» » Oliy Majlis deputati YeOIIga a’zo bo‘lish tarafdorlari taqdim qilgan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Oliy Majlis deputati YeOIIga a’zo bo‘lish tarafdorlari taqdim qilgan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Jahongir Abdurasulov O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish masalasida o‘z fikrlarini bildirdi hamda ittifoqqa a’zo bo‘lish tarafdorlari taqdim qilgan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

Deputatning qayd etishicha, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi uning jahon iqtisodiyotiga integrallashuvi qay darajada ekani bilan bog‘liqdir. YeOIIga a’zo bo‘lib kirish bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilish bo‘lib tuyulishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oldida boshqa muqobil yo‘llar ham bor: Shanxay iqtisodiy tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirish, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida erkin savdo aloqalarini o‘rnatish yoki YeOIIga kuzatuvchi sifatida qo‘shilish.

Jahongir Abdurasulovning ma’lum qilishicha, “Milliy tiklanish”ning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari ham milliy manfaatlardan va partiyaning saylovoldi vazifalaridan kelib chiqqan holda, hozirgi vaziyatda YeOIIga kuzatuvchi sifatida kirishni taklif qilmoqda.

Deputatning fikricha, ittifoqqa a’zo bo‘lish tarafdorlari tomonidan taqdim etilgan juda ishonchli ko‘rinishi mumkin bo‘lgan alohida ko‘rsatkich yoki o‘lchovlarga asoslangan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lish kerak.

Qayd etilishicha, ushbu masalaga mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydigan kompaniyalar, sohalar va iqtisodiyotning raqobatbardoshligi nuqtai nazaridan yondashish lozim bo‘ladi. YeOIIga integrallashuv tovarlar, xizmatlar, mehnat va moliyaviy bozor erkinligini beradi.

Deputat YeOII bilan hamkorlikning mamlakat moliya bozoriga ta’siri haqida ham fikrlarini bildirgan.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda mehnat bozorida tarkibiy ishsizlik mavjud bo‘lib, talabdan ortiqcha taklif etilayotgan ishchi kuchi xorijiy mamlakatlarga ketmoqda. Iqtisodiyotning valyuta oqimi kanallari — oltin va tabiiy boyliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari, xorijiy kreditlar va investitsiyalarga bog‘lanib qolgani tufayli “gollandcha kasallik”ka chalinish xavfi yuqori bo‘lib qolmoqda. Bunda xomashyo eksporti va xizmatlardan keladigan valyuta tushumi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga to‘siq bo‘lib qoladi.

Natijada real almashuv kursining o‘sishi va ichki bozorda ishlab chiqarish sanoati mahsulotlarining taqchilligi importga nisbatan bosimni yuzaga keltirib, joriy to‘lov balansining beqarorlashuviga olib kelmoqda. Natijada hamkorlik O‘zbekistonning tashqi savdo va to‘lov balansiga hamda milliy valyuta barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“YeOII bozorida Rossiya o‘z global kun tartibini mutanosib ravishda amalga oshirishga intilayotgan yirik va muhim geosiyosiy imperiya tizimi bo‘lib qolmoqda. Iqtisodchi Yuriy Kofner tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda YeOII moliyaviy bozoridagi vaziyat chuqur tahlil qilingan. Unga ko‘ra, YeOII moliyaviy bozori yetarlicha rivojlanmagan. 2017-yilda mazkur bozorda 661 ta bank faoliyat yuritib, ularning aktivlari 1,6 trillion dollarni tashkil etgan. Shundan 90 foizi Rossiya bank tizimiga tegishlidir. Sug‘urta sohasida esa 73,7 foiz kompaniyalar Rossiyaga tegishli bo‘lib, ulardan tushgan mukofotlar jami YeOII mukofotlarining 92,2 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, Rossiya kapital bozorining kapitalizatsiyasi YeOII bozori kapitalizatsiyasining 94,4 foizini va savdolar hajmi esa 99,6 foizni tashkil etadi. Bu esa YeOII moliya bozorida o‘yin qoidalarini Rossiya belgilashini bildiradi. Biz bunga tayyormizmi?”, — deya fikrini davom ettirgan Jahongir Abdurasulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashkilot doirasida moliya bozorini nazorat qiluvchi va milliy moliya organlaridan yuqori turuvchi organning tashkil etilmagani ushbu masalaning dolzarbligini yo‘qotadi. YeOIIda moliya bozorini muvofiqlashtiruvchi organning yo‘qligi huquqiy jihatdan uning vakolatlari yetishmasligi ushbu bozorga investorlar tomonidan ishonchning tushib ketishiga olib keladi.

Deputatning xulosa qilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda harakat qilmishi lozim.

Avvalroq O‘zbekiston parlamenti Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasini o‘rganishga kirishgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvarda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ushbu masala hukumat tomonidan parlament muhokamasiga kiritilishi va xalq vakillari bilan batafsil ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan edi. Mart oyining boshlarida esa O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shilishi ma’lum bo‘lgandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-03-2020, 22:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 63) ( 0) ( 61) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют