» » “Agar biz hozir harakatlanmasak, asalarilar umuman yo‘q bo‘lishi mumkin” — Toshkent viloyati asalarichilari transport harakati uchun hukumatdan yordam so‘ramoqda

“Agar biz hozir harakatlanmasak, asalarilar umuman yo‘q bo‘lishi mumkin” — Toshkent viloyati asalarichilari transport harakati uchun hukumatdan yordam so‘ramoqda


Toshkent viloyati asalarichilari uyushmasi asalarichilarning shaxsiy avtomobilda harakatlanishi uchun ruxsat olishda hukumatdan yordam so‘ramoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Uyushma a’zosi Anatoliy Bondarenkoning ma’lum qilishicha, shaxsiy transportda harakatlanish uchun stiker yo‘qligi sababli, Toshkent shahrida yashovchi asalarichilar shahar tashqarisida joylashgan asalarilar uyalarida ishlay olmayapti.

“Muammo juda katta. Hozir juda muhim davr — ayni paytda butun yil hosili uchun poydevor qo‘yiladi. Agar biz hozir harakatlana olmasak, asalarilar, umuman, yo‘q bo‘lishi mumkin chunki ular bilan ishlash, ularni oziqlantirish kerak. Aks holda ular ochlikdan o‘lishi yoki shunchaki uchib ketishi mumkin. Juda mas’uliyatli payt. Bizni fermerlar kutmoqda — ularning bog‘larini, o‘simliklarini va butun ekinlarini changlantirishimiz kerak”, — dedi Anatoliy Bondarenko.

Changlantirish meva-sabzavotlarning hosildorligini oshirishga yordam beradigan muhim jarayon hisoblanadi.

Anatoliy Bondarenkoning aytishicha, asalarilarning daraxtlar va ekinlarni changlantirishi hosildorlikni 50 foizgacha oshirishga yordam beradi.

Asalarichining ta’kidlashicha, transport vositalari, shu jumladan velosiped va skuterlarning harakatiga qo‘yilgan cheklov ularning ishini anchagina murakkablashtirdi.

Uning aytishicha, Toshkent viloyatinig Yuqori Chirchiq va Toshkent tumanlarida yashovchi asalarichilar imkonini topib, harakatlanmoqda. Biroq Toshkent shahrida yashovchi va xo‘jaligi Toshkent viloyatida bo‘lgan asalarichilar o‘z avtomobilida harakatlana olmayapti, ba’zan ular 15—18 kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Anatoliy Bondarenkoning qayd etishicha, bog‘larda daraxtlar gullashi tugagandan keyin asalarichilar yangi joylarga o‘tishi kerak bo‘ladi. Xususan, tog‘oldi va undan yuqori hududlarga ko‘chish zarur bo‘ladi. Agar bu ishlar amalga oshirilmasa, bu ular uchun halokatga teng. Asalarichilik doimiy harakat bilan bog‘liq. Ekin maydonlari juda kam bo‘lib, ular ma’lum vaqt davomida chang ajratadi. Asalarichilikning rivoji aynan aprel—may oylarida tog‘oldi hududlarida yuz beradi.

Uyushma a’zosining ta’kidlashicha, asalarichilar asosan yengil avtomobillarda harakatlanadi, yuk mashinasiga ega bo‘lganlar kam. Yuk mashinalari ham asosan asalari inlari ortilgan tirkamalarni tunda ko‘chirish uchun ishlatiladi.

Qayd etilishicha, transport vositasi Toshkent shahrida tashkil qilinayotgan ko‘chma yarmarkalarga asal yetkazib berish uchun ham zarur.

Asalarichilar uyushmasi raisi Baxtiyor Hakimovning ma’lum qilishicha, u O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga xat bilan murojaat qilgan va avtomobili uchun ruxsatnoma kerak bo‘lgan asalarichilarning ro‘yxatini yuborgan, biroq keyinroq murojaat 15 kun ichida ko‘rib chiqilishini bilgan.

Uyushma raisining aytishicha, hamma undan javob kutmoqda. Asalarichilar arilar tez orada o‘lishi mumkinligini aytmoqda. Arilarsiz qishloq xo‘jaligida hosildorlik 30—50 foizga tushib ketishi mumkin.

Uyushmada ro‘yxatdan o‘tgan 300 nafar a’zodan 81 nafariga avtomobilda harakatlanish uchun ruxsatnoma kerak. Biroq uyushmada ro‘yxatdan o‘tmagan bundan ham ko‘proq a’zo mavjud bo‘lib, ular ham stikerga muhtoj. Toshkent viloyati asalarichilar uyushmasi ixtiyoridagi asalarilar oilalarining umumiy soni 45 mingtani tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda joriy yilda asal tayyorlashni besh baravarga oshirish, buning uchun o‘rmon xo‘jaligi to‘liq ishga solish zarurligi ta’kidlangan. Shuningdek, asalarichilik klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha ham vazifalar belgilab olingan.

Baxtiyor Hakimovning aytishicha, agar shaxsiy avtomobilda harakatlanishga ruxsat etilmasa, bu vazifalarni bajarib bo‘lmaydi. Uning ma’lum qilishicha, tadbirkorlar faqat qat’iy belgilangan yo‘nalish va joylar bo‘yicha harakat qiladi.

Uyushma rahbarining aytishicha, u bosh vazirning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga muammoning yechimida ko‘mak berishni so‘rab xat jo‘natishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 30-martdan boshlab yengil avtomobillar maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanishi mumkin. Mazkur ruxsatnomalarni berish 9-aprelda to‘xtatilgan. Ba’zi transport vositalarining harakati uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Ma’lumot uxhun, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida hozirga qadar joriy etilgan barcha karantin cheklovlari 2020-yilning 10-mayiga qadar uzaytirildi va mazkur davrda amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar e’lon qilindi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-04-2020, 17:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 74) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют