» » O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish uchun ishsiz aholini tadbirkorlikka o‘qitish kurslari tashkil etiladi

O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish uchun ishsiz aholini tadbirkorlikka o‘qitish kurslari tashkil etiladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-fevral, payshanba kuni, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi

Yig‘ilishda avvalo har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasidagi haqiqiy sharoit va ahvolni tahlil qilish kerakligi qayd etildi. Buning uchun, birinchi yo‘nalishda kambag‘allikka oid real ahvol, ya’ni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida ma’lumot yig‘ilishi, ikkinchi yo‘nalishda tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuzilishi belgilandi.

Qayd etilishicha, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Zarur infratuzilma yaratish uchun Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga budjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotiladi. Ushbu loyiha o‘zini oqlasa, ikkinchi yarim yillikda yana qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hokimlar bilan birgalikda yangi kichik sanoat zonalari uchun bo‘sh yer maydonlarini aniqlab, infratuzilma bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambag‘al aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambag‘allikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi.

Hozirgi kunda mamlakatda rasman ish bilan band bo‘lmagan 1,4 millionga yaqin ayollar va yoshlar bor. Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13 foiz, yoshlarda esa 15 foizni tashkil etmoqda. Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu ko‘rsatkich yuqori.

Shu bilan birga, bugungi kunda qurilishda 104 ming, kommunal sohada 71 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida 68 ming, yengil sanoatda 46 ming nafar mutaxassisga ehtiyoj mavjud.

Yig‘ilishda shu kabi talab bor joylarga malakali mutaxassislar yetkazib berish, bandlikni ta’minlash uchun har bir hududda ishsiz aholini tadbirkorlikka o‘qitish kurslari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

O‘qish yakuni bo‘yicha Kichik biznesni rivojlantirish agentligi tomonidan tanlov e’lon qilinib, eng ilg‘or loyiha uchun “startap”ga 20 million so‘m miqdorida grant ajratiladi. Hokimlar ham mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ilg‘or tadbirkorlik loyihalariga grantlar beradi.

Kasbga o‘qish istagini bildirgan yolg‘iz va ko‘p farzandli ayollar, ishsizlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori bo‘lgan hunarlar, xususan, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda kasbga o‘rgatish kurslari tashkil etiladi. Buning uchun mahalla idoralari yoki hududdagi binolardan joy ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga “Mahalla guzarlarida kasbga o‘qitish dasturi”ni ishlab chiqib, talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Qator hududlarda kasbga o‘qitish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonning 11 ta tumanida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryoning 7 ta, Jizzaxning 5 ta tumanida birorta ham bunday markazlar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni faol jalb qilish, ular o‘rtasida eng yaxshi kasbga tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha tanlov o‘tkazib, g‘oliblarga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan grant ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir hududda “Ishga marhamat” mono-markazlari hamda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etib, ishsizlarga kasbiy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, ehtiyojga qarab xorijiy tillarni ham o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev: 4—5 million aholimiz kambag‘al, ularning kunlik daromadi 10—13 ming so‘mdan oshmayapti



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-02-2020, 21:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 106) ( 0) ( 105) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют