» » Qonunchilik palatasi deputatlari propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Qonunchilik palatasi deputatlari propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar O‘zbekistonda propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqdi va ma’qulladi. Bu haqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qonunchilik palatasida “‘Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida‘gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta‘kidlanishicha, qonun loyihasi mavjud muammo va kamchiliklarni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tartibga solinadigan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, “doimiy propiska” so‘zlari “yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” so‘zlariga almashtirilmoqda. “Bu bejiz emas. Chunki hozirgi vaqtda rivojlangan davlatlarda aholi ichki migratsiyasida poytaxt va uning atrofidagi hududlarga nisbatan alohida talab va qoidalar hamda propiska instituti mavjud emas”, — deyiladi palata xabarida.

Bundan tashqari, aholining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati berilmoqda.

Ayni paytning o‘zida er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo‘qotishiga doir qoidalar bekor qilinyapti. Qolaversa, er-xotinga ular nikohdan o‘tgan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi berilmoqda.

Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo‘lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma’lumotnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila a’zolari doimiy ro‘yxatga turish bo‘yicha yangi band kiritilmoqda.

Qayd etilishicha, shu va boshqa muhim jihatlarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2020-yil 1-apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi talab qilinmaydi.

Mavzuga doir: Sherzod Shermatov propiska islohotiga qadar 6 mingdan ortiq pedagog yillar davomida qiynalib kelganini aytdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-04-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 93) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют