘yxonadan chiqayotganda “paket” berishlarini aytganman. Xizmatga esa birinchi marta Ahror Usmonov bilan borgandim. U kishi “Bu nima?” deganlarida “O‘zimgamas, do‘stlarimga” deganman-u darrov noto‘g‘ri ish qilganimni bilib, yerga kirib ketgudek bo‘lganman. Ahror aka, “Hechqisi yo‘q, biz ham talaba bo‘lganmiz”, deganini hali ham yaxshi eslayman.

“So‘zlarim adashib ketgan…”

Ra’no Alimova, tele-radio boshlovchi:

– Ko‘p yillar avval bir voqea bo‘lgandi. Qaysidir tadbirda rus tilida so‘zlashim kerak bo‘lgan. Qattiq hayajonlanganimdan rus va o‘zbek tilidagi matn aralashib ketgan. Yanglish so‘zlayotganimni bilib, vaziyatni to‘g‘rilay olganman-u, ammo qilgan ishimdan xijolat bo‘lgandim.

“Kutilmagan voqea bo‘lgan…”

Anvar Sobirov, xonanda:

– Teatrda ustozlar bilan uchrashuv bo‘ldi. Menga navbat kelganida boshlovchi “Qo‘shiqni tugatgach, ustoz san’atkorni tanishtiring”, dedi. Kuylayotganda o‘zim bilan bo‘lib, ustozning ismi xayolimdan ko‘tarilsa deng. Muxlislarga ustoz san’atkorni ta’rifini keltirayapman-u, ismlarini aytolmayman-da. Naq 10 daqiqa uyatdan shunday qiynaldim. Oxiri parda ortidan turgan kishilardan biri ahvolimni fahmladi chog‘i, yordam berib yubordi.

“Telefonim sharmanda qilgan”

Sarvar Azimov, xonanda:

– Sensorli telefonlar endi chiqqan payti edi. Bir tanishim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Rosti unga unchalik ro‘yxushligim yo‘q edi. Suhbatlashib, telefonni o‘chirdim. Biroq sensor tizimining qo‘l harakatiga sezuvchanligini bilmasdim. Yonimdagi do‘stlarimga qo‘ng‘iroqlashgan tanishimni obdon yomonlab, kamchiliklarini aytaveribman. “Aqlli” telefonim esa tanishimga sim qoqib, barchasini yetkazib turgan ekan. Keyin u menga qayta “Hammasini eshitdim” deya qo‘ng‘iroq qildi. Bo‘larim bo‘lgan-u, ammo sir boy bermaslik uchun “Atay qildim, eshitgin, aqlingni yiqqin deb”, deganman.

Опубликовано: admin (9-04-2017, 09:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 70) ( 0) ( 69) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют