» » “Yaratganning o‘zi hammamizni panohida asrasin!”. Prezident Mirziyoyevning Navro‘z tabriknomasi

“Yaratganning o‘zi hammamizni panohida asrasin!”. Prezident Mirziyoyevning Navro‘z tabriknomasi


Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Tabrik matni davlat rahbarining matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Aziz vatandoshlar! Muhtaram otaxon va onaxonlar, munis opa-singillar, qadrli aka-ukalar! Xalqimizning kelajagi, ishonchi va tayanchi bo‘lgan navqiron yoshlar!

Avvalambor, barchangizni, ko‘p millatli butun xalqimizni jonajon O‘zbekistonimizga kirib kelgan Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hurmatli do‘stlar! Hammamiz yaxshi bilamiz, Navro‘z tinchlikni, sihat-salomatlikni qadrlab, asrab-avaylab yashashga da’vat etadi.

Tinchlik va sog‘liqni asrasak, qolgan narsalarga albatta erishamiz. Lekin hozirgi global dunyoda bu juda murakkab vazifa bo‘lib qolayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

“Yil yilga o‘xshamaydi”, degan gap bejiz aytilmagan. Hayot hech qachon bir tekis kechmaydi. Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor.

Bu haqiqatni shu kunlarda yana-da chuqur his etmoqdamiz. Bugun koronavirus infeksiyasi degan jiddiy bir xavfga duch keldik. Davlatimiz, hukumatimiz bu xatarni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Go‘zal diyorimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz yana-da jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va mas’uliyat ko‘rsatib, mo‘tabar keksalarimizning duoi fotihalari bilan bu sinovdan eson-omon o‘tamiz, deb ishonaman.

Vujudga kelgan murakkab sharoitni hisobga olib, bu yilgi Navro‘z bayramida ommaviy tadbirlar o‘tkazishni to‘xtatdik.

Fursatdan foydalanib, vaziyatni to‘g‘ri tushunib, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun xalqimizga yana bir bor rahmat aytaman.

Nasib etsa, tez orada bu tashvishli kunlar ortda qoladi. Bunday sayil-tomoshalarni, to‘yu tantanalarni el-yurtimiz bilan birgalikda hali ko‘p-ko‘p o‘tkazamiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim! Mavjud qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, hayot davom etadi. Bu yil Navro‘z ayyomi xonadonlarda, oilaviy davralarda keng nishonlanmoqda.

Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta umid bilan yerga urug‘ qadamoqda. Hudud va mintaqalarimizda “Daraxt ekib, bog‘ yaratamiz, yurtimizni yana-da obod qilamiz”, degan ezgu maqsadda millionlab ko‘chatlar ekilmoqda.

Mana shu xosiyatli kunda barchamiz yilimiz qutlug‘ kelsin, dehqonlarimizning baxtini, omadini bersin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb niyat qilamiz.

Uzoq-yaqindagi mamlakatlar xalqlarini, O‘zbekistonning barcha xorijiy do‘st va hamkorlarini sharqona yangi yil – Navro‘z ayyomi bilan qutlab, ularga samimiy istaklarimizni izhor etamiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim! Ilohim, dilimizdagi barcha olijanob orzu-intilishlarimiz ro‘yobga chiqsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Yaratganning o‘zi hammamizni panohida asrasin! Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-03-2020, 09:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 68) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют