» » “Vahima va mish-mish mutlaqo bexabarlik ortidan paydo bo‘ldi”. Qorako‘lliklar “toshqin”dan qochib to‘plangan qirdan reportaj

“Vahima va mish-mish mutlaqo bexabarlik ortidan paydo bo‘ldi”. Qorako‘lliklar “toshqin”dan qochib to‘plangan qirdan reportaj


Buxoro viloyatiga 27-aprel oqshomida Turkmanistondan kuchli shamol yopirildi. Ilgari kuzatilmagan bunday tabiiy ofatdan eng ko‘p qo‘shni mamlakat bilan chegarada joylashgan Olot va Qorako‘l tumanlari jabr ko‘rdi, xususan, elektr ta’minotida davomli uzilish yuzaga keldi. Bu esa hudud aholisining axborot masalasida tashqi dunyodan uzilib qolishiga, oqibatda asossiz ham vahimali mish-mishlar ta’sirida harakat qilishiga sabab bo‘ldi. Koronavirus karantini davrini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qorako‘l tumanida o‘tkazayotgan “Daryo” jurnalisti, taniqli bloger Feruz Muhammad ayni voqealar markazida bo‘ldi.

Feruz Muhammadning ta’kidlashicha, 27-aprel oqshomida yomg‘ir aralash kuchli shamol (“dovul”) yopirilgach, soat 20:17 da elektr ta’minoti uzilgan. “Agar hozir qayta ulanmagan bo‘lsa, kecha uzilganidan qir tomon yo‘lga chiqqunimizgacha ham elektr yo‘q edi. Elektr yo‘qligi sabab na mobil aloqa, na internet, na boshqasi ishladi”, — dedi u soat 19:00 da “Daryo” muharrirlari bilan suhbatda.

U 28-aprel kuni tushdan so‘ng mahalladoshlari bilan birga Qorako‘ldagi Zamonbobo qiriga chiqqan; bu yerga odamlar shaxsiy avtomobillarda, yuk mashinalarida va hatto traktor tirkamalarida guruh-guruh bo‘lib “oqib kelgan”. “Qirga kelganimizdagina telefon ishladi. Shunda ham hammada emas”, — dedi Feruz. Aytishicha, odamlar tepalikka toshqin haqidagi mish-mishlarga sabab kelgan.

Telefonda aloqa paydo bo‘lgach, Feruz ham viloyat, ham tuman favqulodda vaziyatlar idoralari bilan bog‘langan. “Unisi ham, bunisi ham toshqin haqidagi gap-so‘zlarni asossiz ma’lumot dedi. Tuman FVB vakili ‘biz hammayoqqa ma’lumot yuborganmiz’ dedi, lekin bu yerga odamlar aynan bexabarlikdan, toshqin haqidagi mish-mishga ishonib keldi va kelyapti”, — dedi u.

Feruz Muhammad 18:00 dan keyin mas’ullar paydo bo‘lgani, o‘zini hokimlik vakili deb tanishtirgan shaxs traktor ustiga chiqib, mish-mishlarni rad etganini, shundan so‘ng odamlar asta-sekin tarqala boshlaganini ta’kidladi. Qayd etish joiz, deyarli shu vaqtda viloyat hokimligi ham, respublika FVV ham toshqin va evakuatsiya haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi.

Qorako‘lda bo‘lib turgan (va karantin oxirigacha o‘sha yerda qoladigan) “Daryo” jurnalistining ta’kidlashicha, agar odamlar haqiqiy ahvoldan biroz bo‘lsa-da xabardor bo‘lganida, ular hech bo‘lmasa birlamchi axborot bilan ta’minlanganida edi, asossiz mish-mishlar ham tarqalmas, aholi vahimada uy-joyini tashlab yo‘lga chiqmas ham edi.

“Daryo” izohi: Ushbu material tayyor bo‘lgach, soat 20:00 da tahririyat Zamonbobo qiridan uyi tomon yo‘lga chiqqan Feruz Muhammad yana bir bor bog‘lanishga urindi. Lekin bu vaqtda uning telefoni yana tarmoqdan tashqarida edi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-04-2020, 20:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют