» » “Xavfsiz yordam” loyihasi doirasida O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ming nafar ayolga 1 mln so‘mdan o‘tkazib beriladi

“Xavfsiz yordam” loyihasi doirasida O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ming nafar ayolga 1 mln so‘mdan o‘tkazib beriladi


Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Xavfsiz yordam” loyihasi doirasida respublika bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj, farzandlarini yolg‘iz tarbiya qilayotgan, ishsiz qolgan ming nafar ayolga mingta UzCard kartochkalari tayyorlanib, ular uchun jami 1 milliard so‘m o‘tkazib beriladi. O‘n kun ichida kartalar o‘z egalariga yetkaziladi. Bu haqda fond matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi yordamning tubdan yangi shaklini ishlab chiqdi va joriy etdi. Bu strategiya pandemiya davrida yordam olayotganlar bilan o‘zaro kontaktlarni qisqartirishga imkon beradi, chunki karantin qoidalariga rioya qilish va ijtimoiy masofa saqlash juda muhimdir.

Bugungi tahlikali kunlarda o‘n minglab odam bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zmoqda, qalbining bir parchasini berib, bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Eng muhimi esa odamlar nafaqat yordam berishmoqda, balki borini baham ko‘rishmoqda. Ulashish bu — muhtoj bo‘lgan kishiga yordam berish uchun o‘zining farovonligining bir qismini berishni anglatadi.

Mehribonlik va saxovat xalqimizning ajoyib belgilaridir. Hozir qiyin ahvolda bo‘lganlarga yordam berayotgan barchadan juda minnatdormiz. Pandemiya bizga uchrashishga, bir-birimiznikiga tashrif buyurishga, qarindoshlarimizni bag‘rimizga bosishga imkon bermaydigan o‘z qoidalarini o‘tkazmoqda. Biz yordam kontaktsiz, masofada va ayni paytda samarali bo‘lishi uchun nima qilish kerakligini o‘ylay boshladik. Shu tariqa “Xavfsiz yordam” loyihasi paydo bo‘ldi.

Saida Mirziyoyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari

Xayriya yordami uchun o‘ziga xos segmentni tanlashga qaror qilindi — bu karantin tufayli qiyin moliyaviy ahvolga tushib qolgan ayollar. Plastik kartani rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lmagan, telefoni yoki interneti yo‘qlar. Bu ayollarni shaxsiy plastik kartochkalari bilan ta’minlash va ularga bir million so‘mdan pul o‘tkazib berish vazifasi qo‘yildi. Ushbu miqdor taxminan yetti xayriya paketining narxiga teng. Naqd pul yordami oila uchun eng zarur bo‘lgan narsani sotib olishga imkon beradi. Shaxsiy plastik kartalaridan esa butun respublika bo‘ylab cheklovlarsiz, foydalanish muddati tugaguncha va keyinchalik almashtirish orqali ham foydalanish mumkin.

Ijtimoiy va moliyaviy himoyaga muhtoj ayollarning shakllangan bazasi asosida manzilli ro‘yxat shakllantirildi. Uning loyihasini ishlab chiqishda O‘zbekistonning Gender tengligi bo‘yicha komissiyasi, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi, Homiylik ko‘magi faoliyatini muvofiqlashtirish markazi katta yordam ko‘rsatdi.

Umumiy hisobda 1000 kishi tanlab olindi: Toshkentdan 350 nafar ayol va har bir viloyatdan 50 kishidan. Ushbu ro‘yxatdan 25 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan, daromad manbayiga ega bo‘lmagan, ammo bolalari bo‘lgan, shuningdek, yaqinda qamoqdan ozod qilinganlar kiradi.

Barcha muhtojlarning pasport nusxalarini to‘plash imkoni bo‘lmaganligi sabab Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi bankka kartochkalarni dastlabki rasmiylashtirish uchun №1 forma shaklida taqdim etdi, bu hujjat pasport berish uchun asos bo‘lib, barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Boshqarma va “Kapitalbank” ichki protokollarni buzmasdan maxfiylik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

“Xavfsiz yordam” xayriya loyihasi doirasida UzCard YAUPM tayyor plastik kartochkalarni taqdim etdi. Kartalar fond dizaynerlari tomonidan bezatilgach, muhtojlar nomiga rasmiylashtirildi.

Darhol har bir kartaga mablag‘ o‘tkazildi va bank mutaxassislari profilaktika inspektorlari bilan birgalikda ularni Toshkent shahridagi manzillarga tarqatdi. Bank barcha shartnomalarni imzoladi va shundan so‘ng pasport skanerlarini oldi. Viloyatlardagi yordamga muhtoj ayollarga kartalarni tezda topshirishda Ichki ishlar vazirligi yordam ko‘rsatdi.

Qiyin davrda har qanday yordam bebahodir. Ammo aynan ushbu xayriya shakli universal, samarali va barcha uchun ancha xavfsizdir. Umid qilamizki, boshqa tashkilotlar bizning namunamizga ergashadi va maqsadli yordam uchun ularning ro‘yxatini tuzadi. Biz, o‘z navbatida, ishlab chiqilgan strategiyani baham ko‘rishga tayyormiz.

Komil Allamjonov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi 

“Kapitalbank” tomonidan taqdim etilgan kartalar bo‘yicha navbatdagi xayriya transhi 20 kun ichida amalga oshirish rejalashtirilgan. Profilaktika inspektorlari pul tushgani to‘g‘risida o‘z hududlaridagi muhtojlarga vaqtida xabardor qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-04-2020, 09:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 51) ( 0) ( 50) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют