» » XDP fraksiyasi pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surmoqda

XDP fraksiyasi pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surmoqda


Pensiya bilan bog‘liq tub islohotlar hech bir davlatda oson amalga oshirilmagan. Chunki bu tizimdagi muammoli masalalarni aniqlash va samarali hal etish chuqur tahlillarni taqozo etadi.

Bugungi kunda respublikamizda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 mln 678 ming nafarni tashkil etib, aholi sonidagi ulushi 10,9 foizni tashkil qilmoqda. Shu jumladan, 3 mln 313 ming nafar fuqaro pensiya oluvchi hamda 365 ming fuqaro nafaqa oluvchi hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj, pensiya yoshidagi qatlamini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda bu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida birgina 2019-yilda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid 3 ta farmoni, yana 3 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Islohotlar shuning bilan to‘xtab qolmadi. Prezidentimizning 2019-yil 8-yanvardagi farmoniga muvofiq, Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Albatta, tizimda olib borilayotgan katta ijobiy ishlar bilan birga, ayrim muammolar ham yo‘q emas. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida (sobiq jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligida) ishlab, pensiyaga chiqqan shaxslar o‘sha davrda ishlagan boshqa soha vakillariga nisbatan kamroq pensiya olayotgani fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur masala Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan saylov okruglarida, fuqarolar, mutasaddi idoralar vakillari bilan bevosita muloqot asosida o‘rganib chiqildi hamda pensiya miqdorini hisoblab chiqishda qonunchilik bilan bog‘liq ayrim muammolar yuzaga kelgani aniqlandi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasida “1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan.

O‘rganishlar ko‘rsatdiki, qishloq xo‘jaligi sohasida (sobiq jamoa, davlat va shirkat xo‘jaliklarida) ishlagan fuqarolarning 2005-yilgacha bo‘lgan mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (har yilgi mehnat minimum qarorlari) aksariyat holatlarda arxiv saqloviga topshirilmagan yoki yo‘qolgan.

Buning oqibatida qishloq xo‘jaligi sohasida (sobiq jamoa, davlat va shirkat xo‘jaliklarida) mehnat faoliyatini 2005-yilga qadar yuritgan aksariyat fuqarolarga ishlangan vaqtning amalda davom etgan davridan kelib chiqib past miqdorda pensiya tayinlangan.

Misol uchun, sobiq jamoa xo‘jaligida 1980-yilda erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun 160 kun mehnat minimumi o‘rnatilgan. O‘sha yillarda qishloq xo‘jaligida me’yor(norma)larni bajarishga talab qattiqligi hisobga olinsa, aksariyat ishchi-xodimlar mehnat minimumini bajarishgan. Lekin yillar o‘tib, ular pensiyaga chiqish paytida sobiq jamoa xo‘jaligining bu haqdagi qarorini taqdim eta olishmagan. Buning asosiy sababi mehnat minimumi to‘g‘risidagi qarorlar o‘z vaqtida arxivga topshirilmagan yoki yo‘qolgan. Ammo bu holatda mehnat majburiyatini bajargan, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarimiz aybdor emas. Ular tizimdagi kamchilik tufayli yillar davomida jabr ko‘rmoqda.

Ya’ni, sobiq xo‘jaliklarda ishlagan erkaklar uchun o‘sha vaqtda bir yillik mehnat staji hisoblangan 220 kun amaldagi qonunchilikka asosan bir yillik emas, balki 7 oy 10 kun sifatida hisobga olingan. Xuddi shunday: avval ayol kishi uchun yillik me’yor sanalgan 160 kun amaldagi qonunchilikka asosan 5 oy 10 kun sifatida hisobga olingan.

Oqibatda qishloq xo‘jaligida mehnat qilgan fuqarolarga o‘sha vaqtlarda boshqa sohalarda ishlagan kishilar, aytaylik, tengdoshlariga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblangan.

Demak, 2005-yilga qadar sobiq jamoa va shirkat xo‘jaliklarida ishlagan fuqarolarning o‘sha vaqtda me’yor hisoblangan mehnat staji to‘liq yillik staj sifatida inobatga olinishi haqida hujjat loyihasini ishlab chiqish lozim. Ming-minglab yurtdoshlarimizning mehnatini qadrlash, ularning huquqlarini himoyalashda bu muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, qonunchiligimizda to‘liqsiz yoshga doir pensiya belgilashda ham ayrim muammolar mavjud. Hozir kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxslarga to‘liqsiz yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori 236 000 so‘mni tashkil etmoqda. Ayonki, bu pensionerlarning eng zarur ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yetarli emas.

Shuning uchun ham bugungi kunda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” ko‘rsatkichlarini qonunchilikda belgilash ishlarini olib bormoqda. Kelgusida pensiyaning eng kam miqdorini “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” ko‘rsatkichlari asosida qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.

Shuningdek, ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti to‘liq qo‘shib hisoblanishi haqidagi me’yorni qonunchiligimizga kiritishimiz kerak.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yuqoridagi takliflar va partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Davlat pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini har tomonlama pishiq-puxta tayyorlash va hayotga joriy etish jarayonlarida faol ishtirok etadi.

Ulug‘bek Vafoyev,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Reklama huquqi asosida.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-04-2020, 15:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 79) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют