» » Advokatlarning telefonini tinglash haqida qonuniy o‘zgartirish taklif qilindi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Mutaxassis javob beradi

Advokatlarning telefonini tinglash haqida qonuniy o‘zgartirish taklif qilindi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Mutaxassis javob beradi


Karantinga oid turli xabarlar fonida Oliy Majlis Senati tomonidan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilgani jamiyatda turli munosabatlarni keltirib chiqardi. Xususan, yangi tuzatishlar advokatlarning telefonlarini eshitishga oid. “Daryo” bu masalani sharhlashni so‘rab advokat, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi O‘tkirbek Xolmirzayevga murojaat qildi.

Tezkor-qidiruv tadbirlarining yangi turlari joriy etilishi munosabati bilan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga, aniqrog‘i, uning 6-moddasi uchinchi qismiga o‘zgartirish kiritilib, unda prokurorning roziligi bilan advokatning telefonlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma’lumotlarini nazorat qilish belgilanishiga oid xabar jamiyatda turli munosabatlarni keltirib chiqardi.

Albatta, Senat xabari biroz noaniq bo‘lgani ham bunga sabab bo‘ldi. Biroq amaldagi holat ham ko‘ngildagidek emas edi. Ko‘pchilik advokat telekommunikatsion qurilmalar orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlarini eshitish, xabarlarini o‘qish prokuror roziligi bilan bo‘lishiga e’tiroz bildirdi. Bu e’tirozlar o‘rinli, albatta. Lekin kiritilayotgan o‘zgartirish mutlaqo ko‘p narsani o‘zgartirayotgani yo‘q.

Amaldagi norma bo‘yicha advokat so‘zlashmalarini eshitish mumkinmidi?

Ha, bu qonunda belgilangan. E’tiroz, avvalo, amaldagi normaning o‘ziga bo‘lishi kerak edi. Aslida, qonunning amaldagi 6-moddasi advokatning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanayotgan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish, uning telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, advokatni ko‘zdan kechirish va shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, xuddi shuningdek, uning pochta-telegraf jo‘natmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish yoki olib qo‘yish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turishga tegishli prokuror sanksiyasiga asosan ruxsat bergan.

Bu tergov harakatlarini o‘tkazish advokatning o‘ziga nisbatan jinoyat ishi doirasidami yoki uning himoyasi ostidagi shaxs jinoyat ishi doirasidami? Norma mazmuniga ko‘ra, har ikki holatda ham tergov harakatlarini amalga oshirish mumkin. Demak, kiritilayotgan o‘zgartirishlarsiz ham prokuror sanksiyasi bilan advokatning telefon so‘zlashmalarini eshitish mumkin.

Bu to‘g‘rimi?

Advokatura huquqiy demokratik jamiyatning eng muhim va fundamental instituti hisoblanadi. U jamiyatdagi kuchlar muvozanatini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Adolatga imkon qadar erishishning eng muhim mexanizmi sifatida ushbu institut ming yillardan beri shakllanib kelgan. U ayblov tomon (davlat ayblovi – prokuratura) bilan teng kuchga ega bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston ushbu institutni qabul qilgan (retsepsiya), shu sababli bizda ko‘pchilik tomonidan uning nazariy va fundamental asoslari uncha yaxshi tushunilmaydi.

Advokatura advokat va unga ishonch bildiruvchi shaxsning (himoyasi ostidagi shaxs bejizga ishonch bildiruvchi deb atalmagan) o‘zaro ishonchiga asoslanadi. Bu ishonchli hamkorlik advokaturaning advokatlik sirini saqlash, advokatning daxlsizligi, uning davlat tomonidan himoya qilinishi, uning faoliyatiga aralashmaslik kabi bir qator o‘ta muhim qoidalar bilan kafolatlanadi. Bu asrlar davomida deyarli barcha rivojlangan jamiyatlar tajribasiga asoslangan (bizning mentalitet boshqa degan bahonalar bo‘lmasligi uchun) qoidalardir. Bunday kafolatlarsiz advokatura samarali faoliyat ko‘rsatolmaydi.

Advokat ishonch bildiruvchi bilan bo‘lgan muloqotda olgan har qanday ma’lumot, tushuntirishlar advokatlik siri hisoblanib, advokat tomonidan muhofaza qilinishi shart. Shu sababli ham advokatdan (uning yordamchisi, stajeridan ham) advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar to‘g‘risida biron-bir tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar berishni talab qilish, shuningdek, ular haqida tezkor-qidiruv faoliyatida, jinoyat ishlari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar va boshqa ishlarni yuritishda foydalanish uchun biron-bir material taqdim etishni talab qilish man etiladi.

Advokat daxlsizligi

Advokatning daxlsizligi advokatura institutining samarali va maqsadga muvofiq kafolati hisoblanadi. Advokat daxlsizligi va advokatlik sirini yo‘q qilish, kuchsizlantirish advokatura instituti poydevorini buzib tashlaydi.

Endi asosiy mavzuga qaytsak. Qonunning amaldagi 6-moddasi advokat daxlsizligini kafolatlay oladimi? Moddaning uchinchi qismi matniga e’tibor qaratamiz:

“Advokatning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish, uning telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, advokatni ko‘zdan kechirish va shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, xuddi shuningdek, uning pochta-telegraf jo‘natmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish yoki olib qo‘yish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin”.

Demak, bu yerda advokatga nisbatan tergov harakatlari tegishli prokuror sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. E’tibor qaratish lozim bo‘lgan holat shuki, ushbu tergov harakatlari advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan holatdagina emas, uning himoyasi ostidagi shaxsga doir jinoyat ishi doirasida ham tergov harakatlari amalga oshirish istisno qilinmagan (ya’ni advokatning o‘zi tergov harakatlari obyekti bo‘lmagan holatda ham). Masalan, advokatning ofisida jinoyat ishiga ahamiyatli deb hisoblangan ashyoni topishga oid tintuv o‘tkazilishi, narsalarini olib qo‘yish mumkinligi ko‘rinadi.

Qonunning 8-moddasi uchinchi qismi bu holatga aniqlik kiritadi, lekin to‘liq emas. Unga ko‘ra yuridik yordam berish bilan bog‘liq axborotni talab qilib olish, olib qo‘yish, ko‘zdan kechirish, tekshirish, undan nusxa ko‘chirish, bunday axborotni to‘plash va undan foydalanishga faqat advokat ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortilgan taqdirda, boshqa hollarda — jinoyat, fuqarolik ishlari, iqtisodiy ishlar, intizomiy ishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda esa faqat yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Lekin bu moddada gap axborot haqida ketadi va vaziyatga to‘liq oydinlik kiritadi deb bo‘lmaydi.

Shunday qilib, qonunning amaldagi 6-moddasi advokat daxlsizligini ta’minlay olmaydi deb hisoblash mumkin.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlar

Yuqorida aytganimiz kabi kiritilayotgan o‘zgartirishlar amaldagi norma mohiyatiga katta ta’sir qilmaydi. O‘zgartirishlar “uning telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish” so‘zlarini “uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlarini, xabarlar va ma’lumotlar uzatilishini nazorat qilish” deb o‘zgartirishni nazarda tutadi.

Qonunning 6-moddasi uchinchi qismiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha solishtirma jadval.

Bu telefon so‘zlashuvidan tashqari boshqa telekommunikatsion qurilmalar yordamida (masalan, planshet, noutbuk, PK) mesenjerlar, boshqa ilovalar orqali bo‘ladigan muloqotlarni ham nazorat qilish imkoniyatini beradi.

Advokatga nisbatan tergov va operativ-qidiruv harakatlarini amalga oshirish amaldagi qonunda mavjud va advokat daxlsizligini ta’minlay olmaydi. Buning ustiga o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiqlashtirish uchun kiritilayotgani ham e’tiborga sazovor.

Ma’lumot uchun: tezkor qidiruv tadbirlari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ham amalga oshiriladi. Boshqa tafsilotlar hali ma’lum bo‘lmagani uchun o‘zgartirishlar bo‘yicha xulosaga kelish qiyin.

Chet el tajribasi

Rossiya Federatsiyasida advokatga nisbatan tergov harakatlari, tezkor-qidiruv harkatlari faqatgina sud qarori bilan o‘tkaziladi. Tergov va tezkor harakatlar natijasida olingan ma’lumotlar, narsalar va hujjatlar faqatgina ular advokat va ishonch bildiruvchi o‘rtasidagi yuridik yordam ishiga aloqador bo‘lmagan holatlarda dalil sifatida kuchga ega bo‘ladi. Ya’ni, advokatga nisbatan tergov va tezkor-qidiruv harakatlari amalga oshirish uning ishonch bildiruvchisi bilan bog‘liq bo‘lmagan holatda ma’noga ega bo‘ladi.

Fransiyada advokat foydalanyotgan binoni ko‘zdan kechirish, u yerda tintuv qilish, advokat tergov harakati obyekti bo‘lmasa ham yo‘l qo‘yiladi (Fransiya Jinoyat protsessual kodeksi, 59-1-moddasi). Biroq bu harakatlar sud qarori bilan amalga oshirilib, jarayonda Advokatlar palatasi raisi ishtiroki shart qilib qo‘yiladi.

Germaniyada advokatura mustaqil odil sudlov organi hisoblanadi. Ishonch bildiruvchi shaxs bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida advokatga nisbatan tergov harakatlari olib borish faqatgina sud qarori bilan amalga oshirilishi mumkin (buning uchun juda ko‘p narsalarni asoslash kerak).

Qanday o‘zgartirish maqsadga muvofiq?

Advokatga nisbatan u tergov harakati (tezkor-qidiruv harkati) obyekti bo‘lmagan holatda tergov harakatlari o‘tkazish uning daxlsizligini, advokatlik siri muhofazasini xavf ostiga qo‘yadi. Shu sababli qonunni quyidagilarni hisobga olgan holda takomillashtirish, ya’ni advokatga nisbatan tergov (tezkor-qidiruv) harakatlarini o‘tkazishni (u tergov harakati obyekti bo‘lmagan holatda):

Advokatlar daxlsizligini cheklash, advokatlik sirini qo‘lga kiritishga qaratilgan yuqoridagi normalarni ayrim advokatlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni bartaraf etishga urinish bilan oqlashga harakat qilinadi. Lekin u huquqbuzarliklar advokat daxlsizligini buzishni oqlamaydi. U huquqbuzarliklar tegishli vakolatli organlar tomonidan qonunda o‘rnatilgan tartibda professionallik bilan bartaraf etilishi kerak. Aslo advokatura instituti asoslarini kuchsizlantirish bilan emas.

Zero maqsad vositani oqlamaydi. Har qanday odil sudlovni ta’minlash maqsadlariga faqat huquqiy, muvozanatli va axloqiy vositalar bilan erishilishi lozim.

Bundan tashqari, qonun loyihasini parlamentga kiritishda Advokatlar palatasi bilan kelishilmagani e’tirof etilgani, umumiy muhokamaga qo‘yilmagani ham loyiha o‘rnatilgan tartib buzilgan holda kiritilganini anglatadi.

Advokaturaning jamiyat institutlari muvozanatidagi roli juda muhim. Bu muvozanatni buzishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu qadriyat huquq tizimining asosi ekanini unutmaslik kerak. Axir huquq tizimli va oldindan ko‘riladigan bo‘lishi shart.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-03-2020, 09:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 93) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют