» » O‘zbekiston hukumati tomonidan 2019-yilda jalb qilingan qarz miqdori ma’lum qilindi

O‘zbekiston hukumati tomonidan 2019-yilda jalb qilingan qarz miqdori ma’lum qilindi


O‘zbekiston hukumati nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i 2019-yilda 17,6 milliard dollar yoki yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatan 30,5 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat qarzi holati va dinamikasi sharhida ma’lum qilingan.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, 2019-yil davomida davlat tashqi qarzi 5,7 milliard dollarga yoki yil boshiga nisbatan 57,8 foizga oshib, 2020-yil 1-yanvar holati bo‘yicha 15,6 milliard dollarga yoki YaIMga nisbatan 27,0 foizga yetgan.

Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz miqdori 10,7 milliard dollarni, hukumat kafolatlagan tashqi qarz miqdori esa 4,9 milliard dollarni tashkil qilgan.

Ma’lum qilinishicha, davlatning ichki qarzi 19,02 trillion so‘mni yoki 1,997 milliard dollarni yoki YaIMga nisbatan 3,5 foizni tashkil etgan. Bunda hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz 1,3 trillion so‘mga (131,5 million dollar), hukumat kafolatlagan ichki qarz 17,7 trillion so‘mga (1,865 milliard dollar) teng bo‘lgan.

Davlat qarzining so‘nggi yillardagi o‘sish dinamikasiga qaramay, xalqaro me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMga nisbatan 30,5 foizni, shu jumladan, davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan 27 foizni tashkil etib, mo‘tadil darajada saqlanib qolmoqda, deyiladi vazirlik sharhida.

O‘zbekiston hukumati nomidan jalb qilingan (10,7 milliard dollar) va uning kafolati ostida (4,9 milliard dollar) jalb qilingan tashqi qarzdorlik asosan ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish kabi ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Mazkur bitimlar doirasida moliyalashtiriladigan loyihalar Samarqand va Toshkent viloyatlari aholisining ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarini hal etishga, ta’lim va ijtimoiy muhofazani rivojlantirish, qishloq joylarida tadbirkorlikni rivojlantirish kabi loyihalarni o‘z ichiga oladi.

Mazkur qarzdorliklar Davlat budjeti hisobidan hamda qisman qarzdor korxonalarning mablag‘laridan qoplanadi.

O‘zbekiston Davlat tashqi qarzi portfeli valyuta tarkibining 67,1 foizi — AQSh dollari, 12,6 foizi — yapon iyenasi, 9,7 foizi — SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 6,6 foizi — yevro, 4 foizi — boshqa valyutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur qarz mablag‘larining asosiy qismi mamlakatdagi davlat korxonalari tomonidan yuqori rentabellik va eksportga yo‘naltirilgan investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb etilgan bo‘lib, kreditlarning katta qismi uzoq muddat (30 yilgacha) hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan, deyiladi sharhda.

2019-yilda davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish jami xarajatlari (davlat budjeti va davlat korxonalari mablag‘laridan) 759,3 million dollarni tashkil etgan. Shundan asosiy qarz to‘lovlari uchun 425,1 million dollar, foiz to‘lovlari uchun 334,3 million dollar yo‘naltirilgan.

Mazkur davrda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 249,2 million dollarni tashkil etdi. Shundan asosiy qarz to‘lovlari uchun 165,4 million dollar, foiz to‘lovlari uchun 83,8 million dollar ajratilgan.

Avvalroq O‘zbekiston pandemiya sharoitida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,6 milliard dollar qarz olish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Prezidentining 22-aprelda imzolangan qaroriga ko‘ra, pandemiya oqibatlarini kamaytirish uchun 2020-yilda 3,1 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-04-2020, 22:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 108) ( 0) ( 107) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют