» » “‘Uchastkavoy’laringni qutqarib qolsalaring, urgani yo‘q desalaring, rozi qiladi”. Chiroqchilik IIB xodimlari qotillikni yashirish uchun guvohlarning og‘zini yopishga uringan

“‘Uchastkavoy’laringni qutqarib qolsalaring, urgani yo‘q desalaring, rozi qiladi”. Chiroqchilik IIB xodimlari qotillikni yashirish uchun guvohlarning og‘zini yopishga uringan


Chiroqchi tumanida o‘g‘rilikda gumonlangan 32 yoshli fuqaroni urib o‘ldirgan IIB xodimlari o‘z qilmishini yashirishga ham uringan. Bu haqda marhum Yu.A. bilan birga kaltaklangan ota-bola — Qurbon Ostonoyev hamda Bahrom Avliyoqulovlar ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev kaltaklanish oqibatida vafot etgan marhumning yaqinlari hamda o‘sha kuni voqea joyida bo‘lgan ota-bola bilan bilan suhbatlashish uchun Chiroqchi tumanida bo‘ldi.

— Prokuratura voqeani so‘rab-surishtirishni boshlagach, bizni kaltaklagan IIB xodimlaridan biri otamga “‘uchastkavoy’laringni qutqarib qolsalaring, urgani yo‘q, deb yuborsalaring, rozi qiladi” dedi, — deydi Bahrom Avliyoqulov.

Ayni paytda tuman shifoxonasida davolanayotgan ota-bolaning aytishicha, tuman IIB binosida vafot etgan marhum Yu.A. kaltaklanayotgan payt ular ham o‘sha yerda bo‘lgan. Ular ham IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangan.

Qurbon Ostonoyevning aytishicha, u 21-yanvar kuni kechki payt qishloq profilaktika inspektori tomonidan tuman IIBga olib borilgan.

— “Uchastkavoy” meni IIBga olib borgach, Nurbek ismli xodimga topshirdi, — deydi Qurbon Ostonoyev. — Xodim meni ko‘rishi bilan haqorat qila boshladi. Tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan so‘kdi. Avval old tomonimga, keyin orqamga ikki marta tepdi, mushtlab urdi. “Marhum Yu.A.dan mol sotib olganmisan”, deb so‘radi. Men esa avval 4 bosh, keyin 2 bosh qoramol sotib olganimni aytdim. Javobimdan qoniqmadi, shekilli, meni urishda davom etdi.

Qurbon Ostonoyevning ma’lumot berishicha, uni urib so‘kishgani, haqorat qilishgani yetmagandek burchakka qo‘lini ko‘tartirib, tik turg‘izib qo‘yishgan.

— Nurbek ismli xodimdan so‘ng yonimga Anvar degani keldi, — deydi Qurbon Ostonoyev. – U ham haqorat qildi, urdi. Javoblarim ma’qul kelmadimi “protivogaz” kiydirib, qiynoqqa sola boshladi. Xuddi yosh boladek chakkamga tarsaki tushirardi. O‘sha kuni xona burchagida qo‘limni ko‘tartirib, turg‘izib ham qo‘yishdi. O‘zlari esa uxladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020-yil 21-yanvar kuni kechki payt soat 7-8 larda tuman IIBga olib borilgan Qurbon Ostonoyev 22-yanvar kuni ham so‘roq qilingan. Hatto pichoq bilan qo‘rqitilgan.

— 22-yanvar kuni tong payti Anvar ismli xodim yana so‘roq qilishni boshladi: urdi, tepdi, — deydi Qurbon Ostonoyev.— Hatto pichoq ham tirashdi. Pichoq sopi bilan boshimga uravergach, pichoq sopi sindi. Ammo ularning qiynog‘i tugamadi.

Qurbon Ostonoyev voqeani eslashicha, uni marhum Yu.A. bilan yuzlashtirishgan.

— Yu.A.ni ko‘rganimda ahvoli juda yomon edi, yuzlari qorayib, shishib ketgandi, — deya marhumning ahvoli haqida eslaydi Q.Ostonoyev. — Aftidan, juda ko‘pchilik bo‘lib urishgan.

Bahrom Avliyoqulov ham marhumni ko‘rganida ahvoli yomonligini, yuzlari qorayib, tanib bo‘lmas darajaga kelganini aytmoqda.

— IIBga borgan paytim avval otamning oldiga olib borishdi va “Taniysanmi?”, deb so‘rashdi, — deydi Bahrom Avliyoqulov. — “Otam”, dedim. So‘ng Yu.A.ning yoniga olib borishdi. Stulda o‘tirgan Yu.A. orqaga zo‘rg‘a qaradi. Yuzlari shishib, qorayib ketgan ekan. Ahvoli yomonligi sezilib turardi. Yonida 4-5 nafar IIB xodimlari bor edi. Uni urishayotgan ekan.

Ma’lum bo‘lishicha, Bahrom Avliyoqulov otasi Qurbon Ostonoyevdan bir kun keyin — 22-yanvar kuni kechki payt soat 7-8 larda uyidan olib ketilgan.

— Kechki payt soat 7-8 larda Alisher posbon keldi, yonida IIB xodimi ham bor edi, — deydi Bahrom Avliyoqulov. — “Seni olib ketishimiz kerak”, deyishdi. Onamga aytib, tuman IIBga ketdik. Borgach, eshikdan “Avliyoyevga”, deb olib kirishdi. Ichkariga kirganimizdan so‘ng Alisher posbon “Seni urishadi endi”, degach qo‘rqib ketdim. Uchinchi qavatga olib chiqishdi. Qavat oxiridagi xonaga qamab, kaltaklay boshlashdi. O‘g‘rilikni bo‘ynimga olishimni so‘rashdi. Men qilmaganman, deganimdan so‘ng “Bo‘yniga olmas ekan”, deb yotqizib tovonimga “dubinka” bilan urishdi. Avvaliga 2 kishi kaltakladi. So‘ngra 4-5 kishi kirib urishdi.

Bahrom Avliyoqulovning aytishicha, u turgan xonaga kaltaklanayotgan Yu.A.ning baqirgan ovozi eshitilgan.

— Yu.A.ni bizga nisbatan ham ko‘p urishdi, shekilli, baland ovozda baqirardi, — deydi Bahrom Avliyoqulov. — Uni urgan xodimlar meni ham urishardi. Uning ko‘kargan yuzini, holsiz tanasini ko‘rsatib, “Seni ham shu ahvolga solamiz”, deyishdi.

Qurbon Ostonoyevning tumush o‘rtog‘i Sharofat O‘roqovaning aytishicha, qishloq “uchastkavoyi” “Eringiz yarim soatda qaytib keladi”, deb turmush o‘rtog‘ini olib ketgach, Qurbon Ostonoyev o‘sha kechasi uyiga qaytmagan.

— 21-yanvar kuni turmush o‘rtog‘im uyga kelmagach, 22-yanvar kuni ertalab tuman IIBga bordim, — deydi Sharofat O‘roqova. — Qor yog‘gani uchun yo‘llarda rosa qiynaldim. Borsam, erimni “uchastkavoy” sudrab olib ketayotgan ekan. Nima bo‘ldi, desam, “Hozir bir narsani so‘rayapmiz, qo‘yvoramiz”, dedi. Yonimdagi 3 ming so‘m pulga somsa olib, “uchastkavoy”ga erimga berishini so‘radim. U esa erim ovqatlanganini, uyga qaytib ketaverishim kerakligini aytdi. Chorasiz uyga qaytdim.

IIB xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan ota-bolaning eslashicha, ularni 23-yanvar kuni tungi soat 1:30 da qo‘yib yuborishgan. Ular o‘sha payt Yu.A.ning o‘lganidan bexabar bo‘lgan.

— Kechasi soat 1:30 da qo‘yib yuborishgach, qutulganimizga shukur qilib ko‘chaga chiqdik, — deydi Qurbon Ostonoyev. — Mashina yo‘qligi sabab 2 soat ko‘chada o‘tirdik. Uchragan mashinaga qo‘l ko‘tarib, tong azon 5 ga yaqin qishloqqa kirib boraverganimizda, ortimizdan 3 ta Matiz bordi. Biri bizni yana IIBga olib ketdi. Bilsak, Yu.A. o‘lib qolgan, prokuratura esa voqeani surishtirayotgan ekan. IIB xodimlari ularning aybini aytmasligimizni so‘rashdi. Prokuratura so‘roq qilganda esa bizni urishganini tan olmadi.

Qurbon Ostonoyevning ma’lumot berishicha, uni kaltaklaganlar 7-8 kishini tashkil etadi. Ammo 6 nafarini tanigan, 3 nafari bilan prokuratura xodimlari oldida yuzlashtirilgan.

— Adham, Nurbek, Anvar ismli xodimlarni yaxshi tanib qoldim, — deydi Qurbon Ostonoyev.

Marhum Yu.A.ning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyevaning “Daryo” muxbiriga aytishicha, turmush o‘rtog‘i Langar qishlog‘ida sodir etilayotgan o‘g‘rilikda qishloq profilaktika inspektorining qo‘li borligini bilib qolgan.

— Qishloqdoshimiz Isroil Yusupovning moli yo‘qolgach, turmush o‘rtog‘imni o‘g‘rilikda ayblashdi, — deydi Go‘zal Abdiyeva. — Ammo yo‘qolgan mol Tarag‘ay qishlog‘idagi Bo‘riyev Mahmadalining uyidan chiqdi. Erim shuni telefoniga “syomka” qilib, “uchastkavoy”ga ko‘rsatgan. Ammo “uchastkavoy” ishni yopdi-yopdi qilgan. Erim ularning bir dasturxonda o‘tirganini ko‘rgan. Shuning uchun ham “uchastkavoy”ga “Sen ishni yopdi-yopdi qilding”, deb ko‘p urishardi. Shu sababli erimni o‘ldirishdi, endi menga ham biror nima qilishlaridan qo‘rqyapman.

Marhumning yaqin qarindoshi Feruza Abdurahmonova ham marhum profilaktika inspektorining qishloqdagi o‘g‘rilikka aloqasi borligini bilib qolgani uchun o‘ldirilgan degan fikrda.

— Marhum amakim tirikligida “Men ‘o‘g‘rilarga sizlarning bir sirlaringizni bilaman, ammo buni tegishli tashkilotlarga aytaman’ dedim” degandi, — deydi Feruza Abdurahmonova. — Bu gapni o‘sha o‘g‘rilar to‘dasidagi odamga aytgan. Amakim “uchastkavoy”ning o‘g‘rilar bilan birgaligini bilgani uchun ham o‘ldirilgan.

Marhumning akasi Mahmarizo Abdurahmonov hamda opasi Xolposhsha Abdurahmonovaning aytishicha, marhumning jasadini uyiga olib kelayotgan IIB xodimlari qishloqqa kirmay, qorong‘i tushishini kutgan. Jasadni ko‘chada ancha payt ushlab turgan.

— Qorong‘i tushishini kutib, jasadni yuvmay ko‘mishimizni xohlayapsanmi, deb IIB xodimlari bilan tortishdim va majburlab qishloqqa olib kirdim, — deydi Mahmarizo Abdurahmonov. – Biz kelib qolmasak, jasadni ko‘chada mahtal qilib o‘tirishar ekan.

Marhumning akasi Shuhrat Abdurahmonovga ko‘ra, Langar qishlog‘iga borib, IIB xodimlarining qamoqqa olinganini aytgan prokuratura xodimi viloyat prokurorining o‘zi bo‘lgan.

“Daryo” muxbiri Chiroqchi tuman IIBda ham bo‘lib, mas’ullar bilan ko‘rishishga, ochiq qolayotgan savollarga javob olishga urindi. Ammo IIB mas’ullari ko‘rishishni istamaganidanmi na muxbirni ichkariga qo‘yishdi, na o‘zlari chiqishdi. Bu ham yetmaganidek, IIB binosini suratga olayotgan muxbirga atrofni kuzatib turgan IIB xodimlari e’tiroz bildirib, suratga olish mumkinmasligini aytishdi.

Eslatib o‘tamiz, marhum Yu.A.ning o‘limi bilan bog‘liq voqeaga munosabat bildirgan Qashqadaryo prokuraturasi marhum 2020-yil 23-yanvar kuni soat 01:50 da vafot etganini, Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan O‘zR JKning 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilayotganini yozgandi.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-01-2020, 12:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 61) ( 0) ( 59) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют