» » Farg‘onalik hamshiradan murojaat: “2 yildan beri tez yordam mashinalarini yuvishga majburmiz”

Farg‘onalik hamshiradan murojaat: “2 yildan beri tez yordam mashinalarini yuvishga majburmiz”


“Daryo” nashriga Farg‘ona viloyatidagi shifoxonada faoliyat yurituvchi hamshiradan murojaat kelib tushdi. Ismini oshkor qilsa ishdan haydalishidan qo‘rqqan murojaatchining ta’kidlashicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali tez tibbiy yordam markaziy bo‘limida hamshiralar tez yordam mashinasini yuvishga majburlanadi.

Ismi sir qolishini istagan hamshiraning aytishicha, ikki yil avval bo‘limda sanitar xodimlar shtati qisqartirilgan. 24 soat davomida uch qavatli bo‘lim binosini tozalash bir nafar sanitar xodim zimmasida qolgan. Natijada sanitar xodimlarning ayrim xizmat vazifalari hamshiralarga yuklatilgan.

“Ikki yildan beri tez yordam mashinalarini yuvishga majburmiz. Har kuni mashinalarning ustki qismini haydovchilar, ichini esa navbatchi hamshiralar yuvadi. Mashinani yuvishdan bosh tortsak, ‘Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi (SEOM)dan tekshiruv kelsa, tozalik uchun o‘zlaring javob berasizlar deyishadi’, — deydi murojaatchi.

“Bo‘limda mashinalarni yuvish uchun yetarli sharoit yo‘q. Mashina yuvgan kiyimimizda noiloj chaqiruvga ham boramiz, bemorlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Bu gigiyena qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi-ku. Bo‘limda yuvinish xonasi yo‘q. Kiyim almashtirish uchun alohida xona ajratilmagan” — deb qo‘shimcha qiladi hamshira.

Aniqlanishicha, markaziy tez tibbiy yordam bo‘limida 8 ta tez yordam mashinasi mavjud. Ularni yuvish uchun hamshiralarga qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.

“Mashina yuvgani uchun haydovchilar oyligiga 30 foiz ustama qo‘shiladi. Lekin bizga hech qanday qo‘shimcha to‘lov berilmaydi. Hozir bir kunda kamida 25 ta chaqiruvga boryapmiz. Qish kunlarida bitta tez yordam brigadasiga 30 tagacha chaqiruv bo‘lardi. Shuncha ishdan ortib, qishda sovuq kunlarda ham mashina yuvdik”, — deya holat haqida ma’lumot beradi hamshira.

Ta’kidlanishicha, bo‘limda ishlayotgan 150 nafardan ortiq xodimlar karantin paytida himoya vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan.

“Karantin e’lon qilinganidan keyin tibbiy niqoblar yetishmay qoldi. Talab qilaverganimizdan so‘ng, bitta xodimga 8 donadan doka niqob berishdi. ‘Yuvib-yuvib ishlatib turasizlar’, deyishdi. Shu niqoblar ham hamma xodimlarga yetmadi. 50 tacha xodim oldik, xolos. Niqob yetmaganlar o‘zlari pulga sotib olib, ishlatishyapti. Ikki-uch kun oldin bir martalik himoya kiyimlarini olib kelishdi-yu, hali xodimlarga berishmadi”, —  deydi vaziyatdan norozi hamshira.

Murojaatchining qo‘shimcha qilishicha, xodimlar uchun tibbiyot qo‘lqoplari o‘z vaqtida, yetarli darajada berilmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali tez tibbiy yordam markaziy bo‘limi mudiri Ramzjon Mirzarahimov hamshiralarning mashina yuvishini tasdiqladi.

“Bo‘limimizda sanitar xodimlar soni qisqartirilgani bor gap. Shundan keyin tez yordam mashinalarini yuvish haydovchilar zimmasiga yuklatilgan. Bu ish uchun ularga qo‘shimcha 30 foiz ustama to‘lanadi. Mashinalarning tibbiy jihozlar joylashgan qismini hamshiralar tozalaydi. Pol qismini yuvishga binodagi sanitar xodimlar yordam beradi”, — deydi Ramzjon Mirzarahimov.

Mutasaddining ma’lumot berishicha, filialga 100 ming dona tibbiy niqob olib kelinib, barcha xodimlarga tarqatilgan. Bo‘limda tibbiyot niqobi yetishmasligi to‘g‘risidagi gap o‘rinsiz.

“Bo‘limdagi xodimlar uchun bir martalik himoya kiyimlari ham yetarli darajada, — deydi Ramzjon Mirzarahimov. — Qoida bo‘yicha bo‘limimizda 3 ta brigadaga yetarli, ya’ni 12 dona himoya kiyimi bo‘lishi shart. Biz avvaldan 25 ta ko‘p martalik himoya kiyimlarini tayyorlab qo‘yganmiz. Karantin e’lon qilingach, viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan yana 110 dona bir martalik himoya kiyimlari va ko‘zoynaklar berildi. Yuqori tana harorati bilan murojaat qilgan barcha bemorlar va karantindagi fuqarolar xonadoniga xodimlarimiz faqat maxsus himoya kiyimida jo‘natilmoqda”.

Bo‘lim boshlig‘ining tan olishicha, bo‘limda maxsus kiyim almashtiradigan xona yo‘q.

“Lekin shifokor va hamshiralar uchun alohida xonalar ajratilgan. Xonalarga kiyim qo‘yish uchun “shkaf”lar qo‘yilgan. Issiq-sovuq suv bor” — deydi Ramzjon Mirzarahimov.

Mavzuga doir: Qashqadaryoda xususiy klinika faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorga bosim o‘tkazilayotgani aytilmoqda



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-04-2020, 17:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 74) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют