» » Yuriy Gagarin boshlab bergan sayohat. 12-aprel – Xalqaro aviatsiya va kosmonavtika kuni

Yuriy Gagarin boshlab bergan sayohat. 12-aprel – Xalqaro aviatsiya va kosmonavtika kuni


Bugun, 12-aprel – Yuriy Alekseyevich Gagarin insoniyat tarixida birinchi marotaba ochiq koinotga parvoz qilgan kun. Sana tarixi va qiziqarli faktlar haqida “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov ma’lumot beradi.

1961-yilning 12-aprel sanasida qanday olamshumul voqea yuz berganini ko‘pchilik yaxshi biladi. O‘sha kuni rus yigiti Yuriy Alekseyevich Gagarin “Vostok” kosmik kemasida bashariyat tarixida birinchi marotaba ochiq koinotga parvoz qilgan va kosmosni o‘zlashtirish erasini ochib bergan edi. U Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 9:07 da o‘zining mashhur xitobi – “Poyexali!” deya startga chiqib, 108 daqiqa mobaynida Yer shari atrofida orbital parvozda bo‘ldi va soat 10:55 da Saratov viloyatidagi Smelovka qishlog‘idagi dala hududiga muvaffaqiyatli qaytib qo‘ndi.

Bu insoniyatning juda buyuk qadami edi. Misli ko‘rilmagan ushbu ilmiy-texnik yutuq ortida birinchi fazogir Yuriy Gagarindan tashqari kosmonavtika va fazoviy parvozlar bosh muhandisi, konstruktor Sergey Korolyov va uning muhandislar jamoasining mislsiz mehnatlari singganini aytib o‘tmaslik adolatdan bo‘lmaydi.

Mazkur tarixiy voqea kosmik tadqiqotlar sohasida katta imkoniyatlarni ochib berdi. 1962-yildan boshlab bu sana kosmonavtika kuni sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi. Ushbu sanani bayram kuni sifatida nishonlash taklifini  birinchi kosmik parvozda Yuriy Gagarinning dublyori bo‘lgan ikkinchi fazogir – German Titov bergan edi.

Buni qarangki, fazoni o‘zlashtirish borasida yana bir o‘ta muhim loyiha bo‘lgan AQShning Space Shuttle shatllar parvozi loyihasi ham aynan 12-aprel sanasidan boshlangan. O‘shanda Kolumbiya kosmik mokisi Jon Kennedi nomli kosmik parvozlar markazidan startga chiqib, ikki kun va olti soatdan sal ko‘p vaqt mobaynida ochiq fazoda uchdi va yana Edvards harbiy bazasiga qaytib kelib qo‘ndi.

Albatta, bu oraliqda ham bir necha o‘nlab muhim kosmik parvozlar amalga oshdi. Xususan, ilk xalqaro hamkorlikdagi kosmik parvozni 1975-yilda Sovet Ittifoqining “Soyuz-19” va AQShning “Apollon” kosmik kemalari amalga oshirdi. AQShning o‘zi “Apollon” loyihasi orqali 1969-yilda Oyga inson parvozini tashkillagani ham tarixan ulkan voqea bo‘ldi.

Qolaversa, yana o‘nlab avtomat kosmik apparatlar tashqi va ichki sayyoralar orbitasiga yetib bordi va ularning ayrimlarining sirtiga qo‘nishga ham erishdi. Hozirda Yer atrofida ham minglab sun’iy yo‘ldoshlar aylanib uchib yuribdi va ular bizga turli jarayonlarda benazir ko‘mak bermoqda. Masalan, uyali aloqa, sun’iy yo‘ldosh televideniyesi, GPS-navigatsiya va hokazolar ushbu kosmik parvozlarsiz imkonsiz bo‘lgan bo‘lur edi.

Koinotni tadqiq qilishdagi yangi keng imkoniyatlar, ayniqsa fazogirlar muntazam yashab ishlaydigan orbital stansiyalar barpo qilinishi bilan yanada jadallashdi. Masalan, avvallari orbitada “MIR” xalqaro orbital stansiyasi ishlagan bo‘lsa, hozirda 2000-yildan buyon Xalqaro Kosmik Stansiya – XKS faoliyat yuritmoqda. U 15 mamlakat birgalikda yaratgan kosmik loyiha bo‘lib, AQShning Xyuston va Rossiyaning Korolyov shaharlaridagi boshqaruv markazlari tomonidan tun-u kun uzluksiz rejimda nazorat qilinadi. Hozirda XKS yirik kosmik ilmiy laboratoriyaga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Umuman olganda, 1961-yil 12-apreldagi Yuriy Gagarinning ilk kosmik parvozidan buyon qirqqa yaqin mamlakatlarning 400 nafardan ortiq fazogiri koinotga parvoz qildi.

Kosmonavtika kuni bayrami dastlab faqat SSSRning o‘zida nishonlangan bo‘lsa-da, yana o‘sha ikkinchi fazogir – German Titovning taklifi bilan Sovet Ittifoqi hukumati ushbu sanani xalqaro bayram kuni sifatida nishonlash tashabbusini BMTga kiritdi. 1968-yil, Xalqaro aviatsiya federatsiyasining 61-Bosh konferensiyasida 12-aprel sanasini Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni deb e’lon qilishga kelishib olingan edi.

2011-yilning 7-aprelidagi BMT rezolyutsiyasi orqali Yuriy Gagarin parvozining 50 yilligi munosabati bilan BMT Bosh assambleyasi 12-aprelni insonning koinotga parvoz qilgan kuni xalqaro bayrami sifatida nishonlash haqida qaror chiqardi. BMTning ushbu rezolyutsiyada, shuningdek, koinotni o‘zlashtirishda butun insoniyatning umumiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, kosmosni faqat tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish, barcha davlatlarning kosmik tadqiqotlardan teng manfaat ko‘rinishini ta’minlash kerakligi borasida alohida qayd etib o‘tildi.

Ushbu muhim sana munosabati bilan barcha aviatsiya mutaxassislarini, kosmik tadqiqotlar sohasidagi izlanuvchilarni, konstruktor, muhandis va fazogir-uchuvchilarni tabriklab qolamiz. Koinotni o‘rganish va o‘zlashtirishdek murakkab ishda muvaffaqiyatlar tilaymiz.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-04-2020, 12:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 91) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют