» » Aziz Abduhakimov: “Charter reyslarning har biriga 15 ming dollargacha subsidiya beriladi”

Aziz Abduhakimov: “Charter reyslarning har biriga 15 ming dollargacha subsidiya beriladi”


2020-yilning 19—20-fevral kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum Birinchi xalqaro aviatsiya forumi 19-fevral, chorshanba kuni ish boshladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, Uzbekistan Airports AJ hamda BAAning Fair Exhibition Organisers kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur yirik tadbirning ochilish qismida bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov nutq so‘zladi.

Hukumat rasmiysining ta’kidlashicha, xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish doirasida so‘nggi uch yilda O‘zbekistonga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 15 tadan 23 taga yetdi.

“2019-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 6 million 700 ming kishini tashkil etdi. Bu 2016-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 5 barobar ko‘p bo‘lib, uch yil avval sayyohlar soni 1 million 300 ming kishi edi. 2025-yilga kelib, yurtimizga har yili 12 milliondan ziyod kishi tashrif buyurishini kutmoqdamiz.

O‘zbekiston bugungi kunda charter reyslarga eng katta subsidiya taqdim etmoqda. Aytaylik, yuqori turistik mavsumda 300 kishi tashiladigan bo‘lsa, davlat tomonidan har bir reysga 6 ming dollar miqdorida kompensatsiya taqdim etiladi. Boshqacha qilib aytganda, har bir aviayo‘lovchi uchun 20 dollardan to‘g‘ri keladi. 15-noyabrdan 15-fevralga qadar davom etuvchi, oqim past bo‘ladigan mavsumda 300 o‘ringa mo‘ljallangan samolyot O‘zbekistonga xorijiy mehmonlarni olib kelsa, bu miqdor 15 ming dollargacha oshadi. O‘ylaymanki, bu subsidiya miqdori ko‘plab aviatashuvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi”, — dedi Abduhakimov.

Qayd etish joiz, mazkur forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Kuvayt, Misr, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi qator davlatlardan 60 dan ziyod eksponent, 300 delegat va 1 ming 200 mutaxassis, xususan, xorijiy mamlakatlarning transport vazirliklari rahbarlari, fuqaro aviatsiyasi va aeroportlar boshqaruvi vakillari, yetakchi xalqaro va xorijiy aviakompaniyalar, aeroportlar, aviatsiya hamda transport sohasidagi kompaniyalarning yuqori lavozimli rasmiylari qatnashmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-02-2020, 21:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 46) ( 0) ( 43) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют