» » 100 dan ortiq kinoijodkor “O‘zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov ustidan Abdulla Aripovga shikoyat qildi

100 dan ortiq kinoijodkor “O‘zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov ustidan Abdulla Aripovga shikoyat qildi


O‘zbekiston kinematografiya sohasi arboblari, mutaxassislari, rejissorlar va aktyorlar “O‘zbekkino” direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazir Abdulla Aripovga shikoyat qildi. Jamoaviy murojaat 109 kishi tomonidan, xususan, “O‘zbekkino” bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudov, “O‘zbekfilm” direktori Fotih Jalolov, O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqob Matchonov, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy direktori Bahrom O‘tanov, “Multstudiya” direktori Sevara To‘laganova, “Respublika kinofondi” direktori Shuhrat Umarov, shuningdek, Hilol Nasimov, Jahongir Qosimov, Sarvar Karimov, Abduhalil Mingnorov, Akbar Bekturdiyev kabi rejissorlar tomonidan imzolangan. Shuhrat Rizayev, Matyoqub Matchonov, Bahrom O‘tanov, Hilol Nasimov kabi kinoarboblar “Daryo” muxbiri bilan suhbatda haqiqatan ham murojaatni imzolaganliklarini tasdiqladi. Murojaat 14-aprel kuni Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgani, hukumat mas’ul xodimi murojaatni qabul qilib olganini “Daryo”ning hukumatdagi manbalari ham tasdiqladi.

Murojaatchilar 2019-yil sentabrida “O‘zbekkino”ga rahbar etib tayinlangan Firdavs Abduxoliqov hozirgi kunda kinematografiya sohasi rivojlanish bo‘yicha kompleks yondashuv va konseptual qarorlarni qabul qilish o‘rniga sohani rivojlantirishga mutlaqo aloqador bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarni chetlatib, ularning o‘rniga kino sohasidan yiroq bo‘lgan, uning o‘zigagina qarashli odamlarni boshqarma va bo‘limlar rahbarligiga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlamoqda. Agentlikda ish o‘rniga va’zxonlik, tadbirbozlik, keraksiz ishlar bilan shug‘ullanish, byurokratizm, shuningdek, xorijiy davlatlarga yakka tartibda yoki o‘z istagidagi odamlardan guruhlar tuzib safar qilish, bosh direktor o‘rinbosarlari va tajribali mutaxassislar fikriga bepisandlik bilan qarash yoki ularning taklif va mulohazalarini umuman inkor etish amaliyoti joriy etilgani aytilmoqda.

Murojaat mazmuni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Firdavs Abduxoliqov “O‘zbekkino” bosh direktori etib tayinlangach, kinematografiya sohasida islohotlar davom etishini bildirgan. Avvaliga soha mutaxassislari va ijodkorlar ishtirokida turli forumlar, yig‘ilishlar va tadbirlar o‘tkazilib, unda mavjud muammolarga tanqidiy yondashgan holda taqdimotlar, loyihalar tayyorlangan. Biroq mazkur tadbirlar, taqdimotlar keyinchalik bayram tadbirlariga ulanib ketgan.

“Borgan sari keraksiz tadbirlarning miqyosi va ko‘lami ortib borsa bordiki lekin hech qanday ijobiy natijalar kuzatilmadi. Afsuski, mazkur holat hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Shu bilan birga, sohada islohotlar o‘tkazish va uni rivojlantirish borasida bir qator islohotlarni amalga oshirish rejalari tuzildi, qator tadbirlar tashkil etildi. Biroq, bu rejalar va tadbirlar nomiga, go‘yoki yangi rahbariyat tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligida “katta ishlar” amalga oshirilayotganligini ko‘rsatish uchun faqat “piar” maqsadida qilindi. Ular uchun millionlab mablag‘lar sarflangan balandparvoz ishlar vaqtincha bo‘lib, kino sohasini rivojlantirishga xizmat qilmasligi, aksincha vaqt o‘tishi bilan sohani ortga ketishiga olib kelishi bugungi kunga kelib haqiqatga aylandi.

Mazkur murojaatni Sizga yo‘llashimizdan asosiy maqsad bugungi kunga kelib milliy kinematografiya sohasini rivojlantirish emas, balki hech bo‘lmaganda bor obro‘sini yo‘qotib, uni xarob qilishdan saqlab qolishdan iborat”, — deyiladi murojaatda.

Kinoijodkorlarning murojaatida aytilishicha, Firdavs Abduxoliqov Hukumat qarori bilan o‘rnatilgan tartibga bo‘ysunmay, “yakka o‘zim hal qilaman” qabilida ish tutmoqda. U “O‘zbekkino” qoshida faoliyat yuritadigan Badiiy kengash tomonidan kollegial hal etilgan masalalarni to‘xtatib qo‘yish amaliyotini joriy eta boshlagan.

“Qo‘l ostidagi xodimlarga va Badiiy kengash a’zolariga o‘z lavozimini suiiste’mol qilgan holda ta’sir o‘tkazish orqali Badiiy kengash boshqaruvini o‘z tizginiga olish va o‘ziga maqbul a’zolarni kengash tarkibiga kiritish uchun turli harakatlar avj oldi.

Xususan, joriy yilning mart oyida Agentlik bosh direktorini Badiiy kengash raisi sifatida belgilash to‘g‘risida buyruq qabul qilinib, uning tarkibiga shu kunga qadar Badiiy kengash a’zolari sifatida ishlab kelgan tajribali ijodkorlar o‘rniga kino sohasiga aloqasi bo‘lmagan shaxslar kiritildi.

Badiiy kengash qarori bilan ishlab chiqarishga tushirilib, suratga olish ishlari davom etayotgan filmlarning badiiy-g‘oyaviy mazmunini Badiiy kengashning tavsiyasisiz, yakka tartibda o‘zgartirishga urinishlar kuzatilmoqda”, — deyiladi kinoijodkorlar murojaatida.

Davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarishga tushirilgan va joriy yilda topshirilishi rejalashtirilgan 10 dan ortiq badiiy va badiiy-publitsistik, hujjatli, multiplikatsion va ta qisqa metrajli filmlar moliyalashtirilmay, to‘xtatib qo‘yilgan.

“Buning natijasida kino mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishtirok etgan ijodkorlar va mutaxassislarga oylik maoshlari to‘lanmay qolmoqda. Ayniqsa hozirgi vaqtda bu holat ishchilar kayfiyatiga qattiq ta’sir ko‘rsatib, ularning asosli noroziligiga sabab bo‘lmoqda”, — deb yozadi murojaatchilar.

2020-yilda ishlab chiqariladigan yangi filmlar bo‘yicha kinoloyihalar tanlov o‘tkazish yo‘li bilan saralab olinishi lozim bo‘lgan. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomda tanlovni 2019-yilning noyabr oyidayoq boshlash haqidagi takliflarga qaramasdan, tanlov o‘tkazishga faqatgina 7-fevral kuni ruxsat berilgan.

“Shundan so‘ng, bir oy davom etgan tanlovda ko‘plab kinoloyihalar qabul qilingan bo‘lsa-da, biroq bosh direktor tomonidan Badiiy kengash tarkibini yangilash maqsadida ushbu kinoloyihalar Kengash muhokamasiga kiritilmadi, filmlarni ishlab chiqarishga tushirish bo‘yicha qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmadi.

2020-yilning aprel oyi o‘tib borishiga qaramasdan hamon bironta yangi film ishlab chiqarishga tushirilmadi, yangilangan Badiiy kengash biron marta yig‘ilish o‘tkazmadi, hattoki uning yangi a’zolari bilan shartnomalar imzolanmadi. Natijada joriy yilda yangi filmlarni ishlab chiqarish va namoyish etish ehtimoli juda pastligicha qolmoqda”, — deyiladi kinoijodkorlar murojaatida.

Kinoijodkorlar murojaatida “O‘zbekkino” Milliy agentligi markaziy apparati xodimlari orasida tushkun holat yuzaga kelishi tufayli koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat ikkinchi o‘ringa o‘tib qolgani aytiladi. Mart oyida bosh direktor e’tirozlarga qaramasdan Agentlik Markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasiga 2 nafar bosh direktor maslahatchisi, 2 ta bo‘lim, 2 ta xizmat, 3 ta sektor kabi yangi tarkibiy bo‘linmalar kiritilgan hamda “O‘zbekkino” faoliyatiga umuman aloqasi bo‘lmagan “Fan va ta’lim”, “Metsenatlik” va “PR” yo‘nalishlari tashkil etilgan.

“Markaziy apparatga shartnoma asosida bir qator xodimlar, jumladan xorij fuqarolari noqonuniy ravishda yollangan va ularga Agentlik faoliyatining barcha yo‘nalishlarida shtatdagi xodimlar faoliyatini nazorat qilish huquqi berilgan. Fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yollangan ishchilarning bajaradigan vazifalari aniq belgilab berilmagan yoki ular bajaradigan vazifalari asoslanmagan. Biroq, ularning oylik maoshlari shtatdagi xodimlar maoshlaridan bir necha baravar ko‘proq bo‘lib (hatto ba’zilari bilan valyutada haq to‘lash bo‘yicha shartnomalar imzolangan), ularning asosiy vazifasi markaziy apparat xodimlari va tizim tashkilotlari faoliyatini nazorat qilishdan iborat. Buning natijasida, agentlikda kadrlar qo‘nimsizligi yuzaga kelib, o‘zbilarmonchilik kayfiyati hukmron bo‘lib qolmoqda”, — deb yozadi murojaatchilar.

Markaziy apparat xodimlariga tinimsiz ravishda o‘z vakolatlari va lavozim yo‘riqnomalariga kirmaydigan vazifalar bajarishni noqonuniy ravishda talab etish, xodimlarni yarim tungacha ishlatish, dam olish va bayram kunlari ishga chaqirish hamda tinimsiz ravishda rejalashtirilmagan majlislar va yig‘ilishlar o‘tkazish odatga aylangan.

Kinoijodkorlar koronavirus pandemiyasi munosabati bilan xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, masofaviy ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha xodimlarning roziligisiz mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda buyruqlar qabul qilingan, ba’zi xodimlar qo‘rqitish va tahdidlar natijasida o‘z lavozimlaridan ozod etilganini ta’kidlamoqda. Bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudovni hech qanday ariza va ogohlantirishlarsiz o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqarish haqida buyruq qabul qilingan.

Pandemiya tufayli filmlar ishlab chiqarish to‘xtatilgani, filmlar namoyishi ham amalga oshirilmayotganiga qaramay, bosh direktor tomonidan kunlik, haftalik va oylik ish rejalar va hisobotlarni topshirish vazifalari doimiy ravishda talab etilmoqda hamda bajarmaganlik uchun agentlik tarkibidagi korxona rahbarlariga ketma-ket ogohlantirishlar va hayfsan e’lon qilinmoqda.

“Har kunlik, haftalik va oylik ish rejalarini ishlab chiqish va hisobot berishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy jazolar berilishi xodimlarning ishga bo‘lgan munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, oqibatda mantiqsiz va sifatsiz hujjatlar tayyorlanishiga, Prezident qarorlari va Hukumat topshiriqlarida nazarda tutilgan zarur va muhim hujjatlar loyihalari loyihaligicha qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda”, — deb yozadi murojaatchilar.

So‘nggi yarim yil ichida o‘ndan ortiq tadbirlar tashkil etilgan bo‘lib, ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 1 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Bosh direktorning o‘zi muntazam ravishda maqsadsiz xorijiy safarlarga chiqishi, xorijiy mehmonlarni kutib olish va ularning xarajatlarini “O‘zbekkino” Milliy agentligi hisobidan qoplash odatga aylangani ta’kidlanmoqda.

“O‘tkazilayotan tadbirlarda va xorij safarlarida chet el kinokompaniyalari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish masalasida shartnomalar, kelishuvlar va memorandumlar imzolanishi tantanali ravishda bo‘rttirib ko‘rsatilmoqda. Aslida ushbu kelishuvlar ahamiyatsiz bo‘lib, ular yuzasidan konkret shartnomalar imzolanmaganligi, ularning nomiga faqatgina ko‘zbo‘yamachilik va jamoatchilikni aldash uchun qilinayotganligini anglash mumkin.

Masalan, 2019-yilning dekabr oyida o‘tkazilgan Xalqaro kinoforumda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan 400 ming AQSh dollariga shartnoma imzolanganligi e’lon qilindi. Biroq BDKI rektori mazkur shartnomani ahamiyatsiz va keraksiz ekanligini ta’kidlab, institut shartnomani talabalarning o‘zi bilan imzolashini bildirgan

Rossiyaning ‘STV’, ‘Inferno’, ‘Soyuzmultfilm’ va boshqa kinokompaniyalar bilan tantanali ravishda memorandumlar imzolandi. Bu orqali mamlakatga investitsiya kirib kelayotganligi haqida ko‘pirtirib gapirildi hamda OAVda ko‘p millionlik loyihalar amalga oshirilayotganligi haqida e’lon qilindi.

Xususan, joriy yilning mart oyida ommaviy axborot vositalarida “Koronavirus pandemiyasi tufayli umumiy qiymati 25 million AQSh dollarini tashkil etgan kinoloyihalar to‘xtatildi” degan yolg‘on ma’lumotlar tarqatildi. Haqiqatda esa, tarqatilgan xabarlarda keltirilgan ma’lumotlar kinoloyihalarning umumiy budjeti hisoblanib, uning bir qismigina O‘zbekiston Respublikasi hududida sarflanishi bo‘yicha rejalar tuzilgan va muzokaralar olib borilgan xolos”, — deyiladi kinoijodkorlar murojaatida.

Bundan tashqari, bosh direktor shaxsan o‘zi shu yilning o‘zida Kuala-Lumpur, Moskva, Minsk va Berlin kabi shaharlarga rasmiy safarlardan o‘z shaxsiy maqsadlari yo‘lida foydalanib, go‘yoki ushbu safarlarda katta loyihalar va kelishuvlarga erishilgani haqida OAVda ma’lumotlar tarqatilgani aytilmoqda.

Murojaatchilar bosh direktor tomonidan “tadbirbozlik” va “piarchilik” faoliyatini samarali tashkil qilish uchun agentlik tarkibida bir necha o‘nlab xodimdan iborat ishchilar guruhlari tashkil etilib, EOAVMA tizimida ishlovchi xodimlar doimiy ravishda jalb etib kelinayotgani hamda EOAVMA tarkibiga kiruvchi telekanallar va gazetalardan ustalik bilan foydalanib kelinayotganini ta’kidlamoqda.

Kinoijodkorlar kinostudiyalar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarga ommaviy namoyishni amalga oshirish uchun bir martalik ruxsatnoma berish ariza topshirilganidan so‘ng 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi belgilangan bo‘lsa-da, bosh direktorning qat’iyatsizligi va qaror qabul qilishdagi e’tiborsizligi tufayli bu jarayon 51 ish kunigacha cho‘zilgan holatlar kuzatilgani ta’kidlanmoqda. Firdavs Abduxoliqov rahbar etib tayinlangunga qadar bu kabi holat kuzatilmagan, demoqda murojaat mualliflari.

Murojaatchilarning yozishicha, Firdavs Abduxoliqov pandemiyadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda.

“Hozirda yuzaga kelgan og‘ir vaziyatdan (pandemiyadan) o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib, budjetdan ajratilgan katta mablag‘lar hisobiga so‘nggi yillarda yaratilgan yangi filmlarni, ular hali to‘liq prokat qilinmagan, xalqaro kinofestivallar va kinobozorlarda ishtiroki hamda pullik namoyishlari tashkil etilmagan bo‘lsa-da, O‘zEOAVMA tizimidagi nodavlat telekanallarda shartnomasiz namoyish etishga berib yuborilgan”, — deb yozadi kinoijodkorlar.

Murojaatda “O‘zbekkino” Milliy agentligi tizimidagi korxonalar filmlar ishlab chiqarish faoliyatidan farqli ravishda tadbirlar o‘tkazish, taqdimotlar tayyorlash ishlariga jalb qilinayotgani, bosh direktorning og‘zaki topshiriqlari asosida 50 dan ortiq rolik tayyorlangani, biron buning uchun ijodkorlarga xizmat haqlari berilmagani aytilmoqda. Shuningdek, “Respublika kinofondi” korxonasining 17 nafar xodimi yil boshidan beri oylik maoshsiz mehnat qilayotgani ta’kidlanmoqda.

“Bundan tashqari, ‘O‘zbekkino’ Milliy agentligi balansida bo‘lgan bino va inshootlardan samarali foydalanish choralari ko‘rilmayotganligi, ushbu binolardan ijara asosida foydalanib kelayotgan korxona-tashkilotlar bilan 2020-yil uchun ijara shartnomalarining tuzilishi 4 oydan beri hal etilmaganligi sababli davlat budjetiga va agentlik hisobiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan katta miqdordagi ijara to‘lovlarining tushumi ta’minlanmasdan qolmoqda”, — deb yozadi murojaatchilar.

Davlat kinostudiyalari, xususan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi bevosita o‘z faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 2020-yil uchun 20 tadan ortiq filmlar ssenariylarini “O‘zbekkino” Milliy agentligiga kiritganiga qaramasdan, bironta filmni ishlab chiqarishga ruxsat berilmagan.

“Moliyaviy va tashkiliy masalalarda vazirlik va idoralardan filmlar ishlab chiqarish uchun milliardlab so‘m va valyutalarda investitsiya jalb etish kabi xayolparastlik (utopistik) yondoshuvlar ‘O‘zbekkino’ Milliy agentligi oldiga mamlakat Rahbari va Hukumati tomonidan belgilab berilgan aniq vazifalar ijrosini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Hurmatli Abdulla Nigmatovich, Sizdan ‘O‘zbekkino’ Milliy agentligida va kino jamoatchiligi orasida yuzaga kelgan joriy holatlarni ijobiy tomonga hal etish, kino sohasi mutaxassislari va ijodkorlar o‘zlarining asosiy vazifalari bilan shug‘ullanishini ta’minlash borasida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.

Zero, milliy kino san’ati va industriyasini rivojlantirishga yuzaki yondoshuv natijasida sohaning rivojlanishi va ijobiy natijalarga erishishi imkoniyati kun sayin kamayib bormoqda.

Yuqorida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha alohida tayyorlangan ma’lumotlar (faktlar) to‘plamlari ilova qilinadi”, — deb yakunlanadi kinoijodkorlar murojaati. Ushbu ma’lumotlar to‘plami “Daryo”ga ham taqdim etildi.

“Daryo” muxbirlari 16-aprel davomida “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovdan kinoarboblarning hukumat rahbariga murojaati yuzasidan izoh olishga urindi. Agentlik bosh direktorining vakillari dastlab murojaatning o‘zi feyk, imzolar esa soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi (vaholanki, yuqorida ta’kidlanganidek, murojaatni ma’qullagan bir qator kinoarboblar, xususan, agentlik bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev haqiqatan ham o‘zi imzolaganini “Daryo”ga tasdiqladi).

Shundan so‘ng Firdavs Abduxoliqovning vakillari 16-aprel kuni soat 18:00 ga qadar murojaat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilishini ma’lum qildi. Biroq 18:00 da ham, undan keyin ham biror munosabat bildirilmadi. “O‘zbekkino” milliy agentligi rahbariyati kino arboblarning bosh vazirga yo‘llagan murojaati yuzasidan munosabat bildirishi maqsadga muvofiqdir.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-04-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 74) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют