» » Muborak hokimligi axborot xizmati rahbari yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda

Muborak hokimligi axborot xizmati rahbari yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda


Muborak tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Zafar Jo‘rayev yolg‘on axborot tarqatishda ayblanmoqda. Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan Jo‘rayevning onasi Nilufar Salomova IIB o‘g‘lidan “noto‘g‘ri ma’lumot tarqatdim” deb tan olishini talab qilayotganini bildirdi.

“Bizni kecha kechki payt soat 21:00 da Qarshi shahridan olib kelishgandi. O‘g‘limni yarim kechasi soat 03:00 da qo‘yib yuborishdi. ‘Ertalab soat 08:00 da shu yerda bo‘lishing shart’ deyishgani uchun uyga ketolmay Muborak tumanida qoldik. Kechasi bilan ko‘chada o‘tirdik. Kelinim homilador, shu ahvolda kechadan beri sarsonmiz. O‘g‘limga nima bo‘ldi, ahvoli qanday bilolmay ovoramiz”, — deydi Nilufar Salomova.

Ta’kidlash lozim, 2020-yil 14-aprel kuni Muborak tumanida shifokorlar to‘y qilgani, to‘yda 50 nafar mehmon ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.

Aniqlanishicha, mazkur xabar dastlab tuman hokimligi axborot xizmatining rasmiy Telegram kanalida e’lon qilingan. Keyin o‘chirilgan.

“Soat 23:10. Bu paytda qayday post qo‘ysam bo‘ladi? To‘xtang, murojaat kelib tushdi. Bugun Muborak tumanida shifokorlar quda bo‘lishibdi! Tuman hokimi, sektor rahbarlari Muborakda shuncha ishlarni amalga oshirib turgan paytda, shuncha targ‘ibot, tashviqot ishlari davom etayotgan karantin paytida jo‘natilgan bu murojaat ochig‘i bizni hayron qoldirdi. Murojaat qanchalik asosli, ertaga aniqlik kiritamiz...”, — deyiladi axborot xizmati tarqatgan rasmiy xabarda.

Vaziyatni izohlagan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova Zafar Jo‘rayev unga qo‘ng‘iroq qilib, tumanda karantin paytida to‘y bo‘layotgani haqida murojaat kelib tushganini aytgan. Rasulova esa tuman IIB rahbarining telefon raqamini berib, “IIB rahbari va tuman hokimiga bu haqda tezda xabar bering” degan.

Zafar Jo‘rayev tuman hokimi va IIB rahbariga bu haqda xabar qilgan-qilmagani bizga qorong‘i. Ammo Nilufar Salomovaning aytishicha, o‘g‘li bu haqda mutasaddilarga aytgan.

“Bu haqda internetda o‘qidim, Zafar Jo‘rayev to‘y bo‘lgani haqida menga xabar bermagan”, — deydi Muborak tumani hokimi G‘ayrat Jovliyev.

G‘ayrat Jovliyevning aytishicha, u to‘y haqidagi xabar hokimlik axborot xizmati rasmiy kanalida e’lon qilinganini ko‘rmagan. Kanalni o‘qimagan.

“O‘sha kuni qishloq xo‘jaligi ishlari bilan tumanning chekka hududida bo‘lganman, shuning uchun ham xabar qo‘yilganini ko‘rmay qoldim. Xabar internetda tarqalgach, bildim”, — deydi Muborak tumani hokimi.

Zafar Jo‘rayev esa karantin paytida tumanda to‘y bo‘lgani haqida barcha mas’ullarga xabar berganini ta’kidlamoqda.

“Hammaga xabar berdim va keyin kanalimizda bu haqda axborot yozdim. Axborotda bu xabarga oydinlik kiritilishi haqida qo‘shimcha qilganman”, — deydi Zafar Jo‘rayev.

Zafar Jo‘rayevning aytishicha, bu xabar ortidan bir necha kishi jazolanishini bilgan mutasaddilar barcha aybni unga ag‘darib, suvdan quruq chiqishga urinmoqda.

“Tuman hokimligi axborot xizmati mustaqil va bor muammoni boricha ko‘rsatishi kerak, degan fikrda karatin qoidalariga amal qilmagan shifokorlar haqida yozdim. Endi esa aybdor sifatida ikki kundan beri IIB binosida so‘roq beryapman. Ovqat ham berishmay, och ushlab turishibdi. Aybim, haqiqatni yozganimmi?”, — deydi Zafar Jo‘rayev.

“Daryo” muxbiri bilan telefon orqali muloqot qilgan Zafar Jo‘rayev ayni paytda tobi qochib, tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganini bildirdi.

Zafar Jo‘rayev tuman IIBda uni och olib o‘tirishgani uchun tobi qochganini aytar ekan, unga hech kim quloq solmayotganidan shikoyat qildi.

Viloyat IIB mas’uli Iroda Rasulovaning ta’kidlashicha, tuman hokimligi axborot xizmati ma’lumotni tekshirmasdan ommaga tarqatgan. Va shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygan.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manbalarning tasdiqlashicha, aytilayotgan manzilda o‘sha kuni tadbir bo‘lib o‘tgan. Lekin tadbirda 50 nafar kishi ishtirok etmagan. Tadbir mehmonlari 10 nafarga yaqin kishi bo‘lib, kelinni kuyovning uyiga olib borishgan.

Yana bir manbaning ma’lumot berishicha, to‘y bo‘lgani haqida tuman hokimligi axborot xizmatiga xabar bergan ayol M.Q. va to‘y qilgani aytilayotgan fuqarolar o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan. Shu sababdan ham kichik tadbirni to‘y deyishgan.

“Ikkinchi tomon haqiqatan ham tadbir qilgan bo‘lsa, epidemiya qoidasiga rioya qilmagani bois, javobgarlikka tortiladi. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbariga axborot bergan fuqaro M.Q. va hokimlik mas’uli shoshma-shosharligi, axborotni tekshirmasdan e’lon qilgani uchun javobgar bo‘lishi tayin”, — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari.

Viloyat IIB axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, mazkur ish 16-aprel, payshanba kuni, Muborak tuman Ma’muriy sudida ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga doir: Qashqadaryolik shifokorlar karantin qoidalariga zid ravishda to‘y o‘tkazdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-04-2020, 18:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 109) ( 0) ( 107) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют