» » DSQ raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev: “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati — tadbirkorlarni saxovatga majburlash emas

DSQ raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev: “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati — tadbirkorlarni saxovatga majburlash emas


Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev karantin davrida jismoniy va yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotganlar ishlar yuzasidan intervyu berdi. Xususan, u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatidan ko‘zlangan maqsad haqida gapirib, karantin davrida ham soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan soliq to‘lovchilarga minnatdorlik bildirdi.

— Pandemiya sabab ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda retsessiya boshlangan. Shu sharoitda O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini saqlab qolish, sanoat ishlab chiqarishi, iqtisodiy quvvatlar faoliyati bir maromda davom etishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu aynan nimalarda namoyon bo‘lmoqda?

— Hozirgi pandemiya sabab yuzaga kelgan inqiroz dunyoda shu vaqtgacha yuz bergan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlardan nimasi bilan farq qiladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalgi inqirozlar odatda bir tomon — talab yoki taklifdan biri muammolarga uchrashi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, joriy inqiroz iqtisodiyotga ikki tomonlama — ham talab, ham taklif nuqtai nazaridan ta’sir qilayotgani bilan ajralib turibdi. Dunyoda kuzatilayotgan inqirozli holat O‘zbekiston iqtisodiyoti ko‘rsatkichlarining pasayishiga ham sabab bo‘lmoqda va pandemiyaning salbiy ta’siri ayniqsa ikkinchi chorakda yanada yaqqolroq yuzaga chiqishi mumkin.

Shunga qaramay, Prezidentimiz tomonidan belgilangan aniq chora-tadbirlar samarasi o‘laroq 2020-yilning birinchi choragida davlat byudjetiga 24 trillion so‘m miqdordagi soliqlar undirilib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar ijrosi to‘liq ta’minlandi. Soliq to‘lovchilarimiz holatni to‘g‘ri qabul qilib, soliq to‘lash majburiyatini o‘z vaqtida bajarmoqda. 21-aprel holatiga ko‘ra, barcha soliq to‘lovchilar tomonidan aprel oyida belgilangan soliq tushumlarining 70 foizdan ortig‘i bajarilgan va, o‘ylaymizki, aprel oyi uchun soliq majburiyatlari ham to‘liq bajariladi.

— Karantin davrida oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar narxi oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik qanday choralar ko‘rilmoqda?

— Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) va Bosh prokuratura huzuridagi Departament zimmasiga karantin davrida zaruriy oziq-ovqat hamda tibbiyot mahsulotlari narxi asossiz o‘sib ketishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yuklatilgan. DSQ va uning hududiy boshqarmalarida ushbu yo‘nalishda ish olib boruvchi shtablar tuzilgan bo‘lib, 30 mingdan ortiq chakana savdo tarmoqlarida narx-navo barqarorligini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.

Bunda onlayn nazorat-kassa mashinalari hamda elektron hisob-fakturalar monitoringi yuritilmoqda. Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularga zudlik bilan munosabat bildirish maqsadida ishonch telefonlari va call-markaz operatorlari soni oshirilgan. Dehqon bozorlarida asosiy turdagi 11 ta oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlarining narx-navosi doimiy monitoring qilinib, bozor va savdo markazlaridan uzoq bo‘lgan mahallalar va olis qishloqlarda yarmarkalar tashkil qilinmoqda.

— Pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini ta’minlash, iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘zbekistonda karantin tartibi e’lon qilingan kundan bugunga qadar aholi va tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish bo‘yicha Prezidentning ikkita farmoni qabul qilindi. Bu ikki hujjatda aholi va biznesning deyarli barcha qatlamlari qamrab olingan.

19-mart kuni qabul qilingan ilk farmon bilan soliq to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish haqida 11 ta me’yor belgilandi. Uchta me’yor jismoniy shaxslarga taalluqli bo‘lsa, sakkiztasi tadbirkorlarga tegishli. 3-apreldagi ikkinchi farmon bilan bevosita soliq imtiyozi va yengilliklar bilan bog‘liq bo‘lgan yana 12 ta norma kiritildi.

— Buni aniq toifalar misolida chuqurroq tahlil qilish mumkinmi? Masalan, ayni sharoitda aholi, ya’ni jismoniy shaxslar uchun qanday yengillik va imkoniyatlar ko‘zda tutilgan?

— Aholining mavjud mablag‘larini tejash, ularni ijtimoiy himoya qilish maqsadida birinchi galda davlat oldidagi xarajatlar bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarish muddatlari uzaytirildi. Xususan, 19-martdagi farmonga asosan 2019-yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020-yil 1-avgustga qadar etib belgilandi. Jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlarini 2020-yil 15-oktabrga qadar to‘lash huquqi berildi. Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT)lar uchun ijtimoiy soliqning oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga pasaytirildi.

Shuningdek, karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan YaTTlar uchun qat’iy belgilangan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblashni to‘xtatish belgilandi. Bunda, faoliyatni to‘xtatganlik to‘g‘risida soliq to‘lovchi shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomani topshirish talab etilmasligi qayd etildi. DSQ tomonidan my.soliq.uz saytida YaTTning shaxsiy kabineti orqali soliqlar hisoblanishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi xabarnomani soliq organiga yuborish xizmati yaratildi.

Karantin davrida qarzi bor YaTTlarning realizatsiya hajmi 50 foizdan ko‘pga kamayib ketsa, ushbu soliqni 1-oktabrga qadar kechiktirishi va keyinchalik 12 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ldi. Bugungi kunda faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan 198 mingta YaTT ushbu imtiyozdan foydalanmoqda. Ularga 541 milliard so‘mlik daromad solig‘ining qat’iy summasi va ijtimoiy soliq summalari hisoblanishi to‘xtatilgan.

— Soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlash, xufyona iqtisodiyot tarafdorlari kam emas. Ammo joriy etilayotgan choralar ularning aksariyatini o‘z faoliyatini qonuniylashtirish, insofli soliq to‘lovchiga aylanishga undashi mumkin, shunday emasmi?

— To‘g‘ri, soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirishda eng asosiy mezon bu — soliq to‘lovchilarning soliq xizmati organlariga bo‘lgan ishonchidir. Biz soliq to‘lovchilarning muammolarini eshitib, ushbu muammolarni yechishga harakat qilyapmiz. Davlat soliq organi oldingi kabi soliq to‘lovchilarni tekshiradigan emas, balki ular bilan hamjihatlikda ishlab, ularga maslahat beruvchi organ bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmas.

O‘z vaqtida berilgan to‘g‘ri maslahat soliq majburiyatlarning vaqtida va to‘liq hajmda byudjetga yo‘naltirilishiga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, pandemiya davrida plastik kartochkalar orqali hisob-kitoblarning keng joriy etilishi natijasida 21-aprel holatiga ko‘ra soliq to‘lovchilarimiz tomonidan to‘langan aylanmadan olinadigan soliqning ko‘rsatkichi 82—83 foizni tashkil etmoqda.

Ya’ni, aprelda ko‘plab xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati to‘xtab qolganiga qaramay, ushbu soliq turi bo‘yicha tushumlar o‘tgan yanvar, fevral, mart oylaridagi ko‘rsatkichga nisbatan ko‘proq. Bunga soliq to‘lovchilar hozirgi holatni to‘g‘ri qabul qilgani, mablag‘larni to‘liq hisobotlarda aks ettirgani sabab bo‘lmoqda.

Buning uchun biz albatta soliq to‘lovchilardan minnatdormiz.

— Ushbu inqiroz ishbay, kunbay haq oluvchilar, xususan, shaxsiy avtomobilida yo‘lovchi tashib daromad topadiganlarga ayniqsa og‘ir keldi. Nima deb o‘ylaysiz, ijtimoiy ko‘mak nuqtai nazaridan ularga nisbatan yondashuv prinsiplarini o‘zgartirish vaqti kelmadimikin?

— Koronavirus pandemiyasi qonuniy faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslar qonuniy jihatdan har tomonlama muhofaza qilinganligi, norasmiy faoliyat yuritayotgan jismoniy shaxslar esa og‘ir ahvolga tushib qolishlari mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Sanab o‘tilgan yordamga muhtoj qatlamlar masalasini yechish oldimizdagi dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Ushbu masalani yechishga tayyor ko‘plab saxovatpesha tadbirkorlarimiz tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tiklash bo‘yicha ayrim tashkiliy masalalarni hal etish yuzasidan soliq organlariga murojaatlar tushmoqda.

Bu murojaatlarning aksariyati tadbirkorlarga o‘z transportlarida harakatlanish imkoniyatini taqdim etish va xodimlarini ishga qatnashishini ta’minlashdan iborat. Bu masalalarni tezkorlik bilan yechish yuzasidan, DSQning tegishli takliflaridan kelib chiqib, Prezidentimiz tomonlaridan tegishli qarorlar qabul qilindi.

— “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati, uning doirasida tadbirkorlarga taklif etilayotgan sharoitlar haqida nima deya olasiz?

— “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Bu tadbirkorlarni saxovatga majburlash emas, balki ularning ko‘mak ishlarida ixtiyoriy ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan zarur shart-sharoitlarni yaratish harakatidir.

Birinchidan, ushbu harakatga qo‘shilgan tadbirkorlik subyektlarining 1-aprel holatiga soliq qarzdorligi avtomatik ravishda 1-oktabrga qadar uzaytirish va ularga penya va jarimalar qo‘llamaslik tartiblarini joriy etish;

Ikkinchidan, tashqi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullangan, ya’ni eksport va importdan muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorligi mavjud korxonalarga nisbatan soliq organlari tomonidan jarimalar qo‘llamaslik;

Uchinchidan, 1-aprel holatiga ko‘ra bank kreditlaridan, lizingdan va boshqa moliyaviy majburiyati bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari qarzdorligining asosiy va foiz summasi grafigi avtomatik ravishda 1-oktabrgacha, ya’ni olti oyga uzaytirish kabi imtiyoz va preferensiyalar berish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlarimizning vaqtincha ishsiz bo‘lgan mehnatga layoqatlilarni o‘z kasbiga qarab ishga jalb qilish va ularga ish haqi berish kabi takliflari ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha ravishda imtiyoz va preferensiyalar berish nazarda tutilmoqda.

Bunday sharoitlarning yaratilishi tadbirkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Pandemiya davrida ko‘makka muhtoj aholiga vaqtincha mablag‘ berish bilan cheklanib qolmay, balki ularni doimiy daromad keltirish manbasi bilan ta’minlash zarur. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda samara beradi.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-04-2020, 21:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 89) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют