» » Quruvchi tashkilot aybi bilan Buxorodagi uy devori qulab tushdi. Mas’ullar muammo 10 kunda bartaraf etilishini va’da bermoqda

Quruvchi tashkilot aybi bilan Buxorodagi uy devori qulab tushdi. Mas’ullar muammo 10 kunda bartaraf etilishini va’da bermoqda


Buxoro viloyatining Kogon tumanida namunaviy loyiha asosida qurilgan uyning hovli devori qulab tushdi. Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan Baxtiyor Bozorovning aytishicha, mazkur muammo tuman hokimligi-yu, prokuraturaning e’tiborsizligi oqibatida sodir bo‘lgan.

Voqeani o‘rgangan “Daryo” muxbiri Laylo Hayitovaning yozishicha, muammo quruvchi tashkilot aybi bilan yuzaga kelgan.

Kogon tumani Taraqqiyot qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 400 dan ortiq numunali uy-joy “Qishloq qurilish invest” MChJ Buxoro viloyat filiali tomonidan qurilgan bo‘lib, 2017—2018-yillarda foydalanishga topshirilgan.

Baxtiyor Bozorov ushbu manzildan 2018-yil uy xarid qiladi. Ammo yangi uyning bir talay muammolari borligi sabab hali ko‘chib o‘tmagan.

“‘Qishloq qurilish invest’ MChJ Buxoro viloyat filialining 2018-yil 13-avgustdagi kredit shartnomasiga ko‘ra, barcha majburiyatlarimni to‘liq bajarib kelyapman. Yangi uydagi kamchiliklarni yakunlaganimdan so‘nggina, ko‘chib o‘taman degandim. Biroq, hali ko‘chib ulgurmasimdan uy devori qulab tushdi”, — deydi Baxtiyor Bozorov.

Murojaatchining ta’kidlashicha, uy devorining qulashiga qo‘shni tomonidan qurilish qoidalariga zid ravishda yerto‘la qazilishi sabab bo‘lgan.

“Devorimiz yonidan yerto‘la qazilayotgani, yerto‘la qazilgan joydan suv chiqib, to‘planib qolishi devorga zarar berishini aytib, 2019-yilning 12-noyabr kuni Kogon tuman hokimligiga, 22-noyabrda esa tuman prokuraturasiga murojaat qildim. Murojaatimga e’tibor berishmadi. Oqibatda hali ko‘chib o‘tmagan uyimning devorlari quladi”, — deydi Baxtiyor Bozorov.

Fuqaro uyining hovli devori qulashiga sabab bo‘lgan yerto‘la 16x12 metr kvadrat  o‘lchamda ikki metrgacha qazilgan bo‘lib, yerosti zax suvi chiqa boshlagan. Yomg‘ir suvlari ham shu chuqurlikda to‘plangan. Oqibatda joriy yilning aprel oyida fuqaro uyining devorlari qulab tushgan. Hosil bo‘lgan ko‘lmak boshqa qo‘shnilar uyining poydevoriga ham shikast yetkazgan.

Kogon tumani hokimi o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev mazkur holatni izohlar ekan, hokimlik vakillari muammoni yechish uchun manzilga bir necha marta kelganini, hatto fuqaro Baxtiyor Bozorovga mazkur masala ikki fuqaro o‘rtasidagi muammo ekanligini, uy-joyining devorlariga talofat yetkazgan fuqaroni sudga berishi lozimligini tushuntirganini bildirdi.

“Bittasi qazisa, ikkinchisining uyi tagini suv bosib, devori qulasa, fuqarolik sudiga murojaat qilmaydimi? Yuz marta aytdim, ammo ‘bordim, qabul qilmadi’, — deydi. Qanday qabul qilmaydi?” — deydi hokimi o‘rinbosari.

Surishtiruv davomida suv chiqqan yerto‘la 2017-yilning 22-dekabr kuni Kogon tuman hokimi qarori bilan “Hukumatobod” mahallasida yashovchi imkoniyati cheklangan fuqaro Dilfuza G‘afforovaga uy-joy qurish uchun berilganligi ma’lum bo‘ldi.

To‘rt farzandning onasi Dilfuza G‘afforova esa uy-joy qurishga qurbi yetmasligi bois, quruvchi tashkilot rahbari Obloqul Bozorovdan ko‘mak so‘raydi.

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, Dilfuza G‘afforova nomiga uy-joy qurish uchun ajratilgan yer maydonida katta kuchlanishli ikkita transformator mavjud bo‘lib, temir to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Atrofi xavfsizlantirilmagan. Shu bois ham bu yerda tiklanishi lozim bo‘lgan 32-raqamli uy hududning boshqa burchagida tiklangan va foydalanishga topshirilgan.

“Qo‘ni-qo‘shnilarimizning ogohlantirishiga qaramay, yerto‘lani kovlab, qo‘shnilarimiz devoriga zarar yetkazilgani va transformatorlarning xavfsizlantirilmagani juda yomon. Ushbu muammo yuzasidan tuman mutasaddilariga ko‘p murojaat qilganmiz. Yog‘ingarchilik kunlarida transformatorlardan charsillab olov chiqadi. Uning atrofida tok urib o‘ladigan it, mushuklar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Axir shu atrofda farzandlarimiz o‘ynaydi. Yuragimizni hovuchlab yashaymiz”, — deydi shu hududda yashovchi fuqaro Oygul Xondorova.

Kam ta’minlangan oilaning yashashi uchun ajratilgan ikki sotixli yer maydoniga poydevor qurib berish mas’uliyatini zimmasiga olgan “Bahrom-Olim mangu” qurilish tashkiloti rahbari Obloqul Bozorov 2019-yilning noyabr oyidan beri kunlar yog‘in-sochinli kelgani, kovlangan o‘radan zax suv chiqqani sabab haligacha yerni namsizlantirish imkoni bo‘lmaganini bildirdi.

“Bizning xatomiz bilan suv chiqdi. Faqatgina havoning sovuq va namligi, yog‘ingarchilikning ko‘pligi yetmagandek, zax suvlarining to‘xtamay chiqqani muammoni o‘z vaqtida bartaraf etishimizga to‘siq bo‘ldi. Aksiga olib, qo‘shnining devori ag‘darilib tushganidan juda hijolatdamiz. Zararimiz tegdi. Lekin suv so‘rilmasa, uni o‘sha paytning o‘zida ko‘msak, yana suv chiqish ehtimoli bor. Shuning uchun vaqt kerak bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shnilarga yetkazilgan barcha zararni qoplaymiz, tuzatib beramiz. Bu haqda mutasaddi rahbarlarga ham, tuman prokuraturasiga ham bildirganmiz”, — dedi Obloqul Bozorov.

Quruvchi tashkilot rahbarining ma’lum qilishicha, ushbu muammo 10 kun ichida bartaraf etiladi.

Quruvchi so‘zlarining isboti sifatida o‘sha kuni manzilga texnika vositalarini keltirdi. Kovlangan o‘ra atrofiga qum va shag‘al yotqizildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-04-2020, 23:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 87) ( 0) ( 86) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют