» » “Ayol yig‘lay olmasa, bu dahshatli narsa”. “Shamollarda qolgan hislarim” romani haqida

“Ayol yig‘lay olmasa, bu dahshatli narsa”. “Shamollarda qolgan hislarim” romani haqida


“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Margaret Mitchellning “Shamollarda qolgan hislarim” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Bir paytlar o‘zim uchun “O‘qib chiqishim kerak bo‘lgan 100 ta roman” ro‘yxatini tuzgan edim. Bularni albatta xalqaro reytinglar yordamida tuzganman, ammo hamma reytingda uchraydigan “Shamollarda qolgan hislarim” romanini kiritishni xohlamaganman. Chunki men erkak va ayol sevgisi haqidagi romanlarni o‘qishga umuman qiziqmayman deb hisoblardim o‘zimni. Buning sababi syujet liniyalari juda torligida edi.

Ko‘p shunday romanlarga qarasangiz, avval sevishishadi, keyin qanaqadir “tushunmovchilik” bo‘lib ajrashib ketishadi, oxiri yana birga bo‘lishadi. Ushbu romanni ham nomidanoq shu klishelar asosida yozilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylar edim. Ammo barcha reytinglarda uchrayvergach, o‘qib ko‘rishga qaror qildim...

Hayratdaman. Men eng qiziqqan tarixiy va siyosiy mavzu bo‘lmish AQShdagi fuqarolar urushi haqida bu asarda sevgidan ko‘ra ko‘proq yozilganday nazarimda. Sevgi syujeti ham klishedagiday emas. Xullas, asarni o‘qiganimdan xursandman.

Asar haqida

“Shamollarda qolgan hislarim” – amerikalik yozuvchi Margaret Mitchellning eng mashhur romani, asar voqealari AQShning janubiy shtatlarida 1860-yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi va undan keyingi davrni qamrab oladi.

Roman 1936-yil 30-iyunda nashr etilgan va Amerika adabiyotining eng mashhur bestsellerlaridan biriga aylangan. 1936-yil oxiriga kelib asar bir milliondan ortiq nusxada sotildi. O‘sha yili Mitchell asar asosida film olish huquqini prodyuser Devid Selznikka 50 ming dollarga sotdi. 1939-yilda xuddi shu nomdagi juda mashhur film suratga olindi.

1937-yilda Margaret Mitchell romani uchun Pulitser mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Syujet

Avvaliga romanning bosh qahramoni Skarlett beparvo yosh qizga o‘xshab tuyuladi. Qiz o‘ziga atalgan iltifotlarni tinglashni va qo‘shni yigit Eshli haqida o‘ylashni istaydi. Qiz urush haqida hech narsa eshitishni xohlamaydi. Eng muhimi, u qo‘shnisi Eshliga turmushga chiqishni orzu qiladi.

Skarlett go‘zal, yorqin va g‘ayrioddiy temperamentga ega qiz. Ammo qizning keyingi hayoti boshqacha kechadi. U sevgilisi Eshli bilan turmush qurmaydi, unga achchiq qilib boshqasiga turmushga chiqadi.

Keyin dahshatli urush paytida qo‘lida bolasi bilan yolg‘iz qoladi, eri urushda halok bo‘ladi. Bundan tashqari, u Eshlining xotiniga ham g‘amxo‘rlik qilishi kerak; bu juda qiyin bo‘ladi.

Taqdir Skarlett O’Xara uchun juda ko‘p sinovlarni tayyorlaydi, lekin aynan shu sinovlar uning xarakteri kuchli ekanini namoyish etadi va bu fazilatlar ayolga barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga, hatto eng murakkab vaziyatlarda ham nafaqat o‘zi uchun, balki uni sevadigan va unga muhtoj bo‘lganlar uchun ham yo‘l topishga yordam beradi.

Tahlil

Xuddi shu nomdagi mashhur film uchun adabiy asos bo‘lib xizmat qilgan ushbu epik to‘plam, yozuvchi va jurnalist Margaret Mitchell tomonidan nashr etilgan yagona romantik va tarixiy doston edi. Qo‘shma Shtatlardagi fuqarolar urushi haqida uchinchi shaxs nomidan hikoya qilingan ushbu kitobda biz Skarlettning shaxsiyatini, uning sevgi mojarolari va intilishlarini, quvonchlari va azob-uqubatlarini kuzatamiz. Asarda asosiy ikkita erkak siymosi bor, bular: Eshli Uilks va Rett Batler. Skarlett Eshlini sevadi, ammo Batlerga turmushga chiqadi. Asar oxirida o‘quvchi Skarlett aslida kimni sevganini tushunib yetadi.

Mitchell, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar davrida janubni himoya qilish uchun azob-uqubatlarga rozi bo‘lish yoki omon qolish kabi muammolar bilan bir syujetda, doimiy hissiy mojaroda bo‘lgan qahramonlar bilan kuchaytirilgan romantik hikoyani birlashtira olgan edi. Roman juda keng qamrovli, ammo Margaret Mitchell juda sodda yo‘l bilan zich syujet ichida qiziqarli personajlarning yaxshi to‘plamini yaratgan. Uning qahramonining zamon ijtimoiy kontekstiga moslashish jarayonlarini esa menimcha hatto jamiyatshunoslik darslarida qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.

“Shamollarda qolgan hislarim” deyarli ming sahifa davomida biz insonlar bir-birimizga bog‘lagan ko‘plab rishtalar haqida so‘zlaydi. Asar baxtiyor dunyosi yemirilib borishini kuzatuvchi janublik yosh ayolning hayoti haqida hikoya qiladi.

Asarda irqchilik va quldorlik kabi arxaik qadriyatlarga asoslangan sivilizatsiya qanday yo‘q bo‘lib ketishini, boshqa turdagi qadriyatlar ustunlik qiladigan jamiyat shakllanishini kuzatish mumkin. Bu AQSh hayotidagi paradigmalarning o‘zgarish bosqichidir, chunki endi Amerika qullar tufayli o‘sib borgan katta plantatsiyalardan tashkil topgan qishloq xo‘jaligidan chiqib, asta-sekin dunyoning sanoat mexanizmiga aylanmoqda.

Bu jarayonlar erkatoy va tantiq qizni yetuk ayolga aylantirib, uni oilasi uchun javobgar va zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlovchi qilib tarbiyalaydi.

Bu tiriklik, bardosh, urushga, vayronagarchilikka yoki o‘limga qaramay oldinga siljish qo‘shig‘idir, muvaffaqiyatsizlikka qaramay taslim bo‘lmaydigan ayol siymosidagi jangovar ruhdir.

Xulosa

Asarda janubning qadriyatlarini romantik ideallashtirishda irqchilik elementlari ham mavjud. Shamollarda qolgan hislarim – 80 yil oldin, “quldorlik foydasi” prizmasi asosida yozilgan edi. O‘sha paytlarda irqiy bo‘linish ayniqsa janubda kuchli bo‘lgan. Ammo asarda sevgi va hayot uchun kurash mavzusi juda chiroyli ochib berilgan.

Roman juda sodda va deyarli fotografik tavsiflash tilida yozilgan. Uning tarixiy ahamiyati katta, chunki bu bizga o‘sha davr olami, shaharlar, uylar, janubdagi odamlar, hatto urush qiyinchiliklarini tushunishimiz uchun tayyor tarixiy qo‘llanmadir.

Roman bir necha avlod kitobxonlarini o‘ziga jalb qilgan va kelajak avlodlar uchun ham davom ettiradigan ajoyib asardir.

Iqtiboslar

Agar uning qalbi xotiralar azobiga tushib qolgan bo‘lsa, inson oldinga intila olmaydi;

Boshqalardan ajralib turish... bu hech qanday jamiyat kechirmaydigan gunohdir. Boshqalarga o‘xshamaslikka jur’at etib ko‘ring – sizni umrbod yomon ko‘rishadi!

Ayol yig‘lay olmasa, bu dahshatli narsa;

Agar siz dil izhoringizni juda uzoq vaqtga kechiktirsangiz, buni qilish qiyinlashib boraveradi, oxiri bu shunchaki imkonsiz bo‘lib qoladigan payt keladi.

Qiziqarli faktlar

- Mitchell roman ustida o‘n yil davomida ishlagan bo‘lsa ham, u kitob yozayotganini deyarli hech kim bilmas edi. O‘z ishini do‘stlari va qarindoshlaridan yashirgan;

- Biz hozir Skarlett deb biladigan roman qahramoni asar yozilishi davridagi ko‘p yillar davomida Pensi deb nomlangan;

- 1949-yil 11-avgustda Margaret Mitchell eri bilan kinoga boradi. Atlantadagi ko‘chalardan biridan o‘tib ketayotganida uni mashina urib yuboradi. Bir necha kundan keyin Margaret Mitchell olgan jarohatlari tufayli vafot etadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Bir qotil tarixi. Patrik Zyuskindning “Parfyumer” romani haqida

“Nega dunyoda o‘limimdan keyin hech narsa o‘zgarmadi?” “Buzrukning kuzi” – diktatorlar taqdiri haqida roman

“Dunyoni qanchalik ko‘p kuzatsam, menga u shunchalik yoqmay ketyapti”. “Andisha va g‘urur” romani haqida

Bolalik insonning asl holatidir. “Kichkina shahzoda” qissasi haqida

“Men insonman. Men sevishim kerak”. “Eljernon uchun gullar” romani haqida

“Bu hayotda yo ovchisiz, yo o‘lja”. “Buyuk Getsbi” romani haqida

O‘smirlikdan o‘tish qiyinchiliklari va Jerom Selinjerning “Javdarzordagi xaloskor” romani haqida

“Qancha urinma, og‘ritganda og‘riydi”. Xaruki Murakamining “Norvegiya o‘rmoni” romani haqida

Xolokost dahshatlari yosh bolakay ko‘zi bilan. “Yo‘l-yo‘l pijamali bola” romani haqida

Daydi bola daftari. Dikkensning “Oliver Tvist” romani haqida



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-02-2020, 18:12)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 48) ( 0) ( 46) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют