» » “Daryo” oqshomi: koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 21-aprelning asosiy xabarlari

“Daryo” oqshomi: koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 21-aprelning asosiy xabarlari


Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus oqibatida vafot etganlar soni dunyo bo‘yicha 171 ming kishini tashkil qilmoqda, infeksiya bilan kasallanganlar soni 2,5 million kishidan oshdi. Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 21-aprelning asosiy xabarlari.

Jons Hopkins universitetining Toshkent vaqti bilan soat 20:10 dagi ma’lumotlariga ko‘ra:

AQShda koronavirus qurbonlari soni 42 ming kishidan oshib ketdi, pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda 787 mingdan ortiq odam COVID-19’ni yuqtirib olgan. Hozirga qadar 72 mingdan ortiq bemor virusdan davolanishga muvaffaq bo‘ldi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘tgan bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 11 ta holat aniqlandi, 22 kishi tuzaldi, vafot etganlar qayd etilmadi. Xitoyda umumiy hisobda 83 849 kishi koronavirusga chalingani tasdiqlangan, 4 636 kishi vafot etgan.

Janubiy Koreyada bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 9 ta holat aniqlanib, kasallanganlarning umumiy soni 10 683 kishiga yetdi. Kasallanganlarning 99 nafari tuzalgan, vafot etganlar soni 237 kishiga yetdi. Avvalroq vafot etganlar soni 236 kishini tashkil qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Afg‘onistonda koronavirusga chalinganlar soni 1005 kishiga yetdi. Mamlakatda koronavirus sababli 31 kishi vafot etgan, kasallikdan tuzalgan soni ham 31 kishini tashkil etmoqda.

Afrikada koronavirusga chalinganlar soni 22 500 kishidan oshdi. Afrikaning uchta davlati — Lesoto, G‘arbiy Sahro va Komor orollarida haligacha koronavirus qayd etilmagan.

Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 1967 kishiga yetdi, 19 kishi virus qurboniga aylangan. Shuningdek, 447 bemor davolanishga muvaffaq bo‘lgan.

Qirg‘izistonda koronavirus bilan kasallanganlarning jami soni 590 kishiga yetdi. Ayni vaqtda 367 kishi statsionarda davolanmoqda, ularning 5 nafari jonlantirish bo‘limida. Pandemiya boshlanganidan buyon 7 kishi vafot etgan, 216 kishi virusdan forig‘ bo‘lgan.

O‘zbekistonda 21-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 30 holat tasdiqlanib, kasallanganlar soni 1657 kishiga yetdi.

20-aprel kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 62 ta yangi holat tasdiqlangandi. Taqqoslash uchun, 13-aprel kuni 133 ta, 14-aprel kuni 167 ta, 15-aprel kuni 137 ta, 16-aprel kuni 47 ta, 17-aprel kuni 56 ta, 18-aprel 85 ta, 19-aprel esa 75 ta yangi holat tasdiqlangan.

O‘zbekistonda koronavirus bilan xastalangan yana bir erkak bemor vafot etdi. Bu O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning vafot etishi bilan bog‘liq oltinchi holatdir. Bungacha 27-mart kuni Namangan viloyatida Umradan qaytgan qizidan koronavirus yuqtirib olgan 72 yoshli onaxon miokard infarktidan (uning janozasida qarindoshlaridan hech kim ishtirok etmagan), 28-mart kuni Toshkent shahrida o‘zini uyda davolashga uringan 39 yoshli (erkak) shifokor koronavirus infeksiyasidan, 7-aprel kuni koronavirusga chalingan 40 yoshli erkak yurak va o‘pka yetishmovchiligidan, 11-aprel kuni esa xorij safaridan koronavirusga chalinib qaytgan farg‘onalik 59 yoshli ayol o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligi oqibatida, 18-aprel kuni Toshkent shahrida 77 yoshli ayol koronavirus infeksiyasi asoratlari — ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi va o‘pka shishidan vafot etgani ma’lum qilingan edi.

O‘zbekistonda 21-aprel kuni 96 kishi koronavirusdan tuzaldi. Mamlakatda tuzalganlar soni 357 nafarga yetdi. Ular orasida eng yoshi kattasi 71 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 2019-yilda tug‘ilgan.

Buxoroda koronavirusga chalinganlar 388 nafarga yetdi. Bemorlar orasida yuk avtomobili haydovchilari ham bor. 20-aprel kuni kasallikka chalingani aniqlangan ikki nafar bemor Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Shu kunga qadar O‘zbekistonda 150 mingga yaqin kishi koronavirus bo‘yicha testdan o‘tkazilgan. Olingan testlarning soni kelgusida maksimal oshirilishi hisobigagina karantin shartlarini yumshatish mumkin.

Xorijdagi o‘zbekistonliklarni olib keluvchi yangi charter reyslarni tashkil qilish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinadi. Charter reyslarning sanasi va yo‘nalishlari to‘g‘risida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.

Shavkat Mirziyoyev Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Faoliyati tiklanadigan obyektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.

Shuningdek, Prezident karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidladi. “Tarmoq rahbarlari ishlarni to‘g‘ri tashkil etsalar, iqtisodiy inqirozdan imkon qadar kam yo‘qotishlar bilan chiqib ketamiz”, — degan Prezident.

Toshkent shahridagi xususiy mehmonxonalarda tashkil qilingan karantin hududlarida kimlar saqlanishi aytildi.

Toshkent shahri ichkarisidagi xususiy mehmonxonalarda tashkil qilingan karantin hududi virus yuqtirganlikda gumondorlar emas, balki ishlashda davom etayotgan tashkilot va idora xodimlari uchun. Ular uchun alohida transport yo‘lga qo‘yilgan. Mehmonxona atrofi maxsus qo‘riqlanadi va bu jarayon masofani saqlanganda qo‘shnilar uchun xavf tug‘dirmaydi.

Habibulla Oqilov, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi

Farg‘onada koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan 73 nafar tibbiyot xodimi o‘rin almashdi. Shifoxonani tark etgan tibbiyot xodimlari Farg‘ona tumanidagi sihatgohda 14 kun davomida izolyatsiya qilinadi.

Andijondagi 28 ta bozorda dezinfeksiya qiluvchi tunnel va sanitariya postlari o‘rnatildi. Bozorlarda dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatish andijonlik yoshlardan chiqqan taklif bo‘lib, tunnellarni ishlab chiqarishga O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi homiylik qilmoqda.

Samarqandda ehtiyojmand oilalar uchun mo‘ljallangan arzon unning qopiga 15 ming so‘m qo‘shib sotgan mahalla raisi qamaldi. Sud majlisida MFY raisi o‘z aybiga iqror bo‘lib, uyiga un so‘rab kelganlarga 145 ming so‘mlik unni 160 ming so‘mdan sotganini tan olgan.

O‘zbekiston maktablarida o‘quv yili onlayn tarzda yakunlanadi. O‘qituvchilar o‘z ish faoliyatlarini masofaviy tarzda davom ettiradi.

Kelgusida xorijga chiqishda koronavirusga chalinmaganlik haqida ma’lumotnoma berishning imkoni yo‘qligi aytildi. “O‘tkazilgan koronavirus tahlili javobi qaysi muddatgacha amal qilishi katta so‘roq ostida”, — deya javob berdi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi. Shuningdek, koronavirusga chalingan bemorlar qancha muddatda tuzalishi ma’lum qilindi. Tuzalgandan so‘ng bemorlar bilan yana 14 kun davomida reabilitatsiya ishlari olib boriladi.

Xususiy tibbiyot tashkilotlari hozircha koronavirus tahlilini o‘tkazish jarayoniga jalb etilmasligi ma’lum qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining laboratoriya tahlillarini o‘tkazish imkoniyatlari yetarli ekanligi aniqlangan.

IIV karantin vaqtida stikersiz avtomashinani jarima maydoniga olib ketilishining qonuniyligi haqida ma’lumot berdi. Avtotransport jarima maydoniga olib ketilmasa, mazkur shaxslar karantin bilan bog‘liq cheklovlarga rioya qilmaslikni davom ettirishi mumkin.

Shuninigdek, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda karantin qoidalari eng ko‘p buzilayotgan viloyatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Bugungi kunga qadar karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 86 411 ta holat aniqlangan.

Karantinda mast holda notanish ayolga shilqimlik qilgan farg‘onalik fuqaro qamoqqa olindi. Qoidabuzarlik bo‘yicha fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtrilib, sudga oshirilgan.

Saudiya Arabistonidagi Islom olamining asosiy ziyoratgohlari Ramazon oyida ham yopiq qoladi. Musulmonlar Ramazon oyida ushbu masjidlarda jamoatchilik va taroveh namozlarini o‘qiy olmaydi.

Komi, Yoqutiston va Murmansk Rossiyadagi koronavirusning jiddiy o‘choqlariga aylangani ma’lum qilindi. Putinning qayd etishicha, kasallikning eng yuqori cho‘qqisi hali oldinda turibdi.

Sankt-Peterburgda koronavirusga chalingan tibbiyot xodimlariga 4000 dollardan beriladi. Agar koronavirus bilan kasallanish oqibatida shifokorda nogironlik yuzaga kelsa, unga 6600 dollar miqdorida tovon puli to‘lanadi.

Putin AQSh va Italiyaga nima uchun insonparvarlik yordami jo‘natganini tushuntirdi. U infeksiyaga qarshi kurash olib borayotgan davlatlarga yordam ko‘rsatilishi bir tomonlama harakat yo‘li emasligini ta’kidladi. Shuningdek, Rossiya prezidenti koronavirusga qarshi vaksinaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini tezlashtirishga buyruq berdi. Ayni paytda vaksina klinik tekshiruvlarga qadar hayvonlarda sinovdan o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan.

Rossiyalik milliarder COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatni “Chernobil falokatining biologik varianti” deb atadi. “Virusdan talafot ko‘rgan millionlab odamlar bitta savolga — buning qanday qilib ro‘y berganiga, virusning qayerdan paydo bo‘lib qolganiga javob topishni istaydi”, — deydi Deripaska.

Qozog‘istonda karantin cheklovlarini yengillashtirish boshlandi. 20-apreldan boshlab Nur-Sulton va Olmaotadagi sanoat korxonalari, qurilish sohasi va ayrim xizmat ko‘rsatish tarmoqlari o‘z faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ygan.

Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Irina Mikichak mamlakatda koronavirusga chalingan bemorning kasalxonada davolanishi narxi kuniga 11 dollardan 370 dollargacha borishi mumkinligini ma’lum qildi.

Mavzuga doir: Dunyo mamlakatlari shifoxonalaridagi hayot va o‘lim — suratlarda

Eron Trampning koronavirusni davolash borasidagi maslahatlariga muhtoj emasligini bildirdi. Avvalroq Tramp Eronga koronavirusga qarshi kurash yo‘lida Amerikadan yordam so‘rashni maslahat berib, sun’iy nafas oldirish apparatlarini yetkazib berishga tayyor ekanligini bildirgandi.

Tramp immigrantlarning AQShga kirishini vaqtincha taqiqlovchi qarorni imzolaydi. Bu koronavirus pandemiyasi davrida amerikaliklarning ish joylarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Mavzuga doir: Uxandan 2 oydan so‘ng qaytgan shifokorning sochi oqarib ketgani uchun qizi uni tanimadi

JSST vakili koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarni vaqtli olib tashlamaslikka chaqirdi. “Odamlar va jamiyat yangi hayot tarziga tayyor bo‘lishi kerak”, — dedi JSST vakili.

AQShda koronavirusni davolash bo‘yicha 70 dan ortiq usullar sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, mamlakatda o‘nlab terapevtik usullar va davolash yo‘llari tadqiq qilinmoqda.

O‘qishni qat’iy tavsiya etamiz: Yangi COVID-19 Uxan laboratoriyasi mahsulimi? Lyuk Montanyening koronavirus Uxan laboratoriyasida yaratilgan deyishi keskin bahslarni keltirib chiqardi. Unga qay darajada ishonish mumkin? Bu savolga o‘zbekistonlik yosh biolog Baxtiyor Sheraliyev javob beradi.

Har kuni kechqurun faqat bitta xabar jo‘natamiz. “Daryo” oqshomi — kun davomida ro‘y bergan barcha voqea-hodisalar dayjesti Telegram-kanali: @daryooqshomi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-04-2020, 22:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 84) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют