» » “Daryo” oqshomi: koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 20-aprelning asosiy xabarlari

“Daryo” oqshomi: koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 20-aprelning asosiy xabarlari


Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus oqibatida vafot etganlar soni dunyo bo‘yicha 160 ming kishidan oshib, infeksiya bilan kasallanganlar soni 2,5 million kishiga yaqinlashib qoldi. Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 20-aprelning asosiy xabarlari.

Jons Hopkins universitetining Toshkent vaqti bilan soat 19:20 dagi ma’lumotlariga ko‘ra:

AQShda COVID-19 koronavirusidan vafot etganlar soni 40 ming nafardan oshib ketdi. Bu haqda Jons Hopkins universiteti taqdim etgan statistik ma’lumotlarda qayd etilgan. Universitet axborotlari federal hamda mahalliy statistika, shuningdek, boshqa manbalarga asoslangan. Mamlakatda kasallanganlar soni 760 245 kishiga yetdi.

Xitoyda o‘tgan bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 12 ta holat aniqlandi, 22 kishi tuzaldi, vafot etganlar qayd etilmadi. Aniqlangan 12 holatning 8 tasida koronavirus chetdan, qolgan 4 ta holatda mamlakatning o‘zida yuqtirilgan. Ayni paytda Xitoyda umumiy hisobda 83 817 kishi koronavirusga chalingani tasdiqlangan, 4636 kishi vafot etgan, 77 084 kishi tuzalgan.

Janubiy Koreyada bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 13 ta holat aniqlanib, kasallanganlarning umumiy soni 10 674 kishiga yetdi. Shundan 72 nafari tuzalgan, 236 kishi vafot etgan.

Qozog‘istonda COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 1775 kishiga yetdi, 19 kishi virus qurboniga aylangan. Shuningdek, 401 bemor davolanishga muvaffaq bo‘lgan.

Qirg‘izistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 568 kishiga yetdi, ularning 140 nafari — tibbiyot xodimlari. Kasallik oqibatida vafot etganlar soni yetti kishiga yetdi, 11 nafar bemor og‘ir ahvolda.

O‘zbekistonda 20-aprel soat 18:00 ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 39 holat tasdiqlanib, kasallanganlar soni 1604 kishiga yetdi. Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning “O‘zbekiston 24” telekanali orqali bergan bayonotida 20-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni o‘zgarishsiz qolgani ma’lum bo‘lgandi.

Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 97 kishiga yetdi. Infeksiyani yuqtirib olganlar orasida ikki nafar hamshira ham bor. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarovning ma’lum qilishicha, hamshiralar koronavirus infeksiyasini bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida yuqtirib olgan.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 19-aprel kuni 75 ta yangi holat tasdiqlangandi. Taqqoslash uchun, 13-aprel kuni 133 ta, 14-aprel kuni 167 ta, 15-aprel kuni 137 ta, 16-aprel kuni 47 ta, 17-aprel kuni 56 ta, 18-aprel esa 85 ta holat aniqlangandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 20-aprel kuni mamlakat bo‘yicha 36 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygani haqida xabar berdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusdan tuzalganlarning umumiy soni 261 kishiga yetdi. 

O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning besh nafari vafot etdi.

Xorijda 73 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng ko‘pi — 42 nafari — Rossiyada), ularning to‘rt nafari vafot etgan.

Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi prezidenti koronavirusga qarshi kurash masalasini muhokama qildi. Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi ushbu global xatarga qarshi kurashishda O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Toshkentda harbiy xizmatchilar dezinfeksiya ishlari bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazdi. O‘zbekiston Prezidentining maxsus topshirig‘iga binoan, 20-apreldan 20-may kuniga qadar mamlakat hududi bo‘ylab maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Toshkent viloyati asalarichilari uyushmasi asalarichilarning shaxsiy avtomobilda harakatlanishi uchun ruxsat olishda hukumatdan yordam so‘ramoqda — “Agar biz hozir harakatlanmasak, asalarilar umuman yo‘q bo‘lishi mumkin”.

O‘zbekistonda pandemiya sabab foydalanilmayotgan yerlar aholiga meva-sabzavot yetishtirish uchun berilishi kutilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad hozirgi global inqiroz va koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi bandligi va daromadini ta’minlash, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash va eksportni amalga oshirish hisoblanadi.

Fotoreportaj: Karantinda dehqon bozorlari qanday ishlamoqda? “Farhod” dehqon bozoridan fotoreportaj

Toshkentda maxsus stikerlarni noqonuniy qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Poytaxtda 9 ta MChJning mansabdor shaxslari jami 18 ta holatda stikerlarni noqonuniy qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq holat yaxshi tomonga o‘zgargandan so‘ng harbiy xizmatga chaqiruv ishlari davom ettirilishini ma’lum qildi. Bir oylik xizmatga pulini to‘lab qo‘ygan fuqarolarning pullari qaytarib berilmaydi. Harbiy xizmat uchun o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari 3 oygacha o‘z kuchida qoladi. Harbiy xizmatni o‘tash yoshiga yetgan fuqarolar karantindan so‘ng xizmatga chaqirilishi mumkin.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi karantinda bo‘lganlar harbiy xizmatga qabul qilinadimi, xizmatni o‘taganlar uyga qayta oladimi degan savollarga javob berdi.

O‘zbekistonda karantin qoidalariga amal qilmaganlar soni 83 mingdan oshdi. Qoidabuzarlar soni bo‘yicha poytaxt yetakchilik qilmoqda. 20 kun ichida karantin qoidalarini buzgan 918 kishi sudlandi, 421 kishi 246 million so‘m jarimaga tortildi.

Jizzaxda karantin vaqtida tanishlari bilan tug‘ilgan kunini nishonlagan yana bir shaxs javobgarlikka tortildi. Avvalroq Jizzaxda karantin vaqtida tug‘ilgan kunini tanishlari bilan nishonlagan shaxs jazolangani haqida xabar berilgandi. Sirdaryoda ham karantin qoidalarini buzib, uyida maishat uyushtirgan ayol jarimaga tortilgani ma’lum qilingandi.

“Romir” va Gallup International holdingi o‘tkazgan so‘rovnomalar natijasidan dunyoda koronavirusni yengish uchun cheklovlarga sabr qilishga tayyor odamlar soni oshayotgani ma’lum bo‘lgan.

Saudiya Arabistonida dunyo musulmonlariga taroveh namozini uyda o‘qish tavsiya qilindi. Murojaatda ommaviy yig‘ilishlardan uzoqroq bo‘lish, ya’ni iftorliklarni o‘z xonadonlarida, oilaviy tarzda uydan chiqmay o‘tkazish so‘ralgan.

Bugungi kun olimlari yangi turdagi koronavirusdek virusni sun’iy tarzda yaratish uchun yetarli bilimga ega emas. Bu haqda Uxan virusologiya instituti rahbari Yuan Chjimin ma’lum qildi.

Men hech qachon insoniyatning hozir bu kabi virusni yarata oladigan salohiyatga yetganiga ishonmayman. koronavirusning laboratoriya sharoitida yaratilgani yuzasidan hech qanday dalil va asos yo‘q.

Yuan Chjimin, Uxan virusologiya instituti rahbari

Avvalroq Pentagon koronavirus tabiiy usulda kelib chiqqaniga yetarli dalillar borligini bildirgandi. XXR Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan ushbu taxminlarga javoban Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning sun’iy sintez oqibatida paydo bo‘lganligini tasdiqlamaganini qayd etib, tashkilot ekspertlari infeksiyaning odam tomonidan laborator sharoitda yaratilgani yuzasidan dalillar topmaganini ma’lum qilgandi.

Rossiya koronavirusni tekshiruvchi test tizimini tanqid qilgan Belarus prezidentiga javob qaytardi. Avvalroq Aleksandr Lukashenko koronavirusni tekshiruvchi Rossiya testlarining samaradorligiga shubha bilan qaragandi.

Moskvada antitana plazmasi uchun donorlarga to‘lanadigan pul miqdori belgilandi. COVREC’ning har 150 millilitr plazmasi 1250 rubl (taxminan 170 ming 520 so‘m), ya’ni 600 millilitr uchun 5 ming rubl (taxminan 682 ming so‘m) to‘lanadi.

Nyu-York shtatida koronavirus sabab fuqarolarning onlayn to‘y qilishiga ruxsat berildi. Nikoh qayd etilgani haqidagi guvohnomani endi internet orqali olish, ro‘yxatdan esa videokonferensaloqa formatida o‘tish mumkin.

“Epidemiya” filmi rejissori Stiven Soderberg AQSh kinosanoatini qayta tiklashga kirishadi. Stiven Soderberg 2011-yilda o‘ta xavfli Xitoy virusi haqidagi “Epidemiya” filmini suratga olgan. 2020-yilning mart oyi oxirida ushbu film butun dunyodagi barcha platformalarda eng ko‘p tomosha qilingan film bo‘ldi.

Italiyaning Ferrari avtomobilsozlik kompaniyasi koronavirusga qarshi kurash doirasida sun’iy nafas oldirish apparatlari uchun klapan va mahkamlagichlarni ishlab chiqarishni boshladi. Termoplastik tarkibiy qismlarni ishlab chiqarish Maranellodagi zavodning avtomobil prototiplarini yaratish bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Ta’kidlanishicha, tayyor bo‘lgan mahsulotlar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish idorasiga, u yerdan shifoxonalarga yuboriladi.

Norvegiyada koronavirus sabab yopilgan bog‘chalar yana ochilmoqda. Ta’kidlanishicha, maktabgacha ta’lim muassasalarining ochilishiga qaramay, ko‘plab ota-onalar bu kabi vaziyatda farzandlari uyda qolishini ma’qul ko‘rmoqda.

Hindistonda pandemiya davrida tug‘ilgan chaqaloqqa Sanitayzer deb ism qo‘yildi. Ota-ona o‘g‘illariga qo‘yilgan ismni shifokorlar tabassum bilan qarshi olganini bildirgan.

Har kuni kechqurun faqat bitta xabar jo‘natamiz. “Daryo” oqshomi — kun davomida ro‘y bergan barcha voqea-hodisalar dayjesti Telegram-kanali: @daryooqshomi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-04-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют