» » Venetsiyaga aylangan Samarqand. Yomg‘ir suvi nega ko‘chalar bo‘ylab toshib ketgani izohlandi (video)

Venetsiyaga aylangan Samarqand. Yomg‘ir suvi nega ko‘chalar bo‘ylab toshib ketgani izohlandi (video)


Samarqandda yog‘gan kuchli yomg‘ir oqibatida shahar yana suvga to‘ldi. Buning oqibatida ba’zi eski uylar qulab tushgan. Ta’kidlanishicha, bunday holat Samarqandda birinchi bor kuzatilmayapti. Shaharda irrigatsiya tarmoqlarida jiddiy muammolar bor.  Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturi tomonidan ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, salkam 24 soatdan buyon (yomg‘ir 6-aprel kuni yog‘gan) ayrim uylarda suvni bartaraf etish ishlari tugamagan. Yomg‘irdan talafot ko‘rgan uylarning yerto‘la qismida oshxona anjomlari suzib yurganini ko‘rish mumkin.

“Yomg‘ir yog‘ishi natijasida ko‘chamizdan o‘tgan ariqdagi suvlar yig‘ilib, hech yerga ketmadi. Soat 17:00 lardan boshlangan bo‘lsa, yarim soat o‘tib yerto‘laga suv kirishni boshladi. Ariqni tozalash maqsadida ichidagi loylarni olishgan edi, lekin uni opketishmasdan ariqni yopib qo‘yishgan”, — deydi fuqarolardan biri.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari yomg‘irdan zarar ko‘rgan xonadonlarda hali ham qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda. Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, kecha vaziyat bundan ham yomon bo‘lgan.

“Haqiqatan ham o‘sha joyni juda katta suv bosgan ekan. Xonadon egasi og‘ir ahvolda bo‘lgan, qon bosimi ko‘tarilib ketgani uchun hech qayerga qimirlay olmagan. Qutqaruvchilarimiz oynani sindirib xonadonga kirib bordi va fuqaroga yordam ko‘rsatildi”, — deydi FVB Mintaqaviy qutqaruv guruhi komandiri Rustam Erkinov.

Samarqand shahridagi Ashxar ota ko‘chasidagi ikkita uyga jiddiy zarar yetgan, ulardan birining egasi kechaning o‘zida uyini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

FVB mutaxassislari xonadonlarga suv kirib ketishining sababini ariqlar chiqindilarga to‘lib qolgani bilan izohlamoqda. Buni uy egalari ham tasdiqlagan. Lavhadan ko‘rish mumkinki, bir xonadon ro‘parasidan ariq chiqindilarga to‘lib qolgani oqibatida to‘rtta uyga suv toshib kirgan. Shuningdek, Samarqand shahrining markaziy ko‘chalarida ham yomg‘ir oqibatlarini ko‘rish mumkin.

“Samarqand shahri va Samarqand tumanida 14 ta jangovar ekipaj xizmat olib bordi. Shahar katta bo‘lgani uchun imkon boricha o‘zimizning vazifamizni bajarishga harakat qildik. Hozirda uylar zarar ko‘rmagan. Asosan, ko‘chalarda to‘planib qolgan suvlarni jangovar mashinalar yordamida chiqarib tashlash yo‘llarini qildik”, — deydi FVB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ismoilov.

Biroq lavhada keltirilgan tasvirlar rahbarning ma’lumotlarga zid keladi.

Mavzuga doir: Samarqandda suv toshqini uy devorini vayron qildi (video)

“Besh tonna sementimiz bor edi, u ham oqib ketdi, ikki mashina shag‘alni olib kira olmayapmiz”, — deydi yomg‘irdan jabr ko‘rgan xonadonlardan birining egasi.

Xususan, “Istiqlol” mahallasi Chashmai Xizr ko‘chasidagi 48 va 50-uylarda endi yashashning iloji yo‘q. Suv keltirgan zarar oqibatida ikkita xonadon ham qulab tushgan. Uy egalarining ta’kidlashicha, yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan toshqin sabab uydan chiqishning iloji bo‘lmagan, qo‘shnilar yordamga kelib, ularni derazadan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

“Ikki o‘g‘li va ikki kelini, olti nabirasi bilan bir kecha yotishga joy topishga muvaffaq bo‘lganlar, bugun qayerda yotish tashvishini qilyapti. Karantin vaqtida birovning uyiga borib, yotoq so‘rashning o‘zi qanchalik qiyinligini tasavvur qilyapsizmi?!”, — deya vaziyatni izohlaydi muxbir.

Jabrlangan ayolning so‘zlariga ko‘ra, ular hatto hujjatlarni olib chiqishga ham ulgurmagan: “Qarasak, devorlar ‘qasar-qasar’ bo‘lib yiqilyapti, hujjatlarni olishga o‘zimiz ham qo‘rqdik, qochib chiqishga majbur bo‘ldik. Suv bel bo‘yiga ko‘tarilib ketgani uchun chiqib qochdik”.

Ma’lum qilinishicha, yomg‘ir ushbu ko‘chadagi ko‘plab xonadonlarga moddiy zarar keltirgan. Lavhaga ko‘ra, yomg‘ir kecha yoqqan bo‘lsa ham, haligacha hokimiyatdan hech kim kelib, xabar olmagan.

Mavzuga doir: Video: Yomg‘irdan so‘ng suv ostida qolgan Samarqand

“Chashmai Xizr ko‘chasi — bu aslida selning yo‘li hisoblangan. Sel har doim shu yerdan oqib o‘tgan. 2018-yilda bu yerda yopiq drenaj qilinib, diametri ming millimetrga teng truba qo‘yildi. Lekin ushbu truba qo‘yilishidan oldin loyiga qaralmagan, loyiha to‘g‘ri qilinmagan. Sababi 2000 diametrli trubadan suv kelib, 1000 diametrli trubaga sig‘masdan toshib chiqib, shuncha aholiga zarar yetkazyapti. Bu xonadonlarni ko‘chirish bo‘yicha har doim xatlar berilgan va choralar ishlab chiqilgan. Samarqand shahri hokimligi tomonidan ko‘chirish ishlari amalga oshirilgan”, — deydi FVB xodimi Nuriddin Karimov.

U holda nega odamlar bu yerdan ko‘chmadi, deya berilgan savolga FVB xodimi bunga Samarqand hokimligidan javob olish kerakligi bilan tushuntirgan.

Mavzuga doir: Samarqanddagi suv toshqinlari vaqtida qutqaruvchilar 52 ta xonadonga yordam ko‘rsatdi

“Jurnalistlar voqea joyiga 24 soat o‘tganidan keyin borgan bo‘lsa-da, haligacha hokimiyat vakillari kelmaganiga qaraganda, ular shahar hududida mana shunday joy borligini bilishmaydi, nazarimizda ijtimoiy tarmoqqa joylangan videolar shaharning Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi xonadonga ham yomg‘irdan keyingi suv to‘planishi jiddiy zarar yetkazgani tasvirlangan — uyning devori qulab tushgan”, — deyiladi lavhada.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-04-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 75) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют