» » “Keldim, gol urdim, g‘alaba qozondik, ketdim”. “Beli singan yigit” — Kim Chelstryomning “Arsenal” muxlislariga maktubi

“Keldim, gol urdim, g‘alaba qozondik, ketdim”. “Beli singan yigit” — Kim Chelstryomning “Arsenal” muxlislariga maktubi


Futbol muxlislariga Fransiyaning “Lion” va “Renn” klublari hamda Moskvaning “Spartak”idagi faoliyati orqali yaxshi tanish bo‘lgan shvetsiyalik hujumchi Kim Chelstryom 2014-yilda keyinchalik jiddiy bo‘lib chiqqan jarohatiga qaramay, transfer oynasining so‘nggi daqiqalarida “Arsenal” bilan ijara shartnomasini imzolashga muvaffaq bo‘ladi.

U londonliklar safida atigi 135 daqiqa o‘tkazgan bo‘lsa-da, mavsumning hal qiluvchi pallalarida muhim gollardan birini urib, klubning to‘qqiz yillik tanaffusdan keyingi ilk sovrinni qo‘lga kiritishida o‘z hissasini qo‘shadi. Jamoa ishqibozlari Chelstryomni hazil tariqasida “Arsenal” “afsonasi” ham deb atashadi.

Quyida sizga Chelstryomning “Arsenal” muxlislariga qilgan murojaatini taqdim etamiz. Ha, aytgancha, bu shunchaki odatiy balandparvoz so‘zlar emas. Chelstryom boshidan o‘tkazgan g‘aroyib sarguzashtlari haqida hikoya qilib beradi.

“Salom, meni eslaysizmi? Men Kim Chelstryomman. Umid qilamanki, siz meni “beli singan” yigit sifatida yaxshi bilasiz. Hozir barchasi ko‘ngildagidek, bu mavzuda bemalol kulib gapirishim mumkin. “Arsenal”da juda qisqa vaqt o‘tkazgan bo‘lsam-da, ajoyib xotiralar qolgan. Bu vaqt davomida tajriba orttirdim, juda ko‘plab quvnoq insonlarni uchratdim, yetuk murabbiy qo‘l ostida shug‘ullandim. Xullas, aytib berishga arzigulik voqealarni boshdan o‘tkazdim.

Keling, barchasini boshidan, yani “Arsenal”ga qanday kelib qolganimdan boshlaymiz. O‘shanda Matyo Flamini bir nechta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi, boshqa futbolchilarda esa jarohat bo‘lgan. Men o‘sha vaqtlarda “Spartak” bilan Abu-Dabida yig‘in o‘tkazayotgan edim. Agentim qo‘ng‘iroq qilganida mashg‘ulotga borish uchun avtobusga chiqishga hozirlik ko‘rayotgandim.

U mendan: “Premyer Ligada ijara asosida to‘p surishni istaysansanmi”, – deb so‘radi. Unga bu yaxshi taklif ekanini, biroq meni ijara qiziqtirmasligini aytdim. Boisi oilam bilan Moskvada baxtli yashayotgan edik. U mendan: “Ishonching komilmi?”, – deb qayta so‘radi. Men esa javobim qat’iyligini tushuntirdim.

Biroq 10 daqiqalardan so‘ng yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

– Kim, chindan ham o‘tmoqchi emasmisan? Ular senga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

– Yo‘q. Ularga ayt, men “Spartak”da qolmoqchiman.

Buni qarangki, bir soatdan keyin u yana men bilan bog‘lanib: “Fikring o‘zgarmadimi?”, – deb so‘radi. Bu esa mening asabimga tega boshlagandi. Shunda u menga:

– Senga “Arsenal” qiziqyapti, – dedi. Aynan ushbu gapdan so‘ng o‘tishga rozilik berdim.

Angliyaning bir nechta klublari menga qiziqishi mumkin edi, ammo “Arsenal”dek top-klub ekanini xayolimga ham keltirmagandim.

Qarorimni o‘zgartirdim. Rafiqamga qo‘ng‘iroq qilib, bir necha oyga Londonga ko‘chishimizni aytdim. Bu – biz uchun o‘ziga xos tajriba maktabi edi. Shaharda uzoq qolmasligimizni yaxshi bilardik, shuning uchun u yerda shunchaki hayotdan zavqlanib yashadik.

Abu-Dabida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida bo‘lganimiz uchun, yonimda bor-yo‘g‘i bitta chamadon bor edi. Agar xotiram pand bermasa, ertasi kuniga biz Moskvaga qaytishimiz kerak edi. “Arsenal”ga o‘tishimga to‘liq ishonmasdim, chunki transfer oynasi yopilishiga juda oz muddat qolgandi. Tibbiy ko‘rikkacha hammasi shu darajada tez sodir bo‘ldiki, hatto men jamoadoshlarim bilan xayrlashishga ham ulgurmadim.

Ko‘pchilik jarohati haqida o‘zi yaxshi bilgan deb o‘ylaydi. Lekin hammasi boshqacha bo‘lgandi. Jamoa bilan sohilda mashq o‘tkazayotganimizda qum ustiga noqulay yiqildim. Ochig‘ini aytganda, bu ko‘proq beton ustiga yiqilishga o‘xshardi. Belimda kuchli og‘riqni his etdim. Ertasi kuni Moskvaga qaytishimiz kerak bo‘lgani sababli shifokorga murojaat qilmadim. Chunki jarohatning qanchalik jiddiy ekanini hali bilmasdim. Shunga qaramay, biz “Arsenal”dan belimdagi muammolarni yashirmadik va hozircha u haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligimizni aytdik. Shunda ular shunchaki kelishimni so‘rashgandi.

Londonga kelganimda mutaxassislar belimda shikastlanish borligini aniqlashdi, lekin baribir transfer amalga oshdi. Ochig‘i, jarohat tufayli barchasi bekor bo‘ladi, deb o‘ylagandim”.

“Ungacha bir nechta klublarda to‘p surganman, biroq avval hech qachon ijaraga olingan o‘yinchi sifatida kiyinish xonasiga kirmagandim. Jamoada hamma mening o‘yinchilar yetishmayotgani sababli kelganimni yaxshi bilardi. Londonda doimiy turar joyim bo‘lmagan, men buni bir sarguzasht deb bildim.

Klubda nafaqat fransuz murabbiy va o‘yinchilar, balki fransuz tilida gaplashadigan xodimlar ham ko‘p edi. Men “Lion”da o‘ynagan kezlarim bu tilda gapirishni o‘rganib olgandim va bu menga ancha yordam berdi. Fransiya chempionatidagi faoliyatim ham jamoadagi o‘rnimga ta’sir qildi, chunki boshqa futbolchilar hech bo‘lmaganda kimligimni bilishardi. Shuningdek, klubda Niklas Bendtner bilan shved tilida gaplashishim mumkin edi. O‘ylashimcha, bu ham tezroq moslashishimda muhim ahamiyat kasb etgan.

Klubda mendan tashqari yana bir nechta jarohatlanganlar bor edi. Ulardan biri Aaron Remzi. Qaysidir ma’noda, jarohat olishning yaxshi tomonlari ham bor edi, bazada uzoqroq vaqt o‘tkazardim, ko‘plab xodimlar bilan tanishdim. Qolganlar ketganida tiklanish mashqlarini bajarish uchun bazada qolardim.

Men Santi Kasorla, Mesut O‘zil kabi o‘z ishining ustalari orasiga tushib qolgandim. Ular bilan har kuni mashg‘ulot o‘tash yoqimli edi. U yerdagi futbolchilarning barchasi professionallar edi. Terma jamoada Zlatan Ibrahimovich bilan birga o‘ynaganman u – haqiqiy daho edi, lekin Mikel Artetaning o‘yinini yaqindan kuzatganimda hayratdan yoqa ushlab qolganman. U o‘z ishiga nihoyatda sadoqatli. Shunchaki uning o‘yinini tomosha qilib, ko‘p narsalarni o‘rganganman.

Aytganimdek, har doim kechgacha mashq qilardim, chunki mening karyeram og‘ir va intizomli mehnatga asoslangan. Ko‘pincha hammadan kech ketardim va ba’zan boss (Arsen Venger) bilan Fransiya futboli to‘g‘risida suhbatlashardim. Bu – men uchun ulkan tajriba bo‘lgan”.

“Bu lahzalar men uchun juda qadrli. “Arsenal”dagi hissiyotlarimni hech qachon boshqa joyda his etmaganman. Angliya Kubogidagi g‘alabani nishonlaganimiz esa hali hamon yodimda.

Musobaqaning yarim final uchrashuvi edi. Deyarli barcha o‘yinlarda qaydnomaga kiritilardim, shuning uchun bu safar ham shunday bo‘lishidan umidvor edim. Qaydnomada bo‘lsangiz, har narsa yuz berishi mumkin. Shunday qilib, boss meni qo‘shimcha daqiqalarda maydonga tushirdi. Hatto Jiru menga to‘p kiritish uchun ajoyib imkoniyat yaratib bergandi. Biroq uni ko‘kka sovurdim. To‘pni shu darajada noaniq tepdimki, ochig‘i, uning yerga tushganiga ham ishonmadim.

Bahs g‘olibi penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi. Murabbiy yonimga kelib fransuz tilida:

– Penalti tepasanmi, – deb so‘radi. Men unga: “Ha, albatta!”, – deb javob berdim.

– Unda, ikkinchisi – senga, – dedi.

O‘sha paytda uchrashuvning qanchalik muhim ekanini tushunmaganman. “Arsenal” men uchun har doim sovrindor klub bo‘lgan. Hamma kuchli bosim ostida edi. Boisi oxirgi sovrin ancha yillar avval qo‘lga kiritilgandi. Xotirjam edim, chunki bu haqida hech narsa bilmasdim.

Kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘ldim. Ular birinchi yoki ikkinchi penaltidan foydalana olmadi. Raqib xatoga yo‘l qo‘ygach, zarba berish birmuncha yengil kechadi. Maydon markazidan to‘pga yaqinlashar ekanman, xayolimda: “bu g‘alati, bu juda g‘alati”, degan so‘zlar takrorlanardi.

Ko‘pchilik mendan 11 metrlik zarbaga yaqinlashayotganimda nima sababdan kulganimni so‘raydi. Axir men “Uembli”da “Arsenal” safida penaltidan gol ura olmasligim mumkin edi-da. Xayriyatki, barchasi ko‘ngildagidek yakun topdi. Men gol urdim va biz g‘alaba qozondik.

Ushbu penalti xotiralarimni yaxshi tomonga o‘zgartirdi, deb bemalol ayta olaman. Jamoaga kelgach, jarohat tufayli uzoq vaqt o‘ynamadim. Albatta, bu futbolning bir qismi. Penaltidan bo‘lsa ham gol urib, g‘alabaga hissa qo‘shish yoqimli. Klub uchun muhim sovrin qo‘lga kiritilgani menga yanada ko‘proq zavq bag‘ishladi.

Ehtimol o‘sha penalti – faoliyatimdagi eng asosiy voqealardan biridir. Bunga nafaqat klub darajasi, balki barchasining g‘alati tarzda sodir bo‘lgani ham sababdir. Misol uchun, bu Fransiya chempionligini qo‘lga kiritishdan farq qilardi. Uning uchun 11 oy davomida kurash olib borish kerak edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda klubdagi faoliyatim to‘g‘risida ko‘plab hazillarga ko‘zim tushadi. O‘ylashimcha, ular chindan ham kulgili. Klub uchun mendan ko‘ra ko‘proq ish qilgan futbolchilar talaygina, ammo uzoq vaqt davomida hech qanday naf keltirmaganlar ham yo‘q emas.

Keldim, penaltidan gol urdim, g‘alaba qozondik va men ketdim. “Beli singan” yigit “Arsenal” safida Angliya Kubogida g‘alaba qozonadi deb kim o‘ylabdi deysiz?”

Manba

Boshqa maqolalar: 

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-04-2020, 00:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 67) ( 0) ( 66) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют