» » “Barselona”dek klubni jazolay olish darajasiga chiqib olgan Paulo Dibalaning hayotiy hikoyasi

“Barselona”dek klubni jazolay olish darajasiga chiqib olgan Paulo Dibalaning hayotiy hikoyasi


Argentina milliy terma jamoasining Lionel Messidan keyingi o‘rinbosari sifatida ko‘rilayotgan Paulo Dibalani endi butun dunyoda tanishadi. Balki Italiya futboli kim uchundir qiziq emasdir. Biroq “Barselona”ni yirik hisobda mag‘lub etadigan klub va yulduzli tarkib a’zolarini bemalol aldab o‘tib, 2 ta gol ura oladigan iqtidorning borligi — mana shunday kishilarni-da shoshirib qo‘ydi.

“Sports.ru” nashri 2016-yil Denis Romantsov tomonidan yozilgan Paulo Dibala haqidagi ssenariyni “Barselona”ga qarshi o‘yin yakuniga yetishi bilan chop etdi. Argentinalik iqtidorning katta futbolga qanday kirib kelganini bilishni istagan muxlislarga mana shu hikoyani o‘zbekcha talqinda taqdim etishni lozim topdik.

Mazkur hikoyada chiqish qiladigan qahramonlar bilan oldindan tanishib olish zarar qilmaydi.

Bosh rolda — Paulo Dibala

Uning otasi — Adolfo Dibala

Onasi — Alisiya Dibala

Tursa Santos — “Instituto” klubining asosiy skauti

Omar Peyron — Paulo Dibalaning agenti

Xuan Karlos Barrera — “Instituto” prezidenti

Xose Teo — “Instituto” klubi texnik direktori

Martin Xaymes — “Instituto”ning ashaddiy muxlisi

Gustavo Maskardi — biznesmen

Mauritsio Dzamparini — “Palermo” xo‘jayini

2012-yilning boshlari. Argentinaning Kordova shahri aholisi “Instituto” o‘yinini tomosha qilib, “Prezident Peron” stadionidan oqib chiqayotgandi. 1978-yil Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Ossi Ardiles va Mario Kempesa futbolga mana shu klub orqali kirib kelganini aytmasa, uni juda mashhur deb bo‘lmasdi.

Muxlislar orasida o‘rta bo‘yli, qora sochli bir yigit futbolchilarning stadiondan chiqib kelishiga muntazir turibdi. Buenos-Ayresda sartaroshlik qiluvchi bu yigitning ismi Martin Xaymes. Qo‘llari tatiurovka bilan qoplangan Martin har yakshanba katta shaharni kesib o‘tishdan erinmaydi va ikkinchi divizionning oddiy bir klubi bo‘lmish “Instituto” o‘yinlarini umuman qoldirmaydi. Sevimli klub futbolchilari bejab tashlagan qo‘lning qandaydir ochiq qismiga u bugun yana bitta imzo tushiradi. Shuning ilinjida Martin Xaymes qora ruchkani ushlaganicha Paulo Dibalani kutib turibdi.

— Nima, shu yerning o‘zidami? — ajablandi Paulo ruchka qopqochasini ochar ekan.
— Ha, bugun kechki payt sening esdaligingni tatiurovkaga aylantiraman.

Paulo buni shunchaki hazil deb o‘yladi va kulgunicha uni bekatda intiqib kutayotgan akasi Mariano hamda jiyanchasi Lautaroning yoniga shoshildi. 13 yoshli futbolchi Lautaro amakisining sumkasidagi butsalarga termulishni sabrsizlik bilan kutib turgandi. Paulo sumkasini ochib, undan binafsharang butsalarni chiqardi. Uning o‘ng poyiga oila boshchisi Adolfoning, chap poyiga esa uning rafiqasi — Pauloni dunyoga keltirgan Alisiyaning ismi bitib qo‘yilgandi. Bu yaqindagina Nike bilan tuzilgan uch million dollarlik shartnomaning kichik bir mahsuli edi.

Dibalaning imzosini yelkasiga tushirib olgan Martin Xaymes esa “Kundan kunga” deb nomlanuvchi mahalliy nashr muxbirining ta’qibida qoldi.

— Siz chindan ham Paulo nomini tanangizga muhrlamoqchimisiz?
— Albatta! Bu mening unga minnatdorchiligim ramzidir. Faqatgina u sababli butun Argentina bugun “Instituto” haqida gapirmoqda. Men uning barcha o‘yinlarini kuzatib boraman, hatto iyul oyida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinini ham qo‘yib yubormagandim. O‘shanda Paulo boshqa bir futbolkada maydonga tushgan, chunki hali professional shartnomasini tuzib ham ulgurmagandi. Keyin esa Migel Fernandesdagi diskvalifikatsiya sabab chempionatning birinchi o‘yinidayoq uning o‘rniga asosiy tarkibga kirdi. Hammasi uchun bor-yo‘g‘i yarim yilgina vaqt kerak bo‘ldi.

Mariano ukasini mashinaga o‘tkazib, onasining yoniga olib ketdi. Alisiya o‘yinlarni stadionda tomosha qilsa, qattiq hayajonlanardi. Shu sababli u Paulo ishtirokidagi futbollarni televizor orqali ko‘rishga majbur bo‘lib kelayotgandi.

Futbolchi o‘g‘il uyiga kelganida sumkasida yangi butsalardan tashqari bir haftadan buyon yuvilmayotgan kir kiyimlari ham g‘ijim bo‘lib yotgandi. U “Instituto”ning yosh futbolchilari uchun mo‘ljallangan pansionatda istiqomat qilar, dam olish kunlarida esa kir-chirlarini yuvish uchun uyiga kelardi. Ukasini mana shu pallada ko‘radigan Mariano yo‘lda futbol agenti Omardan xabar bor yoki yo‘qligiga qiziqib ko‘rdi. Pauloga trasfer va uning atrofidagi mash-mashalar umuman yoqmasdi. Uning fikr-u xayoli ko‘proq gol urish bilan band edi. Ammo Kordovadan uyi joylashgan Laguna Largiga qadar 50 kilometrlar yo‘l borligi inobatga olinsa, u akasiga agentning barcha gaplarini aytib berishga bemalol ulgurgandi.

“Inter” bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Keyinroq Dibala uchun “Napoli” va “Milan” variantlari paydo bo‘ldi, biroq ular transfer oynasi qoidalari bilan bog‘liq masalalar to‘la yechim topishini kutib turgandi. “Barselona” esa xulosasini berganicha yo‘q. Ma’lum tomoni shuki, kataloniyaliklarning Janubiy Amerikadagi agenti Urbano Ortega Dibalani ko‘rish uchun yetib kelgan va uning o‘n ikkinchi o‘yindagi sakkizinchi golini o‘z ko‘zi bilan tomosha qilgandi. Angliyaga qarashli Pencilhill kompaniyasi nomidan Dibalaning transfer huquqini sotib olgan Gustavo Maskardi esa “Malaga” va “Palermo” klublari bilan aloqaga chiqib ulgurgandi.

Aka-uka Dibalalar yetib kelgan bekat yonida ularning otasi ochgan bukmekerlik kantorasi joylashgandi, shundan yuz metrlar uzoqlikdagi uyda esa Pauloning yoshligi o‘tgan. Har safar bo‘lgani kabi, kechki ovqat vaqtida Alisiya turmush o‘rtog‘i va Pauloning bolaligini yodga olar, futbolchi o‘g‘li uning hikoyalarini bir necha bor eshitgan bo‘lsa-da, ulardagi detallarga qadar Pauloga birma-bir eslatib chiqishdan charchamasdi.

Alisiyaning oilasi mahalliy “Nyuells” klubiga muxlislik qilar, Adolfo esa shu klubning ashaddiy raqibi bo‘lgan “Sportivo”ning “To‘ng‘iz” laqabi bilan mashhur tayanch yarim himoyachisi edi. Shunga qaramay, Adolfo va Alisiya bir-biriga ko‘ngil qo‘ydi, baxtiyor yigit “Nyuells” klubi safiga o‘tdi, ayoli esa undan uch o‘g‘il farzand ko‘rdi.

Paulo avvaliga Laguna Largida joylashgan va yuk mashinalarining shinalari bilan o‘ralgan stadionchada, Sebastyan Barrionueva qo‘l ostida futbol o‘ynadi. Keyin esa six ham, kabob ham kuymasin degandek, avvaliga “Nyuells” futbol maktabida uch yil, “Sportivo” maktabida esa 1 yil to‘p surdi. Hozir u futbolga kirib kelgan Laguna Largidagi stadioncha o‘rnida “Bolalar shahri” deb nom olgan park qurilgan.

— Eslaysanmi, Mariano, Paulo uch yoshligida uni ruhoniyga o‘xshatishardi — mazza qilib kulardi Alisiya. — Hammaga bir xil o‘lchamdagi futbolkalar berilsa, Pauloniki rohiblarniki kabi tizzasigacha osilib turardi.
— Ha, u hafa bo‘lardi. Keyin esa bir necha santimetr o‘sib, o‘zini katta hisoblay boshladi va futboldan bezib, basketbolga o‘tib ketdi. Bir necha kundan keyin esa fikrini o‘zgartirib, futbolga qaytib keldi, — deb onasining fikrini davom ettirdi Mariano.

Oilaviy xotiralardan keyin mavzu “Instituto” klubi prezidenti Xuan Karlos Barreraning o‘g‘illaridan biriga ko‘chdi. Aytishlaricha, bir necha oy oldin Dibalaning iqtisodiy masalalardagi huquqini uch million yevroga sotib olgan Gustavo Maskardini qamoqqa olishgandi.

2003-yil. Laguna Larga shahrida joylashgan Hipolito Yrigoyen ko‘chasi, La Favorita bukmekerlik kontorasi.

— Men o‘n daqiqada qaytaman. Kassaga hushyor bo‘lib tur. Peshtaxta senga ko‘rinishi uchun stul ustiga chiqib ol. — Shunday deb, Adolfo kichik o‘g‘lini kontorada qoldirdi.

O‘n yoshli Paulo bosh chayqagancha, bukmekerlik kontorasida vaqtinchalik “rahbar” bo‘lib qoldi. U otasining kelishini bir necha daqiqa poyladi, keyin esa sevimli jamoasi “Boka Xuniors” hujumchisi Karlos Tevesning Libertadores kubogida Chilining “Kabreola” jamoasiga gol urishi uchun, yig‘ib qo‘ygan ikki pesosini tikdi. Otasiga qaytib kelib undan kimdir kelgan yoki yo‘qligini so‘raganida, Paulo “Yo‘q, hammasi joyida, dada” deb javob berdi.

Adolfo Dibala xonadonida ertasi kungi kechki ovqat Libertadores kubogining chorak final bahsi bilan boshlandi. O‘yinni Paulo otasi, onasi, akasi Mariano bilan tomosha qildi. Yana bir akasi Gustavo esa rasm chizish uchun o‘z xonasiga yo‘l oldi. Gustavo — izlanuvchan rassom edi. O‘yinning 15-daqiqasiga kelib Paulo xonada kenguru kabi sakray boshladi. Sharhlovchi Mariano Kloss yarim daqiqa “gol” deb qichqirar, ekranda esa Marselo Delgado va Rolando Skiyavi Tevesni quchoqlab qutlashardi.

— Ota, men 30 peso yutdim!
— Bu nima bema’nilik, Paulito?
— Kecha chiqib ketganingizda men Tevesning birinchi bo‘limda gol urishiga pul tikdim. Demak, men unchalik omadsiz emasman.

Shundan keyin suhbatga onasi Alisiya aralashdi:

— Kim seni omadsiz deb aytdi?
— Meni “Nyuells Old Boys”ga qabul qilishmaganida, dadam shunday degandi.
— Yo‘q, men shunchaki “bugun sening kuning emas” degandim. Darvoqe, men “Instituto” murabbiylari bilan kelishib qo‘ydim. Ular seni kelasi hafta sinab ko‘radi.
— Mening 30 pesomga “Boka”ning formasini olib berasizmi?

Oradan olti kun o‘tib, La Augustina sport majmuasi oldiga qora Opel Vectra kelib to‘xtadi. Uning rulida Adolfo Dibala, yonida esa to‘q ko‘k-sariq chiziqli forma kiyib olgan kichik Paulo o‘tirardi.

Futbol maydoni yaqinida ular quyoshdan sarg‘ayib ketgan shapka kiyib olgan Turs Santosni uchratishadi. Sanstos Diyego Klimovich, Xuan Manseges, Silvio Romero kabi o‘yinchilarni kashf qilgani bilan Kordovada ancha taniqli edi. Santos Pauloga to‘pni irg‘itdi va yigitchaning u bilan muomalasini kuzatdi. O‘n daqiqa o‘tgach, Adolfoga yuzlandi.

— Biz uni jamoaga olamiz. Faqat bazada hozircha bo‘sh joy yo‘q. Siz uni har kuni ertalab olib kelolasizmi?
— Muammosiz.

O‘zidan xursand Paulo kattalarga xos yugurib, omadga erishish uchun to‘p bilan muomala qilishga kirishib ketdi.

— Bolakay, qoyil senga! Lekin sen endi bu yerga “Boka Xuniors” formasisiz kela olasanmi?

2011-yilning avgust oyi. 17 yoshli Dibala “Insitituto”dagi ikkinchi o‘yinida gol urdi. “Aldosivi”ga qarshi o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi. Hushtakdan keyinoq hamma ikki yildan buyon akademiya bazasida yashayotgan, asosiy tarkibga esa hujumchi Fernandoning diskvalifikatsiyasi tufayligina kirib qolgan Paulo Dibalani qutlashga oshiqdi. Tabriklar tezda tasalliga aylandi. Paulo “Nyuells Old Boys”ga qabul qilinmagani 8 yoshida ham bunchalik yig‘lamagandi. Qizig‘i, bu baxt ko‘z yoshlari emasdi.

Murabbiy Dario Franko Pauloning qulog‘iga pichirladi:

— Hey, nima bo‘ldi, gap nimada? Ahir sen bugun eng yaxshi bo‘lding?!

Paulo boshini chayqadi-yu, hech narsani tushuntirmadi. Kiyim almashtirish xonasidan chiqishda endi uni jurnalistlar so‘roqqa tutdi:

— Nima uchun o‘yindan keyin yig‘lading?
— Dadam o‘g‘illarining futbolchi bo‘lishini orzu qilgandi. Men esa uning eng so‘nggi umidi edim. Bu klubga meni aynan otam olib keldi, xet-trik qilgan vaqtimda ham tanbeh berib turdi. Ammo katta futboldagi ilk golimni ko‘rish unga nasib etmadi. Ikki yil avval u oshqozon osti bezi saratonidan vafot etdi. Kechirasiz… Men ketdim…

Hozir Dibalaning ko‘chasida o‘zidan bir necha yosh kichik bolalar uni o‘rab olib, dastxat so‘rashadi.

2011-yil, oktabr. “Instituto” ofisidagi kichikroq xonada klub kengashining yig‘ilshi. Unga 40 dan ortiq kishi a’zo edi. Xonada esa ikkitagina stol va 15 tacha stul bor. Odam zich, ko‘pchilik tik oyoqda. Birinchi bo‘lib “Instituto” prezidenti Xuan Karlos Barrera nutq so‘zladi.

— Omon qolish uchun klubga 21 million peso kerak. Britaniyaga qarashli Pencilhill biznes-guruhi Buenos-Ayresdagi vakili Gustavo Maskardi orqali Dibala uchun bizga bu summani taklif qilmoqda. Rahbariyat taklifni qabul qilish kerak deb hisoblaydi.
— Hammaning nomidan gapirmang, — deb gapni bo‘ldi texnik direktor Xose Teo. — Dibala agent Omar Peyronni yolladi, u esa britanlar ishtirokisiz ham savdoni kelishishi mumkin.
— U qishgacha — iyun-iyul oyigacha kelisha olmaydi, — dedi Barrera, — klubga esa pul hozir kerak.
— Hozir bizning oldimizga “Bayer” va “Borussiya” skautlari keladi, bungacha “Benfika” vakili kelgan edi, — dedi Teo. — Sizning biznes-guruhingiz esa alkogol ishlab chiqaruvchi Diageo kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Sizningcha eng yaxshi o‘yinchimizga viski va aroq savdogarlari egalik qilishi kerakmi?!
— Biz “Instituto”ni qutqarishimiz shart! Bu eng asosiysi, — sekin, biroq qat’iy ovozda gapirdi klub kotibi, bir vaqtning o‘zida prezidentning o‘g‘li Ivan Barrera. — Ovoz berishni taklif qilaman: kim Dibalani Pencilhill biznes-guruhiga sotishga rozi?

Yigirma uch kishi qo‘l ko‘tardi.

— Kim qarshi?

O‘n besh kishi qarshi ovoz berdi. Bir kishi ovoz berishda ishtirok etmadi. Shu kuni kechqurun Xose Teo Dibalaning agenti Peyron bilan uchrashdi va Pauloga egalik huquqi sobiq makler Maskardi vakilligidagi shubhali britaniyaliklarga sotilishi haqida gapirib berdi. Uning fikricha, noqonuniy bo‘lgan bu savdoni chippakka chiqarish uchun yig‘ilish tafsilotlarini jurnalistlarga ma’lum qilish rejasini ishlab chiqish kerak edi.

Peyron hayratda edi. “Instituto” bilan uch yillik shartnomasi bo‘lgan Dibalaning fikri bilan hech kim qiziqmadi — uni yumshoq o‘yinchoq kabi sotib yuborishdi. Yana futbol klubiga ham emas, balki, Buenos-Ayreslik biznesmenga. Peyron suhbat davomida Maskardi futbol atrofida o‘ralashib yuradigan vositachi ekanini, uning eng yaxshi muvaffaqiyatlari orasida Franko Vaskesning “Palermo”ga, Xuan Iturbening “Portu”ga transferi borligini, avvalroq u Avelyaneda shahrining “Rasing” klubi atrofida o‘ralashib yurganini, hozir esa panjasini butun bir Argentina futboliga tiqayotganini bilib oldi.

2011-yilning oxirgi o‘yinida Dibala mavsumdagi sakkizinchi golini urdi va jurnalistlarga shunday intervyu berdi.

— Aytishlaricha, vakillaringiz hozir Italiyada bo‘lib turgan ekan?
— Bu rost, biroq men “Instituto”ning Primyeroga ko‘tarilishda yordam berish haqidagina o‘ylayapman va chempionat yakunigacha hech qayerga ketmayman.

Neapol. “San-Paolo” stadionidagi VIP xona. “Napoli” klubi egasi Aurelio De Laurentisning yonida sport direktori Rikardo Bigon va bosh skaut Marko Dzunino o‘tirardi. Klub egasi argentinalik yigit — Di Napolimidi, Di Paolomidi, xullas, usha bola bilan qiziqdi. Bigon va Dzunino g‘alati ishlar bo‘layotgani haqida aytishdi. Ertalab Dibalaning agenti uch million so‘raganini, bir necha soatdan keyin esa biznesmen Maskardi qo‘ng‘iroq qilib, futbolchining huquqlari unga tegishli ekani va besh million so‘ragani haqida so‘zlab berdi.

— Bu auksiondan chiqamiz, — dedi De Laurentis. — Boshqa kimnidir tarbiyalayverishsin.

Yangi yil oldidan Xavyer Zanetti Dibalani o‘zining an’anaviy xayriya matchiga taklif qildi. Unda Pauloning o‘yini “Inter” egasi Massimo Moratti e’tiborini o‘ziga tortdi. U Pauloni Kordovada iyungacha qoldirib, transferni yanvardayoq amalga oshirishga tayyor ekani haqida aytdi. Bu Pauloga yoqdi. Yigit bir necha kun Buenos-Ayresda bo‘lib, Yevropa pasportini rasmiylashtirishi kerak edi. Uning bobosi Polshaning Kvasnev shahridan, buvisi esa Neapoldan. Demak, bu masalada muammo bo‘lmaydi.

Butun yanvar oyi davomida Milanga muzokaralar uchun turli kishilar uchib kela boshladi: goho prezident Barrera o‘z o‘g‘illari bilan, gohida biznesmen Maskardi, ba’zida esa agent Peyron texnik direktor Xose Teo bilan. Moratti muzokaralarni 2,3 million yevro bilan boshladi, keyin uni uch milliongacha ko‘tarishga kelishdi. Savdo amalda yopilgandek bo‘ldi. Kordovadagilar bu pulni o‘zaro qanday taqsimlashni hal qilsa, bo‘ldi edi.

Peyron esa Maskardi bilan amalga oshirilgan savdo noqonuniy ekani haqida aytib, barcha pullar klubga kelib tushishi kerak, deb qat’iy turib oldi. Barrera kelishuv taklif qiladi: Maskardi allaqachon “Instituto”ga Dibala uchun pulning bir qismini o‘tkazdi, “Inter” o‘tkazadigan ulush hisobidan unga pulini qaytaramiz-u, qolganini o‘zimizga olamiz.

Maskardining o‘zi Dibalani kelishilgan qiymat bo‘yicha sotishga rozi bo‘lmadi. Ammo uning boshqa muammolari ham bor edi. Ferro kompaniyasining 2002-yildagi shubhali bankroti sabab Gustavoning izidan prokratura tushgandi.

31-yanvar kuni tongda “Inter” sport direktori Pyero Auzilio “Instituto”ga qo‘ng‘iroq qilib, g‘alati ma’lumotlar oladi va transfer oynasi yopilguniga qadar bu mash-mashani hal qilib bo‘lmasligini tushunadi. Shu tariqa “Instituto” kotibi “Inter”dan taklif qaytib olingani haqida faks oldi.

2012-yilning iyun oyida Berrera garov evaziga ozodlikka chiqqan o‘g‘li Maskardi bilan Sitsiliyaga uchib kelib, Dibalaning roziligisiz uni “Palermo”ga sotib yubordi. Italiya klubining egasi Mauritsio Dzamparini maqtanardi: “Men yangi Agueroni 12 million yevroga sotib oldim va bunda ‘Inter’, ‘PSJ’, ‘Chelsi’ kabi klublarni dog‘da qoldirdim”.

Argentinada esa umuman boshqacha raqamlar yangray boshladi — 6 million. Britaniya kompaniyasi Dibala uchun oktyabrda o‘tkazib bergan pulidan ulushini ortig‘i bilan olgandi. Barrera esa “Palermo” egasi sarflagan har bir yevrosiga soliq to‘lashi haqida aytib, raqamlar qanday qilib 12 millionga yetib qolganini tushuntirishga urindi.

G‘azablangan Xose Teo Barrera va Maskardini sudga berdi. Uning iddaosicha, klub texnik direktori bo‘lishiga qaramay, Dibalaning transferida uning roziligini anglatuvchi imzo yo‘q edi. “Palermo” esa Italiya qonunchiligiga ko‘ra, texnik direktorning imzosi umuman shart emasligini ma’lum qildi. Futbolchining agenti Omar Peyron ham Teoning yonini oldi, shuningdek, Dibala uchun yanada qiziqarliroq bo‘lgan “Manchester Siti”ga taklif bilan chiqdi, mashmashaga “Inter”ni qaytarmoqchi bo‘ldi.

Mana shunday kunlarda Dibala “San-Lorenso” klubiga qarshi Premyeroga yo‘llanma beruvchi o‘yinda maydonga tushdi. Uchrashuvda “Instituto” mag‘lub bo‘ldi, biroq Dibala mavsumni 17 ta gol bilan yakunladi. Bu Kavenagi urgan gollardan 2 taga kam, biroq Trezegening golidan ko‘proq edi (o‘sha mavsum “River Pleyt” klubi ham quyi divizionda ishtirok etgandi).

O‘z intervyularining birida Dibala “Inter”ga o‘tishdan baxtiyor bo‘lishini, biroq hozircha ulovni “Palermo” tortib ketayotganiga iqror bo‘ldi. Bu paytda Omar Peyron “Kundan kunga” nashrida chiqish qilib, uning oilasiga tahdidlar boshlangani, Dibala mash-mashasidan chiqishi va “Palermo” transferi amalga oshishi uchun raqib bor kuchi bilan harakat qilayotganini ma’lum qildi.

Iyul oyi o‘rtalarida Dibala Rim va Neapol orasida sarson bo‘ldi. U Italiyada ishlash huquqini qo‘lga kiritgandi, endi esa hayotining keyingi qismi qanday bo‘lishini aniqlab olishi kerak edi. Bunda uning qarshisida uch yo‘l bor edi: 1) isyon qilishda davom etishi va klub tanlashda erkinlikka erishish uchun uzoq davom etadigan sudga tayyorgarlik ko‘rish; 2) uni “Palermo”dan sotib olishi mumkin bo‘lgan boshqa klub topish; 3) yoki shunchaki “Palermo” bilan kelishish.

Iyul so‘ngida Dibala “Palermo” bilan 4 yillik kelishuvga imzo chekdi. Klub uning maoshini jamoaning avvalgi yulduzi Xavyer Pastore olganicha qilib berdi. Paulo Palermoga onasini ham olib keldi. Alisiya Italiyada endi nafaqat o‘g‘li uchun, balki Kordovadan Sitsiliyaga ko‘chib o‘tgan boshqa bir futbolchi, Pauloning do‘sti va hujumdagi tandemi Franko Vaskesga ham kechki ovqat tayyorlab turardi. Yanvar oyida Paulo “Latsio” darvozasiga gol urdi. Ikki haftadan keyin esa asosiy tarkibga kiritilmadi, “Palermo”da bosh murabbiy o‘zgargandi.

— Dibalani tarkibga kiritmaydigan har qanday murabbiyni ketiga tepib haydayman! — deb baqirardi Dzamparini “Atalanta”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan keyin.

Jamoa egasi o‘z so‘zida turdi va yarim yil ichida to‘rt bor murabbiy almashtirdi. Qizig‘i, ularning hammasi Dibalani asosiy tarkibda o‘ynatishni istamagandi. Shu tariqa sentyabrda Gasperini, fevralda Malezani keldi. Qandaydir 3-4 haftada Gasperini joyiga qaytarildi, yana shuncha o‘tib birinchi murabbiy Sannino qaytib keldi. Mana shunday charhpalak og‘ushida “Palermo” Dibalasi bilan B seriyaga ravona bo‘ldi.

Paulo tanaffus vaqtida uyiga qaytdi. Keyinroq muxolifatchi jurnalist Xorxe Lanatadan davlatdan pul yuvishda ayblanayotgan uchlik haqida eshitdi: Argentinaning sobiq prezidenti Nestor Kirshner, uning o‘g‘li Maks va siz yaxshi eslab qolgan Gustavo Maskardi. Ular argentinalik futbolchilarni Yevropaga sotish orqali davlatdan pul yashirishda ayblangandi.

2013-yilning yoz oylari edi. “Instituto” pulsizlikdan qiynalib qoldi. Futbolchilar mashg‘ulot o‘tkazishdan bosh tortar, klub muxlislari esa jamoa ofisini toshbo‘ron qilishdan charchamasdi. Yakunda prezident Barrera iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Bu vaqtda Kordovadan 50 kilometrlar chamasi uzoqlikdagi Laguna Large shaharchasida Sebastyan Barrionuevo bolakaylarni shug‘ullantirishda davom etardi. Bir vaqtlar uning mashg‘ulotida kim nima topgan bo‘lsa, shuni kiyardi. Hozir esa ular ikki bir xil libosda yugurib yuribdi — “Palermo”ning oq va pushti rang formalarida. Iyul oyida Dibala 9 raqami tushirilgan yuzga yaqin liboslarni ularga va sinfdoshlariga sovg‘a qilgandi (Dibala maktabni Italiyaga ketishi oldidangina tamomlagandi).

2014-yilning 15-mart kuni Paulo “Breshiya” darvozasiga gol urdi. Unga pasni Franko Vaskes tashlab bergandi. Bu vaqtda esa Argentina politsiyasi Dibalaning transferida qonunbuzarliklar borligini aniqladi va “Instituto” ofisini tintuv qilishga kirishdi. Bunga sabab Gustavo Maskardining ayblovi edi. U Dibalaning transferi davomida o‘z prezidentiga qarshi chiqqan klub vakillariga shu tariqa javob hujumini uyushtirishni istagandi.

Paulo esa A seriyaga qaytib, ketma-ket besh o‘yinda gol urdi. Antonio Konte uni Italiya terma jamoasiga chaqirdi. Xuan Karlos Barrerani esa navbatdagi sinovlar kutib turgandi. U va uch o‘g‘lini qamoqqa olishdi. Oila Bacar firmasidagi moliyaviy firibgarliklar bo‘yicha ayblandi.

2015-yilning 6-yanvar kuni Dibala “Kalyari” bilan o‘yinda dubl qayd etdi. Oradan ko‘p o‘tmay Argentina telekanallaridan biri surishtiruv-reportaji uyushtirib, “Instituto”da 2011-yil bo‘lgan ishlarni ochib tashladi. Prezident Barrera biznesmen Maskardi bilan Dibalani sotish bo‘yicha ikkita shartnoma tuzgan bo‘lib chiqdi. Birinchisi hammaga ma’lum bo‘lgan uch millionlik, ikkinchisi esa qo‘shimcha 1 millionlik. Maskardi esa bu ishlarga tupurib qo‘ydi va Yevropaga yo‘l oldi. Madrid, Parij, London bo‘ylab sayohat qilib, Mauritso Dzamparini nomidan ish olib bordi va Dibalani 40 millionga pullashga urindi. Chunki “Palermo” keltirilgan zarar o‘rnini qoplashi uchun shuncha pul kerak edi.

2015-yilning 4-aprel kuni Dibala “Milan” postini xuddi birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi ishg‘ol qildi. Bir oy o‘tib esa bosh murabbiy Yakini klubning asosiy snayperini zaxiraga o‘tkazib qo‘ydi. Murabbiy bu ishni Dzamparinining buyrug‘i bilan qildi. Chunki “Palermo”ning egasi “Yuventus” bilan muzokara olib borayotgandi va mana shunday hal qiluvchi pallada Dibalaning jarohat olib qolishidan cho‘chib turardi.

Dzamparinining yonida Dibalaning o‘zi uchun yanada yaxshiroq takliflar bor edi. Biroq “Instituto” bilan shartnomada — agar Dibala Italiyadan boshqa mamlakat klubiga yo‘l olsa, Argentina jamoasi summaning ikki foiziga ega chiqishi kerak edi. Agar transfer Italiyaning o‘zida bo‘lsa, unda “Palermo” barcha pullarni o‘zida qoldirishi mumkin edi.

Yangi klub taklifiga ko‘ra, Dibala Chempionlar ligasining finali uchun Berlinga tashrif buyurdi va keyin klubda Karlos Tevesning o‘rnini egalladi. Taqdir hazilini qarangki, Dibala 12 yil avval aynan shu futbolchining goliga pul tikib, u qadar omadsiz emasligiga iqror bo‘lgandi.

Bir necha oydan keyin Dibala Argentina terma jamoasi a’zosiga aylandi. “Roma”ga qarshi o‘yinda “Yuve”ga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi, bu uning mavsumdagi 12-aniq zarbasi bo‘ldi. Keyinroq “Yuventus” direktori Beppe Moratta Dibalani 80 million yevroga “Barselona”ga qo‘yib yuborishni istamagandi. Unga qadar esa, Turin klubi bilan shartnoma imzolagan Paulo Laguna Largaga qaytdi.

Dibala o‘zi to‘p surgan, otasi esa 80-yillarda o‘ynagan “Sportivo” klubining eng mashhur tarbiyalanuvchisi uchun tashkil qilingan banketida ishtirok etdi. Stadion atrofida yetti yuzga yaqin muxlis to‘plandi. Bu Laguna Larganing o‘ndan bir aholisi edi. Ular orasida Pauloning onasi va ikki akasi ham bor edi. Kordovadan esa so‘nggi vaqtlarda oyog‘idagi muammo sabab kam harakat qilayotgan Santos Tursa ham yetib keldi.

Bu esa Dibalaning otasi. U o‘g‘li ushlab turgan suratda tepa qatorda chapdan uchinchi bo‘lib turibdi.

Опубликовано: admin (14-04-2017, 12:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 59) ( 0) ( 56) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют