» » O‘zbekistonda koronavirusning to‘rtinchi haftasi dayjesti: O‘zimizning testlar va tibbiy ventilyator, xayr Anvar Obidjon, Bobodehqondan umidlar

O‘zbekistonda koronavirusning to‘rtinchi haftasi dayjesti: O‘zimizning testlar va tibbiy ventilyator, xayr Anvar Obidjon, Bobodehqondan umidlar


Kun xabarlarining eng yuqorisida koronavirus so‘zi uchrashiga ko‘nikdik. Karantin esa toqatimiz va hamyonimizni sinamoqda. Kuzatuvchilar koronavirus xuruji cho‘qqisiga chiqmaganidan bong urmoqda. Dayjestimiz hafta voqealarini bayon qiladi.

Mavzuga doir:

Karantin qoidalarini mensimaslik, transport harakati cheklovini aylanib o‘tish kabi holatlar bu haftada juda ko‘p kuzatildi. 4-aprel kuni ohangaronlik fuqaro o‘zining yuk mashinasida qishloq-xo‘jalik mahsuloti bilan birga to‘rt nafar fuqaroni cheklovlarga zid ravishda Toshkent shahriga olib kirmoqchi bo‘lgan. Albatta, bekorga emas. Shunga o‘xshagan karantin qoidalarini buzish harakatlari Toshkent shahriga kirish postlarining o‘zida 20 dan ko‘p holatda aniqlangan. Bundan tashqari, Termiz, Namangan, Samarqand, Buxoro shaharlariga ham kirib-chiqishda bunday holatlar bir necha marotabalab aniqlangan.

O‘zbekistonda karantin qoidasini buzganlarning soni 46 mingdan oshib ketdi. Qoidabuzarlik eng ko‘p Toshkent shahri bilan viloyatida kuzatilyapti. Bundan tashqari, Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari qoidabuzarlar ro‘yxatining yuqorisidan joy olgan.

* * *

Shuncha tashvishim yetmaganidek, qo‘shnim Malibu olibdi, deganlariday, bu hafta dollar bahosi yaxshigina ko‘tarildi. O‘zbekiston valyuta birjasidagi 8-aprel kungi savdolarda 1 AQSh dollari 38 so‘mga qimmatlashib, 9 701 so‘mga yetgan bo‘lsa, bugun, ya’ni 12-aprel kuni qo‘lda 9 900 so‘mdan ortib ketdi. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 7-apreldan dollarning rasmiy kursini 9 590,10 so‘m etib belgilagan edi.

* * *

Koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun tibbiy test o‘tkaziladi. Haqli savol tug‘iladi: O‘zbekistonda hozirgacha nechta odam testdan o‘tkazildi? Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning 9-aprel kuni aytishicha, 70 mingdan ortiq fuqaroda test o‘tkazilgan.

Xo‘sh, shifokorlarimiz asbob-anjom bilan qanchalik ta’minlangan? Rossiyadan 500 ta sun’iy nafas berish apparati xarid qilindi. Ularning birinchi qismi yaqin kunlarda olib kelinadi. Xitoydan kasallikni aniqlovchi 200 ming dona va Germaniyadan 50 ming dona test olib kelinmoqda. Xorijdan test keltirish bilan cheklanmasdan, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini aniqlashga yordam beradigan diagnostika kitlari (test tizimlari) sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, aprel oyi oxiriga qadar 50 mingta test ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston o‘pkaga havo yuboradigan tibbiy ventilyator ishlab chiqarishni mo‘ljallayotgani haqida avvalroq xabar qilingandi.

* * *

Dunyoning deyarli barcha davlatlaridagi tendensiya O‘zbekistonda ham davom etib, bu hafta koronavirus yuqtirganlar soni o‘sishda yanayam tezlashdi. “Koronavirusinfo.uz” kanalining yozishicha, 2020-yil 12-aprel soat 15:30 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 865 nafarni tashkil qilmoqda. Virus yuqtirganlarning asosiy qismi xorijdan qaytganlar va karantindagilar hissasiga to‘g‘ri kelishi aytilmoqda.

Yaxshi xabarimiz ham bor – tuzalganlar soni oshmoqda. Hozirgacha yurtimizda koronavirusdan to‘liq tuzalganlar soni 65 nafarga yetdi. Karantin qachongacha davom etishi epidemiologik vaziyat normallashishiga bog‘liq.

Mavzuga doir:

Aytish lozimki, koronavirus infeksiyasini yuqtirib halok bo‘lish bo‘yicha eng past ko‘rsatkich, hozircha, O‘zbekistonga tegishli bo‘lib turibdi. Dunyo bo‘yicha o‘lim holati O‘zbekistonda 0,52 foizni tashkil etgan. MDH davlatlaridagi 1,13 foiz ko‘rsatkich dunyodagi holatdan (6,1 foiz) besh baravar kam.

* * *

8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoga maktub yo‘lladi. Maktubda Rossiyada hozirgi murakkab sharoitda ishsiz, mablag‘siz qolgan fuqarolarimizdan karantin tugaguncha va mehnat bozori to‘liq tiklanguniga qadar patentni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning to‘lash muddatini kechiktirish imkoniyatini ko‘rib chiqish masalalarini tezkorlik bilan hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

* * *

11-aprel kuni o‘zbek adabiyoti katta yo‘qotishga uchradi. Mohir satirik yozuvchi, ajoyib shoir, bolalar va kattalar uchun birdek qadrli asarlar muallifi Anvar Obidjon dunyodan o‘tdi. Anvar Obidjonning ayniqsa bolalar adabiyotida o‘rni baland edi. Uning yumorga boy, yuksak falsafiy fikrlarni majozga burkab ifodalangan she’rlari, Meshpolvon, Alamazon kabi jasur va quvnoq qahramonlari, hayvonot olami vakillari tilidan so‘zlangan hikoyalari allaqachon o‘quvchilarning ma’naviy mulkiga aylangan. Safdosh ijodkorlarning eslashicha, shoir yetmish uch yoshida ham boladek samimiy va toza ko‘ngilligini saqlab qolgan edi.

Matematik olim Erkinjon Karimov “Anvarobidjon.narod.ru” saytini tashkil etib, bir necha yildan beri Anvar Obidjonning she’r va hikoyalarini joylab bormoqda.

* * *

Davlat soliq qo‘mitasi e’lon qilgan yangi hujjat loyihasi koronavirusdan xavotirlangan fuqarolarni yanada xavotirga soldi. Agar ushbu hujjat kuchga kirsa, tijorat banklari tomonidan soliq organlariga bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 million so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvilentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P (kartadan- kartaga) operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Bu qanday oqibatlarga olib keladi? Bu manfaatlarini himoya qila olmaydigan hamda ilgari surolmaydigan qatlam uchun katta zarba bo‘ladi. Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov yozadi: “Nega 30 million? Nega o‘nta tranzaksiya? Demak, millionlab oddiy fuqarolarning bankdagi operatsiyalari lupa ostida tekshiriladi, hamma ‘pod kolpakom’ bo‘ladi, bank tizimidan yana pul qochadi. Yashirin iqtisodiyot ayrimlar istaganidek yana gullab-yashnaydi”.

* * *

So‘nggi vaqtda koronavirus taloto‘pida nazardan chetda qolayotgan xabarlardan biri Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi muhokamasidir. Avvalroq “Adolat” partiyasi YeOIIga a’zo bo‘lib, sanoatimiz 2 milliard dollar yo‘qotishidan ogohlantirgan bo‘lsa, 10-aprel kuni hukumat a’zolari YeOII bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha deputatlarning savollariga javob qaytardi.

Hamkorlik masalalari uzoq taraddudlar bilan kechayotganining o‘ziyoq YeOII bilan hamkorlikka ishtiyoqimiz katta emasligini ko‘rsatadi.

* * *

Koronavirus iqtisodiyotga, importga juda katta zarba berdi. Pandemiya natijasida oxirgi uch oyda mamlakatimizga kirib kelayotgan un hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga, don 31 foizga kamaydi. Oziq-ovqat mo‘l-ko‘l bo‘lgan kunlar bizdan tobora uzoqlashmoqda. Qozog‘iston va Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari eksportini vaqtincha cheklab qo‘ymoqda, deb yozadi Davletovuz kanali (turli ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekiston birgina Qozog‘istondan 500 ming tonna un, salkam 3 million tonna g‘alla import qilgan). Davlat oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishining oldini olish uchun qishloq xo‘jaligiga e’tibor qaratmoqchi. Demak, tomorqa va fermerlar imkoniyatidan foydalaniladi. Tovuq va qoramol boqish, asalari va baliq parvarishlash yana kun tartibiga qaytadi. Bog‘dorchilik, g‘allachilik, poliz ekinlari yetishtirishga urg‘u beriladi. Zotan, sinovli davrda insonni yer boqadi, tabiiy mahsulotlar yetishtirishga to‘g‘ri keladi.

“Daryo” saytini uyda kuzatib boring. Nafaqat, koronavirus mavzuidagi, balki boshqa xabarlardan ham eng birinchi xabardor bo‘ling. Karantin qoidalariga rioya qiling. Uyda qoling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-04-2020, 08:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 54) ( 0) ( 52) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют