» » Shavkat Mirziyoyev “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi

Shavkat Mirziyoyev “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi


Shavkat Mirziyoyev 20-aprel, dushanba kuni, sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bergan.

Yig‘ilishda aksariyat viloyat va tumanlarda korxonalar o‘z ishini to‘xtatgani yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani, bu holat hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga, oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga salbiy ta’sir qilayotgani ta’kidlandi.

Prezident yig‘ilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligi qayd etildi.

Prezident O‘zbekiston xalqining tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

“Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo, mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq”, — degan davlat rahbari.

Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘ladi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltiriladi.

“Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, yig‘ilishda ushbu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta’kidlangan. Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilangan.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman”, — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Faoliyati tiklanadigan obyektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.

Avval Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi prezidenti koronavirusga qarshi kurash masalasini muhokama qilgani, 17-aprel kuni Prezident rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida donor tashkilotlar bilan qo‘shimcha grant kelishuvlari imzolash muhimligi qayd etilgani haqida xabarlar berilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-04-2020, 23:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют