» » Bosh prokuratura: “1095 ta holatda 2 mlrd so‘mdan ortiq mahsulotlarni qimmat sotish aniqlangan”

Bosh prokuratura: “1095 ta holatda 2 mlrd so‘mdan ortiq mahsulotlarni qimmat sotish aniqlangan”


19-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzurida tashkil etilgan shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda narxlarni asossiz ravishda oshirish va manipulyatsiya qilishga harakat qilingan holatlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov o‘tgan davrda tegishli idoralar bilan hamkorlikda narxlarni asossiz oshirish, ajiotaj talabni vujudga  keltirish va karantin talablarini buzishga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarda 1 095 ta holatda jami 2,33 milliard so‘mlik mahsulotni qimmat sotish aniqlanganini aytib o‘tdi.

Huquqbuzarliklarning 313 tasi kartoshkani, 25 tasi sabzi, 49 tasi piyoz, 27 tasi un, 42 tasi yog‘, 34 tasi go‘sht va 364 tasi boshqa mahsulotlarni qimmat sotish bilan bog‘liq holatlar bo‘lib, har bir huquqbuzarga nisbatan qat’iy  choralar ko‘rilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, ayrim dehqon bozorlari mansabdor shaxslari mansab vakolatidan g‘arazli va past niyatlarda foydalanib, noqonuniy ravishda boylik orttirishga harakat qilganligi aniqlanib, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rilgani xabar qilindi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda karantin davrida dehqon bozorlaridagi narx-navo e’lon qilindi

Jumladan, Navoiy shahridagi “Sahovat” dehqon bozori va “Elga Xizmat” MChJ mansabdor shaxslari 2019—2020-yil qish—bahor mavsumida aholi ehtiyoji uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratish uchun ajratilgan pullardan 448,4 million so‘mini naqdlashtirib, zaxirani yaratmasdan o‘zlashtirganliklari aniqlangan.

Ushbu dehqon bozori mansabdor shaxslari markazlashtirilgan tartibda sotilayotgan import kartoshkadan 77,2 tonnasi yollanma xaridorlar orqali arzon narxlarda, ya’ni 2 700—3 500 so‘mdan sotib olishib, nazorat qilinmaydigan foyda olishni ko‘zlab, 4500—5000 so‘mdan qimmat narxlarda qayta sotishga uringan paytda jinoyat ustiga qo‘lga olingani ma’lum qilindi. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular tergov oldida javob berayotgani aytildi.

Mavzuga doir: “Halol molimizni haromga aylantirmaylik”. Rahmatulloh qori karantin sabab bozorlarda narx-navoning sun’iy oshirilayotgani haqida (video)

Shuningdek, Samarqand shahar Siyob dehqon bozoriga qarashli Ko‘tara bozor filiali hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida fuqaro Mahmudov davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, qariyb 7 tonna kartoshka mahsulotini bozorda qimmat narxda (4 500 so‘mdan) sotish va narxlarni manipulyatsiya qilishga uringanligi aniqlanib, unga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi hamda mahsulotlarning musodara qilinib, yarmarkalar orqali aholiga arzon narxda sotilishi ta’minlangani bildirildi.

Tovar-xomashyo birjasidagi savdolar ham qat’iy nazoratda ekanligi ta’kidlanib, jumladan, “Kogondonmahsulotlari” korxonasi tomonidan savdoga qo‘yilgan un mahsulotlari 2400—2500 so‘mdan sotilayotgan bir vaqtda Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan ayrim brokerlar buyurtmachisiz harakatlanib, narxlarni manipulyatsiya qilish maqsadida unning narxini 2800 so‘mgacha oshirganlik holati aniqlangani, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mart oyida inflyatsiya 1,3 foizni tashkil etgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi koronavirus sabab narxlarning sun’iy oshirilgani yuzasidan 1600 dan ziyod shikoyatlar kelib tushganini bildirgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-04-2020, 13:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют