» » “Xalqimizga baliq emas, qarmoq berishimiz kerak” — Shavkat Mirziyoyev

“Xalqimizga baliq emas, qarmoq berishimiz kerak” — Shavkat Mirziyoyev


Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Prezident kambag‘allik O‘zbekistonda ko‘p yillar yopiq mavzu bo‘lib kelgani, 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada bu haqda ochiq-oydin gapirganini ta’kidlagan. Yig‘ilishda ishtirok etgan “Kun.uz” Prezident so‘zlarini keltirgan.

“Afsuski, biz shu paytgacha aksariyat fuqarolarimiz haqiqatan ham kambag‘al ekanini ko‘rib-ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaganlikka oldik. Bu noto‘g‘ri. Afsuski, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimizning 4-5 foizi kambag‘al ekani aniqlandi. Endi yashirish kerak emas, og‘ir sharoitlarda yashayotgan odamlarimizning asl muammosi, vaziyatini tushunishimiz, barcha toifadagi rahbarlar dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim oilalarning topayotgan oylik daromadining qariyb 70 foizi, Xudo ko‘rsatmasin, o‘sha xonadonda kimdir og‘ir betob bo‘lsa, yetmay qolyapti. Xo‘sh, bunday oilalarni o‘ziga to‘q, deya olamizmi? Albatta, yo‘q. Rosti, Prezident sifatida odamlarimizning nima iste’mol qilayotgani, sog‘lig‘i haqidagi o‘ylar har kuni meni qiynaydi.

Qashqadaryo viloyati kambag‘allik muammosi bo‘yicha eng og‘ir hudud hisoblanadi. 700 ming aholi kambag‘al. Bu jami aholining qariyb 21 foizini tashkil etmoqda. Bu vaziyatda Qashqadaryoda rahbarlar bir joyda o‘tirishi mumkin emas. Odamlarimizni bunday og‘ir sharoitdan qanday chiqarib olamiz, degan savolni o‘ziga berishi lozim.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 500 ming, Surxondaryoda 500 ming, Namanganda 400 ming, Jizzaxda 210 ming va Sirdaryoda 130 ming aholi kambag‘al. Bu raqamlarni mahallalar kesimida olsak, yanada og‘ir raqamlarga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Parkent tumanining “Yangiobod” mahallasida 1039 nafar kam ta’minlagan va kambag‘allar bor. Oltinsoy tumani “Mirshodi” mahallasida 906 nafar, Boysun tumani “To‘da” mahallasida 504 nafar fuqarolarimiz og‘ir ahvolda yashayapti.

Endi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari bilan birgalikda kambag‘allikni kamaytirish va tadbirkorlik muhitini shakllantirishi lozim bo‘ladi.

Har bir hududda bittadan kasb-hunar kollejida xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes va kasbga o‘qitish markazlari tashkil qilinadi. Kambag‘allikni kamaytirish bu — oilaning oylik yoki nafaqasini ko‘paytirish, ommaviy kredit berish, degani emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, shu vaqtgacha biz odamlarimizga baliq berdik. Bu tajriba o‘zini mutlaqo oqlamadi. Xalqimizga baliq tutishni o‘rgatishimiz, qarmoq berishimiz lozim”, deya Prezidentning so‘zlarini keltirmoqda “Kun.uz”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-02-2020, 10:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 91) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют